09:36 / 18.03.2022
6558

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida temiryo‘l qatnovi qachondan tiklanishi ma’lum qilindi

O‘zbekiston va Qozog‘iston temiryo‘l qatnovi qachondan tiklanishini ma’lum qildi. Birinchi reys 1 aprel kuni Nukus – Beyneu – Nukus yo‘nalishida amalga oshiriladi.

Foto: Kun.uz

«O‘zbekiston temir yo‘llari» xabariga ko‘ra, 2020 yil mart oyida koronavirus pandemiyasi tufayli qariyb butun dunyo mamlakatlarida xalqaro yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezd qatnovi to‘xtatildi. Ikki yillik cheklovlardan so‘ng, qator davlatlar tomonidan yo‘lovchi poyezd yo‘lovchilari uchun chegaralarni bosqichma-bosqich ochish borasida sa’y-harakatlar amalga oshirila boshlandi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati va «Qazaqstan temir joly» MK» AJ bilan kelishilgan holda joriy yilda Qozog‘istonga birinchi yo‘lovchi poyezd harakati tashkil etadi. 2022 yil 1 apreldan boshlab Nukus – Beyneu – Nukus yo‘nalishidagi 647/648-sonli poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu poyezd Nukus vokzalidan haftaning har seshanba, juma va yakshanba kunlari va «Beyneu» stansiyasidan har dushanba, chorshanba va shanba kunlari jo‘natiladi.

Boshqa qo‘shni davlatlar bilan temiryo‘l yo‘nalishlarining qayta tiklanishi tomonlarning kelishuviga asosan bosqichma-bosqich ochilishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.

Bundan oldin O‘zbekiston va Qozog‘iston birinchi texnik davlatlararo avtobus qatnovini amalga oshirgandi.

Top