18:27 / 19.03.2022
32673
Hindistondan ilk bor Pokiston va Afg‘oniston orqali O‘zbekistonga tijorat yuki jo‘natildi

Pokiston rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, endi bu tranzit muntazam ravishda amalga oshiriladi va O‘zbekiston Pokiston portlari orqali istalgan davlatdan mahsulot olib kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Foto: Ariana News

Hindistonlik savdogar ilk bor O‘zbekistonga tijorat yukini Pokiston va Afg‘oniston orqali tranzit qilib yubordi. 140 tonna yuk (asosan shakar) ortilgan mashinalar karvoni Kobuldan Toshkentga jo‘nab ketgan. Bungacha yuk «Mumbay – Karachi – Turxam» yo‘nalishi bo‘ylab kelgan.

Yuk jo‘natilishi Hindiston tomonidan xususiy ravishda tashkil etilgan. O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tranzit savdosi to‘g‘risidagi kelishuv uni amalga oshirish imkonini beradi.

Nomi oshkor etilmagan Pokiston rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, endi bu tranzit muntazam ravishda amalga oshiriladi va O‘zbekiston Pokiston portlari orqali istalgan davlatdan mahsulot olib kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Tolibon hukumati savdo faoliyatini osonlashtirishi shart, chunki Afg‘oniston singari O‘zbekiston ham dengizga chiqish imkoniyatiga ega emas va xalqaro savdo aloqalarini amalga oshirish uchun Pokiston portlariga kirish huquqiga ega.

Mavzuga oid
Top