Rossiya prezidenti Vladimir Putin regionlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. U yig‘ilishda jumladan, mamlakatga qarshi kiritilgan sanksiyalar, Ukraina va Donbass borasida fikr bildirdi.
AQSh dollari haqida
Putin Amerika dollari asosiy zaxira valutasi degan ishonchga jiddiy zarba berilganini aytdi.
"Global iqtisodiyot va savdoga hamda Amerika dollari asosiy zaxira valutasi degan ishonchga jiddiy zarba berildi", - dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "global inflatsiya spiralini G‘arbning o‘zi boshlab berdi".
Ukraina haqida
Ukraina hech qachon Rossiyaga tahdid uchun platsdarm bo‘lmaydi, dedi Rossiya prezidenti.
"Biz Rossiya, xalqimiz xavfsizligini ishonchli ta’minlaymiz va Ukraina mamlakatimizga qarshi tajovuzkor harakatlar uchun platsdarm bo‘lib xizmat qilishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz", - dedi u.
Putin shuningdek, Rossiya muzokaralar davomida Ukrainaning neytral maqomi, uni demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish masalasini muhokama qilishga tayyorligini bildirdi.
G‘arb sanksiyalari haqida
Rossiya prezidentining fikricha, G‘arbning sanksiyalar kiritishdan maqsadi millionlab insonlar hayotini yomonlashtirishdir.
"Bunday qadamlar millionlab insonlar hayotini yomonlashtirishga qaratilgan, ularda tajovuz, iqtisodiy, siyosiy, axborot urushining barcha alomatlari mavjud", - dedi u.
Donbass haqida
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev hukumatiga Donbassdan qo‘shinlarini olib chiqib ketish taklif qilingan, lekin ular rozi bo‘lmagan.
"Donbassdagi operatsiya boshida ma’nosiz qon to‘kilishining oldini olish maqsadida Kiyev hukumatiga turli kanallar orqali jangovar harakatlarga kirmaslik, shunchaki Donbassdan qo‘shinlarini olib chiqib ketish taklif qilingandi. Bunday qilishni xohlashmadi, nima ham derdik, bu ularning qarori", - dedi Rossiya prezidenti.