11:34 / 18.03.2022
6615
Pensiyaga chiqarilgan shifokorlar o‘zini jamiyatga keraksiz his qilib, kasal bo‘lib qolishmoqda – Shavkat Mirziyoyev

Prezident birlamchi tizim qamrovini kengaytirish va yuklamani kamaytirish maqsadida, pensiyaga chiqarilgan shifokorlarning yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat berilishini ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“E’tiboringizni bir jihatga qaratmoqchiman. Har yili 2 mingdan ziyod malakali shifokorlar pensiyaga chiqadi. Kelib tushgan murojaatlarda ularning 60 foizi o‘z faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan. Ularning tajribasi juda katta, lekin biz ularni pensiyaga chiqarib yuborishga o‘rganib qolganmiz. Pensiyaga chiqarilgan shifokorlar jamiyatga keraksiz his qilib, o‘zlari ham kasal bo‘lib qolishmoqda. 

Birlamchi tizim qamrovini kengaytirish va yuklamani kamaytirish maqsadida, biz endilikda bunday tajribali shifokorlarning yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat beramiz.

Buning uchun:

  • alohida klinika ochish talab etilmaydi, balki bu toifadagi shifokorlar o‘z uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Marhamat, bemalol ishlayverishsin;
  • yakka tartibdagi oilaviy shifokorlarga, aholiǵa bepul ko‘rsatilayotgan xizmatlari uchun to‘lov bosqichma-bosqich Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi orqali beriladi. 

Ushbu tajribani dastlab Sirdaryo viloyatida boshlaymiz. Keyinchalik zarur tayyorgarlikni ko‘rib, bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etiladi”, – dedi davlat rahbari.

Top