14:57 / 16.03.2022
29200
Ukraina urush boshlanganidan buyon to‘rtinchi rossiyalik general halok bo‘lganini ma’lum qildi
Foto: Maxar Technologies / EPA / Scanpix / LETA

Ukrainadagi harbiy harakatlar hududida 15 mart kuni yana bir rossiyalik general halok bo‘lgan. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy navbatdagi videomurojaatida xabar qildi, u halok bo‘lgan harbiyning nomini keltirmagan.

15 mart kuni Ukrainadagi ijtimoiy tarmoqlarda general-mayor pogonidagi harbiy jasadi suratlari tarqaldi.

Shu kuni kechqurun Ukrainadagi manbalar bu — general-mayor Oleg Mityayev bo‘lganini xabar qilishdi. RF mudofaa vazirligi ham, Ukrainadagi rasmiy manbalar ham bu ma’lumotni tasdiqlashmagan.

Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash va axborot xavfsizligi markazining Rossiya qurolli kuchlari qo‘mondonlik shtabining yo‘qotishlari haqidagi hisobotida Mityayev nomi tilga olinmagan - ro‘yxatda to‘rt general, uch polkovnik va uch podpolkovnik nomlari keltirilgan. Jumladan ro‘yxatda general-mayor Magomed Tushayevni ko‘rish mumkin. Checheniston hukumati Tushayevning halok bo‘lganini rad etgan. «Chechnya Segodnya» nashri 13 mart kuni Tushayevning videomurojaatini e’lon qilgan.

Oleg Mityayev 2016 yilda Tojikistonda joylashgan 201-harbiy baza qo‘mondoni etib tayinlangan, keyin RF qurolli kuchlarining Suriyadagi guruhi qo‘mondoni o‘rinbosari bo‘lgan.

Avvalroq Ukrainada Sharqiy harbiy okrugning 29-qo‘shma qurolli kuchlari qo‘mondoni general-mayor Andrey Kolesnikov hamda Markaziy harbiy okrugning 41-qo‘shma qurolli kuchlarining ikki general-mayori — Andrey Suxovetskiy va Vitaliy Gerasimov halok bo‘lgani xabar qilingandi.

Dushman tomonlarning urushdagi yo‘qotishlari ikki tomon talqinida

Rossiya mudofaa vazirligi:

  • Samolyotlar — 111;
  • Vertolyotlar — 68;
  • Dronlar — 160;
  • Tanklar va boshqa zirhli mashinalar — 1353;
  • Baravar o‘t ochish tizimlari — 129;
  • Dala artilleriyasi va minomyotlar — 493;
  • Zenit raketa komplekslari — 159.

Ukraina Bosh shtabi:

  • Samolyotlar — 84;
  • Vertolyotlar — 108;
  • Tanklar — 430;
  • Zirhli mashinalar — 1375;
  • Baravar o‘t ochish tizimlari — 70;
  • Artilleriya tizimlari — 190;
  • Havo hujumidan mudofaa tizimlari — 43;
  • Shaxsiy tarkibdagi yo‘qotishlar — 13 800 kishi atrofida.
Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top