10:04 / 18.03.2022
4229
Prezident shifokorlar bilan uchrashmoqda, soha muammolari atroflicha muhokama qilinishi rejalashtirilgan

Bugun, 18 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazishi rejalashtirilgan. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, ayni paytda Xalqaro forumlar saroyida bu muloqotga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Ochiq muloqot muddati bir necha marta ortga surildi. Bunga bir tarafdan kelib tushayotgan takliflar juda ko‘pligi sabab bo‘lgan bo‘lsa, davlat rahbarining o‘zi tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish zarurligini ta’kidlagan.

Muloqot sohaning kelajagi, yangi islohotlar bo‘yicha aniq rejalarni belgilab berishi lozim va unga tayyorgarlik jarayonida 25 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan. Takliflar tegishli vazirliklar va prezident administratsiyasi tomonidan atroflicha o‘rganilib, sohaning asosiy muammolari belgilab olingan.

Xususan, yurak qon-tomir, endokrin va onkologik kasalliklar, transplantologiya muammolariga alohida to‘xtalib o‘tilishi, aholini sog‘lom turmush tarziga jalb qilish, onalar va bolalar salomatligi bo‘yicha yangi chora-tadbirlar belgilanishi kutilmoqda.

“Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirni saroyning o‘zida sohaning minglab yetakchi shifokorlari bilan birga hududlarda 10 mingdan ortiq tibbiyot vakillari kuzatib boradi.

Prezident nutqidan so‘ng sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining takliflari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Top