21:57 / 16.03.2022
65021
Havo sovishi kutilyapti. Ekinlarni asrash bo‘yicha mutaxassislardan tavsiyalar

17–20 mart kunlari O‘zbekiston hududida sovuq havo oqimi kirib kelishi uyg‘onayotgan ekinlarga zarar yetkazishi mumkin. Ayniqsa, yong‘oq, do‘lana, o‘rik, olcha kabi mevali daraxtlar gulini sovuq urish ehtimoli bor. Kun.uz ekinlarni sovuqdan asrash bo‘yicha mutaxassislar tavsiyasini taqdim etadi.

2021 yilda bahorgi qisqa sovuq davrida mevali daraxtlarni sovuq urib, o‘rik, olcha kabi daraxtlarning hosili kamaygandi. Gidrometeorologiya xizmati markazi ma’lumotiga ko‘ra, bu yil ham 17-20 mart kunlari O‘zbekistonda keskin sovuq bo‘lib, 18 martda ayrim hududlarda qor yog‘ishi kutilyapti. Harorat respublikaning aksar hududlarida – 1-2 daraja, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda esa – 2-10 darajagacha sovishi mumkin. Bu sovuq ekin-tekinga qanday ta’sir qiladi, bog‘bon, dehqon va uyida tomorqa qilgan aholi ekinini sovuqdan qanday himoyalashi mumkin?

Qanday haroratda daraxtlar gulini sovuq uradi?

Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi Zafar Ortiqovning ma’lumot berishicha, olxo‘ri, shaftoli va nok gullari sovuqqa birmuncha chidamli bo‘ladi.

Meva daraxtlarining gullarini – 2-3 daraja haroratda 5 soat sovuqda qolsa, xitoy xurmosi, yong‘oq, do‘lana daraxtlarini to‘liq sovuq uradi. O‘rik, tog‘olcha, behining 94-96 foizi, olcha, olmaning 89-90 foizi, olxo‘rining 77 foizi, shaftolining 70 foizi, nokning 65 foizini sovuq urishi mumkin.

Nok, olxo‘ri, olma va yong‘oq gullari qisqa muddatli – 2,2-2,8 C, o‘rik – 4 S, shaftoli, bodom – 4,5 S haroratga bardosh beradi.

“Lekin, – deydi u, – respublikaning shimoliy hududlarida mevali bog‘lar markaziy hududlarga nisbatan 15-20 kun kech uyg‘onadi, ya’ni daraxtlarda kurtak, g‘uncha, gul va tugunchalar kech shakllanadi. Ya’ni sovuqning shimoliy hududlardagi mevali bog‘larga hech qanday salbiy ta’siri bo‘lmaydi”.

G‘alla va paxta ekinlariga sovuqning ta’siri

Vazirlik mutaxassisiga ko‘ra, bu yil respublika hududlarida bug‘doyning kuz va qish oylarida tuplash fazasida 17-21 darajagacha sovuqqa chidamli navlari ekilgan.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmning shimoliy hududlarida bugungi kunda kuzgi bug‘doy tuplash fazasida rivojlanayotganligi sababli ushbu sovuq harorat hech qanday salbiy ta’sirini ko‘rsatmaydi.

“Lekin kuzgi bug‘doy tinim davridan keyin erta bahorda uyg‘onish davrida harorat +5 S bo‘lganda jadal rivojlanib, tuplash fazasi davom etadi. Ushbu davrda kutilmagan qisqa muddatli – 5-6 S havo harorati bug‘doy maysalarini 5-8 kungacha o‘sishini susaytirib, rivojdan orqada qolishi mumkin”, – dedi Zafar Ortiqboyev.

Mutaxassis sovuqni paxta ekiniga ta’siri masalasiga ham to‘xtaldi. Unga ko‘ra, mart oyining birinchi 15 kunligida kuzatilgan surunkali yog‘ingarchiliklar chigit ekiladigan maydonlarda erta bahorgi agrotexnik tadbirlar va chigit ekish ishlarini vaqtliroq bajarishni bir muncha kechiktirmoqda. Respublika hududlarida chigit ekishga hali kirishilmaganligi sababli kirib kelayotgan sovuq havo oqimining salbiy ta’siri kuzatilmaydi.

Gullagan daraxtlarni qanday himoyalash kerak?

Xudoybergan Allaberganov, USAID’ning agrobiznesni rivojlantirish loyihasi mutaxassisi:

— Covuq boshlaganda yoki sovuq kelishi gumon qilinsa, bog‘ ichiga somon xashak yaproqlarni to‘plab, ustiga suv sepib namlab, shamol uradigan tarafga to‘g‘rilab yoqiladi, ya’ni tutun bog‘ga yo‘naltiriladi va ertalabgacha dud beriladi. Bu orada bog‘, tokzor sug‘orib turiladi. Xorazmda bu usulni «somon bug‘» deb atashadi.

Italiyada uzumzorni sovuqdan saqlash uchun tokzorlar orasiga, har 10 metrga paqirlarda yonilg‘i quyib yoqiladi. Natijada yonilg‘i tutab turadi. Ammo O‘zbekiston sharoitida bu usul qanchalik natija berishi haqida ma’lumot yo‘q.

Zafar Ortiqov, Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi:

— Mevali bog‘larni bog‘-tokzorlarning qator oralaridan sug‘orish ariqlari olinib, iloji boricha kam miqdorda suv oqiziladi, qator oralariga go‘ng aralash xashak, poxol, shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ular tutatiladi. Buning uchun bog‘ va tokzorlarga bir tekisda eni 1,25-1,5 metr, balandligi 0,5-0,75 metrdan to‘p-to‘p qilib uyum qo‘yiladi.

Daraxtlarning yoshi va qalin-siyrakligiga qarab har bir gektarda 100-200ta uyum hosil qilish kerak. Tutun bog‘ ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlar bog‘ning shamol esadigan tomoniga qo‘yiladi, havo harorati kuzatib boriladi.

Havo ochiq bo‘lib, harorat +1 S ga tushishi bilan uyumlar tutatiladi. Bunda uyumlarning alangalanmay, tutab yonishiga alohida ahamiyat berish lozim. Sovuq takrorlanishini hisobga olib, uyumlar oralatib tutatiladi. Agar sovuq bo‘lmasa, uyumlar o‘g‘it sifatida foydalaniladi.

Erkin Usmonjo‘jayev, USAID’ning agrobiznesni rivojlantirish loyihasi bog‘dorchilik bo‘yicha yetakchi mutaxassisi:

— Sovuq kelishidan bir necha kun avval qator orasini chizellab, tuproq qizishini ta’minlash kerak. Sug‘orishni bir necha kun avval qilish kerak bo‘ladi, chunki nam yerning issiqlik qabul qilish qobiliyati yuqoriroq bo‘ladi. Sovuq bo‘layotgan kun yana suv quyiladi. Shunda bog‘dagi harorat 0 darajadan pasayib ketmaydi.

Bundan tashqari, chet eldagi bog‘larda daraxt ustidan yomg‘irlatib suv sepish usulini ham qo‘llashadi.

Bog‘dagi daraxtlar tagiga organik o‘g‘itlarni kuz oylarida ko‘mish, qishda ularning parchalanishi natijasida ham ma’lum miqdorda issiqlik va daraxt uchun qo‘shimcha ozuqa sifatida sovuqqa qarshi malham bo‘ladi.

Sovuq bo‘lishidan avval va sovuq o‘tgandan so‘ng sovuqdan yuzaga kelgan stresslarni yumshatish uchun aminokislotali o‘g‘itlarni ham ustidan, ham tagidan berish yaxshi natija ko‘rsatadi.

Kuzda bog‘ni kaliyli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish daraxtlarni sovuqqa chidamliligini oshiradi. Bog‘ingiz kichik bo‘lsa, imkon qadar har bir daraxt ustiga polietilen plyonkani parashyut ko‘rinishida yopib, tagiga 1 dona sham yoqib qo‘yish mumkin.

Gullashga yaqin gilos kurtaklari shaftoli kurtaklaridan ko‘ra sovuqqa chidamsizroq hisoblanadi. Gilosning 10 foiz gullarini zararlashi mumkin bo‘lgan harorat shaftoli va o‘rikda gilosga nisbatan kamroq gullarni zararlaydi. Gullashga yaqin gilos kurtaklari sovuqqa chidamsiz bo‘lib boradi.

G‘allani sovuqdan asrash uchun tavsiyalar

Zafar Ortiqov, Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi:

— Sovuq tushgan hududlarda birinchi navbatda g‘alla maydonlariga mahalliy o‘g‘it chiqarish va sharbat usulida sug‘orish ishlarini tashkil etish, g‘alla maydonlarida azotli mineral o‘g‘itlar bilan qo‘shimcha me’yorda oziqlantirish tavsiya etiladi.

Shuningdek, makro va mikro elementlar bilan boyitilgan biostimulyatorlar bilan barg orqali suspenziya usulida oziqlantirish ishlarini yo‘lga qo‘yish yaxshi samara beradi.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

Mavzuga oid
Top