11:52 / 18.03.2022
1852
O‘zbekistonda tez yordam kechikib kelishi bo‘yicha 50 mingdan ortiq shikoyat kelib tushgan 

Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash, ularni aholiga yanada yaqinlashtirish uchun alohida dastur qabul qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

“Inson hayotini saqlab qolishda tezkor, aniq va o‘ta malakali harakatlar talab qilinadigan soha, bu – albatta tez tibbiy yordam tizimidir. Misol uchun, o‘tkir yurak infarkti yoki insultda dastlabki 1 soatda ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam ham inson hayotini saqlab qolishga, ham kelgusidagi og‘ir asoratlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Lekin, bu sohada ham ko‘plab muammolar borligini mingdan ziyod murojaatlar ko‘rsatmoqda. Birgina misol. Kasbi “Tez yordam” bo‘limi haydovchisi Yusupov, G‘ozg‘on bo‘limi feldsheri Nabiyev tez tibbiy yordam mashinalari eskirib, xizmat sifatiga salbiy ta’sir qilayotganini, joylarda reanimatsiya mashinalari yetishmasligini bildirgan. 

Umuman, 200 dan ortiq tez tibbiy yordam stansiyalaridagi 3 mingga yaqin mashinalarning 75 foizi “Damas” avtomobillari bo‘lib, ularning 670 tasi eskirgan yoki ta’mirtalab ahvolda. Yoki, bugungi kunda bir tuman yoki viloyatdagi tez tibbiy yordam xizmati, masofasi yaqin bo‘lsa ham, boshqa hudud aholisiga xizmat ko‘rsatishi mumkin emas.

Misol uchun, Buxoro tumani Sohibkor mahallasiga xizmat ko‘rsatuvchi tez yordam punkti 19 kilometr uzoqlikda joylashgan va yetib borish vaqti kamida 25 daqiqani tashkil etadi. Vaholanki, 8 kilometrda joylashgan Vobkent tumani tez yordam punktidan ushbu mahallaga 10 daqiqada yetib borsa bo‘ladi.

Shuningdek, hududlarda tez yordam chaqiruvlarini qabul qilish va taqsimlash haligacha telefon orqali amalga oshirilmoqda. Oqibatda, tez tibbiy yordam brigadasi kechikib kelishi bo‘yicha xalq qabulxonalariga 2021 yilning o‘zida 50 mingdan ziyod shikoyat kelib tushgan.

Shu bois, tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash, ularni aholiga yanada yaqinlashtirish uchun alohida dastur qabul qilinadi”, dedi davlat rahbari.

Top