09:04 / 16.03.2022
52934

Xodimni pensiya yoshiga yetgani sababli ishdan bo‘shatish taqiqlanmoqda

Foto: mahalladosh.uz

Prezident “Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab- quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining xodimning pensiya yoshiga to‘lgani munosabati bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish tartibini taqiqlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda xodimning pensiya yoshiga to‘lgani munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni taqiqlash bo‘yicha qonuni loyihasini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi unga yuklatilgan asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqib, mahallalarda nuroniy va keksalar bilan ishlarni takomillashtirish yo‘nalishida quyidagi tadbirlarni amalga oshiradi:

  • mahallalarda “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyilini qaror toptirishda tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan ijtimoiy faol nuroniylarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash;
  • vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, korxona va tashkilotlardagi “Faxriylar kengashlari”, fuqarolar yig‘inlaridagi “Keksalar maslahati” guruhlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • mehnat faxriylarining mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishdagi ishtirokini kengaytirish;
  • “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” shiori ostida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan keksalar va nuroniylar holidan doimiy xabar olish tizimini tashkil qilish hamda ijtimoiy himoya dasturlari doirasida davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash;
  • keksalar va faxriylarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida “Nuroniylar maskani” majmualarida va mahallalarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish;
  • fuqarolar yig‘inlari raislarining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchilari va mahallalardagi boshqa jamoatchilik tuzilmalarining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash.
Top