19:32 / 18.03.2022
11968
Vazirga murojaati ortidan qamalgan “uchastkavoy” ishi sudda qayta ko‘rilmoqda

Namanganlik sobiq profilaktika inspektori Sardorbek Otaboyev ishini ko‘rib chiqayotgan sudya o‘zgardi. Avvalgi sudya kutilmaganda ishdan bo‘shatilgani ortidan ish jinoyat ishlari bo‘yicha Kosonsoy tumani sudiga o‘tkazilgan.

Foto: KUN.UZ

Bungacha “Otaboyev ishi” jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida sudya Baxtiyor Tavakkalov tomonidan ko‘rib chiqilayotgan edi. Nafaqaga chiqishiga atigi 6 oy muddat qolgan sudya shu yilning fevral oyida kutilmaganda lavozimidan chetlashtirilgan edi. Uning vakolati muddatidan avval tugatilishiga shu sudning sobiq sudya yordamchisi 700 AQSh dollarini pora tariqasida olayotganda qo‘lga olingani sabab bo‘lgani aytilgandi.

Sobiq sudya yordamchisining pora bilan qo‘lga tushishi voqeasi ortidan sobiq profilaktika inspektorining ishini ko‘rib chiqish bir necha marta qoldirilgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu ishni ko‘rib chiqish jinoyat ishlari bo‘yicha Kosonsoy tumaniga o‘tkazilgan. Ish yangi sudya raisligida boshidan ko‘rib chiqilmoqda. Sudlanuvchi jarayon ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar tomonidan to‘liq videotasvirga olib borilishini so‘rab, sud raisiga iltimosnoma kiritgan. Sudya jarayonni videotasvirga olishga ruxsat bergan, faqat sudga ta’sir o‘tkazilishining oldini olish maqsadida hukm e’lon qilinmaguncha ushbu videotasvirlarni tarqatishni taqiqlagan.

Eslatib o‘tamiz, Namangan shahar prokuraturasi sobiq inspektorga nisbatan Jinoyat kodeksining 7ta moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilgan. Prokuratura tomonidan sudga taqdim etilgan ayblov xulosasida Sardorbek Otaboyev Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 230-1-moddasi 1-qismi (Aybsiz kishini javobgarlikka tortish), 168-moddasi 3-qismi “b, v” bandlari (O‘ta xavfli retsidivist tomonidan; uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan firibgarlik), 209-moddasi 2-qismi “a” bandi (Mansab soxtakorligi), 238-moddasi 2-qismi (Yolg‘on guvohlik berish), 205-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) hamda 208-moddasi (Hokimiyat harakatsizligi)da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. Jinoyat ishi hujjatlari 5 jildga jamlangan.

Kun.uz jamoatchilik diqqat markazida turgan ushbu sud jarayonini yoritib boradi. Sud jarayoni bo‘yicha videomaterial hukm kuchga kirganidan so‘ng e’lon qilinishi rejalashtirilgan.

Top