11:45 / 17.03.2022
7315
Fevral oyida uy-joy narxi qimmatlashgan hududlar ma’lum qilindi

O‘tgan oy davomida hududlar kesimida uy-joy narxining eng yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo (10,1 foiz) va Surxondaryo (6,4 foiz) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (4,5 foiz) qayd etilgan.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, 2022 yil fevral oyida respublika bo‘yicha 22 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari rasmiylashtirilgan. Bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 8,7 foizga ko‘p. 2020 yilning fevral oyi bilan taqqoslaganda esa o‘sish sur’ati 30 foizni tashkil etgan.

Hududlar kesimida fevral oyidagi eng yuqori o‘sish sur’atlari Buxoro (50,8 foiz), Namangan (37 foiz), Farg‘ona (30,9 foiz) va Xorazm (29,6 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.

Ko‘chmas mulk bozorida bitimlar sonining kamayishi Toshkent (13,4 foiz), Navoiy (6,4 foiz) va Andijon (1,9 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

Mutaxassislarning fikricha, 2020 yildagi koronavirus inqirozidan so‘ng O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat 2021 yilda to‘liq tiklangan.

Fevral oyida ikkilamchi bozorda uy-joy narxlari o‘rtacha 1,7 foizga oshgan (yanvar oyidagi o‘sish – 1,4 foiz).

Hududlar kesimida uy-joy narxining eng yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo (10,1 foiz) va Surxondaryo (6,4 foiz) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (4,5 foiz) kuzatilgan.

Samarqand (2,3 foiz), Andijon (2,1 foiz) va Namangan (1,3 foiz) viloyatlarida uy-joy narxining pasayishi qayd etilgan.

Shuningdek, Toshkent shahrida ham yanvar oyiga nisbatan ikkilamchi bozorda o‘rtacha uy-joy narxlari 1,6 foizga oshgan. Tumanlar kesimida eng yuqori o‘sish Uchtepa (4,2 foiz), Yakkasaroy (3,4 foiz) va Yashnobod (2,9 foiz) tumanlarida kuzatilgan.

Poytaxtning Shayxontohur (2,1 foiz) va Bektemir (1,9 foiz) tumanlarida esa narxlarning pasayishi qayd etilgan.

Top