07:55 / 17.03.2022
9168
Ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish bo‘yicha qoidalar va talablar tasdiqlandi
Foto: Kun.uz

Ichki ishlar vaziri tomonidan «Ichki ishlar organlarida xizmatga nomzodlarni tanlab olish tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida»gi buyruq imzolandi.

Hujjat prezidentning «Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq qabul qilindi.

Yo‘riqnomaga ko‘ra, nomzodlar xizmatga ixtiyoriy tartibda, mavjud bo‘sh lavozimlardan kelib chiqqan holda ichki ishlar organlari tomonidan tanlov asosida qabul qilinadi. Tanlovda ishtirok etadigan nomzodlarning soni cheklanmagan. So‘nggi besh yil ichida respublika miqyosidagi sport musobaqasining g‘olibi bo‘lgan yoki xalqaro miqyosdagi sport musobaqasining 1-3-o‘rinlaridan birini egallagan sportchilar, istisno tariqasida, xizmatga faqatgina yakuniy suhbat asosida qabul qilinadi.

Xizmatga kirish istagini bildirgan nomzodlar doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidagi ichki ishlar organiga tegishli ariza bilan unga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat etadi:

  • nomzod va uning yaqin qarindoshlarining (ota-ona, er-xotin, farzandlar, aka-ukalar, opa-singillar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari) biometrik pasportlari yoki ID-kartalari (nusxasi olinib, asli qaytariladi);
  • o‘qish va ish joyidan tavsifnoma;
  • nomzod tomonidan qo‘lda yoki kompyuterda yozilgan tarjimayi hol;
  • anketa-ma’lumotnoma;
  • harbiy guvohnoma (nusxasi olinib, asli qaytariladi);
  • belgilangan namunadagi sog‘lig‘ining holati haqida ma’lumotnoma.

Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish uchun tarkibiy tuzilmalari boshliqlari buyrug‘i bilan a’zolari soni toq sondan iborat bo‘lgan Tanlov tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish komissiyalari tuziladi. Tanlovlar shaffof va oshkora tarzda o‘tkazilishini ta’minlash hamda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida qabul komissiyasi faoliyatida ishtirok etish uchun ixtiyoriylik asosida jamoatchilik vakillari taklif etilishi mumkin.

Tanlov tadbirlari quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

  • dastlabki o‘rganish (nizom hamda yo‘riqnomada belgilangan talablarga mos kelishni tekshirish);
  • jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
  • intellektual rivojlanganlik darajasi va psixoemotsional barqarorlikni baholash;
  • yakuniy suhbat.
Top