13:50 / 16.03.2022
14950

Samarqandda oltinfurushlar qo‘lga olindi

Foto: IIB axborot xizmati

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan 2022 yil 14 mart kuni tezkor tadbir o‘tkazilgan va unda bir guruh shaxslarning tarkibida oltin bo‘lgan rudalarni noqonuniy tarzda qayta ishlash holatiga chek qo‘yilgan.

Tadbir davomida, Paxtachi tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan S.G‘., 1992 yilda tug‘ilgan T.A. va 1997 yilda tug‘ilgan “R.F.ning yashash xonadonlarida tarkibida sof oltin moddasi bo‘lgan 3,8 tonna ruda toshlar hamda 3 ta tosh tegirmoni, 2 ta oltin rudasini tozalashga mo‘ljallangan yuvish uskunasi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, ruda toshlarni qayta ishlashda elektr tarmoqlaridan noqonuniy foydalanib, 239 million so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rejalashtirilib, surishtiruv olib borilmoqda.

Avvalroq Navoiyda tarkibida oltin bo‘lgan rudani noqonuniy qazib olish jarayonida qum bosib qolgan 5 kishi halok bo‘lgandi.

Top