17:18 / 17.03.2022
40744

«Buyog‘iga qanday yashashimni bilmayman» - milliarder Fridman sanksiyalar tufayli pulsiz qolgani va Putinga ta’sir qila olmasligi haqida gapirdi

«Alfa-bank» asoschisi Mixail Fridman Bloomberg nashriga intervyu berib, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va sanksiyalar haqidagi fikrlarini aytib o‘tdi.

Foto: Yuriy Chichkova / Forbes

Fridman naqd pulsiz qolgani, hatto farroshga to‘lov qilish imkoniyati yo‘qligi tufayli uyni o‘zi tozalayotgani, o‘ziga qo‘llangan sanksiyalar tufayli pullaridan foydalana olmayotgani va Londondan keta olmayotgani haqida gapirdi.

Ukrainaga hujum haqida

«Men avvaldan Ukraina qattiq qarshilik ko‘rsatishini bilardim», deydi asli Lvovdan bo‘lgan Fridman. U Putin keng ko‘lamli hujum boshlashi mumkinligiga ishonmaganini aytadi.
 
25 fevral kuni, «harbiy amaliyot» ertasiga Fridman Londondagi LetterOne investholdingi xodimlariga yo‘llagan maktubida ro‘y berayotgan hodisalarni «fojia» deb atagan va qon to‘kilishi to‘xtatilishi tarafdori ekanini aytgan, ammo shaxsan Putinning o‘zini qoralamagan.
 
Shunga qaramay, uning so‘zlariga ko‘ra, endi u uchun Rossiyaga qaytish xavfli bo‘lib qolgan.

Sanksiyalar haqida
 
«Men shokda edim. Men shunchaki nima deyayotganini anglamasdim», deya eslaydi Fridman advokatining endi u sanksiyalar ostida ekani haqidagi so‘zlariga reaksiyasini eslab, bu sanksiyalar uning erkin harakatlanishi cheklanishi va hisoblari muzlatilishini anglatardi.

Fridmanning ishontirishicha, Yevropa Rossiyadagi hokimiyat qanday tuzilgani haqida tasavvurga ega emas, aks holda ular oligarxlar va biznesmenlarga bunday sanksiyalar qo‘llamas edi.
 
«Agar Yevroittifoq men Putinning oldiga borib, unga urushni to‘xtatishini aytsam, u menga quloq soladi deb o‘ylayotgan bo‘lsa, qo‘rqamanki, hammasi yomon. Bu shuni bildiradiki, bunday qaror qabul qilayotganlar Rossiya haqida hech narsa bilishmaydi. Bu esa xavfli», deydi u.

U milliarderlar Putinga ta’sir ko‘rsata olmasligini ta’kidlagan. 

Fridman G‘arb bilan aloqalari, G‘arbdagi turli kompaniyalar yoki masalan Alfa Fellowship xalqaro dasturi uni sanksiyalardan himoya qiladi deb o‘ylagani haqida gapirgan.

«Biz chin dildan G‘arbning do‘stlarimiz va jazolanishimiz mumkin emas deb ishongangandik», deydi biznesmen.

Putin va siyosat haqida

Fridmanning so‘zlariga ko‘ra, u hech qachon Putin bilan yakkama-yakka ko‘rishmagan, faqat boshqa biznesmenlar bilan birga uning qabulida bo‘lgan. Putin bilan kimningdir o‘rtasidagi masofani u «yerdan oygacha» deb qiyoslagan. «Putinga urushga qarshi nimadir deyish, o‘zini o‘ldirish bilan barobar», degan u.
 
Fridmanning so‘zlariga ko‘ra, u hamisha siyosatdan yiroq yurishga harakat qilgan, hozirda esa o‘z do‘sti Boris Nemsov bilan biznesiga zarar yetmasligi uchun kamroq muloqotda bo‘lgani uchun afsusdaligini aytgan, 2012 yilda Vladimir Ashurkovdan muxolifatchi Aleksey Navalniy bilan yaqin aloqada bo‘lgani uchun «Alfa-grupp»ni tark etishni so‘raganini ham afsus bilan eslagan.

Hayot tarzi haqida

Endi biznesmen xarajatlari uchun Britaniya hukumatidan ruxsat so‘rashi kerak, hukumat lozim topsa — ruxsat beradi. Bir oy uchun beriladigan pul 2500 funtni tashkil etadi. 

«Uyni o‘zim tozalashimga to‘g‘ri keladimi? Hech qisi yo‘q, men talabaligimda yotoqxonada kichik xonada besh kishi bo‘lib yashaganmiz, ammo 35 yil o‘tib bu kutilmagan ish», — degan Fridman.

«Ammo mening qiyinchiliklarimni ukrainaliklarning muammolari bilan taqqoslab bo‘lmaydi», deya qo‘shimcha qilgan milliarder.

Unda Isroil fuqaroligi bor, ammo u o‘sha yerga ketishi mumkinligi haqidagi savolga javoban u yerda uyi yo‘qligi, qolaversa pullaridan foydalana olmasligini aytgan. «Men bu yerda asirlikdaman», degan u.

Fridmanning so‘zlariga ko‘ra, unda yaxta ham, samolyot ham yo‘q, faqat Londonda va Moskvada uyi bor, ota-onasining Latviyada kvartirasi bor. Uning ota-onasining Lvovdagi kvartirasida esa ayni vaqtda 15 nafar qochqin yashamoqda.

«Buyog‘iga qanday yashashimni shunchaki bilmayman», deya so‘zlarini yakunlagan biznesmen.

  • Ukraina hududida tug‘ilgan, Rossiyada biznes qurib, rivojlantirgan Fridman 2021 yilda Forbes jurnali tomonidan Rossiya milliarderlari ro‘yxatida 11-o‘ringa qo‘yilgan - uning boyligi 15,5 mlrd dollarga baholangan.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top