17:21 / 17.03.2022
19750
«Biror hokim ayalmaydi» - Zoir Mirzayev yer sotishga qarshi kurash va imzosini soxtalashtirishgani haqida

 Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev 12-13 fevral kunlari Bo‘stonliq tumanining tog‘li Pskom qishlog‘ida bo‘lib, aholi muammolarini o‘rganishga qaratilgan muloqotlar o‘tkazdi. 

Tadbirlar yakunida u shuningdek, Kun.uz muxbiriga ko‘p yillik rahbarlik faoliyati bo‘yicha ham intervyu berdi. 

Zoir Mirzayev bilan bo‘lgan intervyuning birinchi qismi avvalroq e’lon qilingandi. Quyida uning ikkinchi qismi matni bilan tanishishingiz mumkin. 

—  Hozir men aytadigan holatni birdaniga inkor qilarsiz, lekin jamoatchilikda bu borada turli gumon va savollar bor ekanki, biz bu masalani amaldorlar oldida ko‘taraveramiz.  

So‘nggi vaqtlarda qator hokimlarning chiqargan ko‘plab noqonuniy qarorlari, topshiriqlari rasman e’lon qilinmoqda. Ammo ulardan birortasi bu qarorlari uchun jazolanmadi. Bundan tashqari, ayrim hokimlarning atrofida manfaatlar to‘qnashuvi, korrupsiyaviy holatlarni ham eshitib qolamiz. Xo‘sh, hokimlarni jazolamaslik bo‘yicha qandaydir moratoriy amaldami?

— Men hech qanday moratoriy haqida eshitmaganman. Qing‘ir ishning qiyig‘i 40 yilda ham chiqadi, deyishadi. Shunday ekan, hokimlar noto‘g‘ri narsaga qo‘l qo‘ygan yoki shu ishning boshida turgan bo‘lsa, albatta javobini beradi.

Yer sotish holatlarini ko‘ring. Bir fuqaro ikkinchisiga yoki bir hokim o‘rinbosari ikkinchi fuqaroga yer sotishga harakat qilyapti.

Agar bu kabi ishlarda bevosita hokimning qo‘li bo‘lsa, huquq tartibot idoralari qarab turmaydi. Qonunda aybsizlik prezumpsiyasi degan tushuncha ham bor.

Bizda hozir  korrupsiyaga qarshi qattiq kurash ketyapti. Bunda birorta hokim ayalmaydi, men bunga kafilman. Masalan, men Toshkent viloyatidagi tuman hokimlari yoki o‘rinbosarlarimga aytdim, bo‘ldi endi, yig‘ishtiraylik. Lekin baribir miyasidagi fikrini hali to‘g‘rilab ulgurmagan insonlar viloyat sha’niga dog‘ tushirmoqda. Lekin endi ular yer sotolmaydi, chunki hujjat qilib bo‘lmaydi-da.

Yerni sotdi ham deylik, lekin uning qarori uchun ertaga kimga borasan? Hokimdan vakolat ketgan bo‘lsa, viloyat hokimi qo‘l qo‘yolmasa. Faqat kadastr hal qiladi-ku endi.

Siz yaxshi mavzuni ko‘tardingiz, men shu o‘rinda hammadan, fuqarolarimizdan iltimos qilaman, yer olmoqchimisiz, marhamat, keling, bizdagi qaror bilan sizga berilgan qarorni solishtirib ko‘ring. Ko‘pchilik holatda tadbirkor qo‘lidagi o‘sha qarorga bizdagi qaror to‘g‘ri kelmayapti. Bular soxtalashtirilgan. Mening imzomni soxtalashtirgan fuqaroni ham javobgarlikka tortdik. Qanchagina vaqt o‘tdi mening kelganimga.

Bu sohada shakllangan qandaydir maktab borga o‘xshaydi. Bu maktabning negizini esa yo‘qotish kerak.

— Sizning futbolga bo‘lgan qiziqishingiz yuqoriligini bilaman. O‘zbek futboli haqida gap ketganda esa, undagi eng katta illatlardan biri – kelishilgan o‘yinlar ham haqida ham gapiriladi. Xo‘sh, viloyat hokimi sifatida viloyat jamoalarida ana shunday holatlarga shaxsan duch kelganmisiz?

— Bo‘lgan, bo‘lgandayam juda ko‘p bo‘lgan. Masalan, «Dinamo»da bu holatga ko‘p duch kelganman. Bu jamoada vaziyat izdan chiqqan darajada edi. O‘zimiz guvoh bo‘lganmiz. Muxlislar ham kelib, qaysi o‘yin kelishilganini vaziyatlarni ko‘rsatib, aytishgan.

— Adashmasam, siz Samarqandda hokimlik paytingizda «Dinamo»da Tachmurad Agamurodov va Viktor Jalilov murabbiy sifatida ko‘proq ishlagandi.

— Ha, o‘sha paytlar edi. Shunday. Ikkalasi bilan ham ziddiyatli vaziyatlar bo‘lgan. Biz ikki murabbiy bilan ham qattiq kelishmovchilik bilan ishlaganmiz. Shunday paytlar bo‘ldiki, muxlislar bir taraf, jamoa bir taraf bo‘lgan paytlar ham bo‘ldi. Lekin aksar hollarda muxlislar talabi va shubhalari asosli bo‘lib chiqardi.

— O‘sha murabbiylarga qanday chora ko‘rilgan.

— Xayrlashganmiz. Mablag‘larni joyiga qo‘ydirgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Boshqa murabbiy olib kelganmiz. Biz o‘shanda mahalliy o‘yinchilarsiz klub o‘smasligi, biror natijaga erishib bo‘lmasligini ham tushunib yetganmiz.

Murabbiyning yonida bir-ikki yilga keladigan o‘yinchi jamoaga hech narsa bermaydi. Jamoalar unga jon kuydirib o‘ynaydigan o‘yinchilar bo‘lgandagina o‘sadi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid
Top