13:22 / 19.03.2022
29849
Pensioner mehnatkashlar: Yoshlar diyori bo‘lgan O‘zbekistonda bu o‘zini oqlaydimi?

Aholisining katta qismini 30 yoshga to‘lmagan yoshlar tashkil qiluvchi O‘zbekistonda ish beruvchilarning xodimni pensiyaga yoshiga yetgani sababli ishdan bo‘shatish huquqi bekor qilinishi mumkin. Bu yangilik qator muhokamalarga sabab bo‘lish bilan birga, jamoatchilik orasida pensiya tizimidagi muammolarni ham kun tartibiga qaytardi.

Foto: Getty Images

«Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab– quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» prezident qarori imzolandi.

Hujjatda nuroniylarning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash, ularni ijtimoiy himoyalash bo‘yicha ezgu maqsadlarda qator o‘rinli choralar belgilab berilgan.

Biroq xodimning pensiya yoshiga to‘lgani munosabati bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish tartibini taqiqlash to‘g‘risidagi taklifi (bu taklif Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan chiqqan) aholi o‘rtasida turlicha kutib olindi.

Kimlardir bu taklifni yoqlamoqda, kimlardir qarshi chiqmoqda va har ikki tomonda o‘z fikrlarini asoslovchi dalillar bor.

Qarshilar o‘z fikrini qanday dalillantirmoqda?

O‘zbekistonda har yili yuz minglab yoshlar maktab, kollej va oliygohlarni bitirib, mehnat bozoriga kirib keladi. Korxona va tashkilotlarda o‘rta yoshlilar va yoshlar shu yerda ishlayotgan keksa xodimlar sog‘-salomat pensiya yoshiga yetishi va qarilik gashtini surishini so‘rab yurishadi. Albatta, ish o‘rniga ko‘z tikib.

Ish o‘rinlari muammo, yoshlar umidsizlik va ishsizlikdan xorijiy davlatlarga ish axtarib chiqib ketayotgan bir davrda taqiqni joriy etuvchi bu taklif qay darajada o‘zini oqlaydi, uning iqtisodiy tomonlari tahlil qilib ko‘rilganmi?

Statistikaga e’tibor bersak, har yili mehnat bozoriga 600-700 ming nafar yoshlar kirib kelishadi. O‘zbekistonda pensiya oluvchilar soni 2020 yil yakuni bilan 3 mln 824 ming nafar bo‘lgan. Birgina 2020 yilda ularning soni 147,2 ming (4 foiz)ga oshgani inobatga olinsa, bugungi kunda pensionerlarning soni 4 millionga yaqinlashgan. Shu tendensiya bilan hisoblab ko‘rilsa 2021 yilda ham pensionerlar soni taxminan 150 ming nafarga ko‘paygan bo‘ladi.

Mehnat bozoriga kirib kelayotganlar va pensiya yoshiga yetganlar orasidagi farq 4–5 barobar. Ya’ni, pensiya yoshiga yetganlar ishdan bo‘shashi tufayli mehnat bozorida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi ish o‘rinlari 20–25 foizni tashkil etishi mumkindek.

Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, bu chora mamlakat taraqqiyotini sekinlashtiradi yoki turg‘unlikka boshlaydi.

«Agar shu yo‘ldan yursak, katta xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz, ertaga biz, bugungi avlod ham pensiya yoshiga yetgach, o‘rnimizni hech kimga bo‘shatib berishni istamay qolamiz. O‘zbekiston keksalar mamlakati bo‘lib qolaveradi».

Yoqlayotganlarning asosi nimada?

Mehnat kodeksining 100-moddasi (Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish) 7-bandida xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga asos bo‘lishi mumkinligi belgilangan (xodimda yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi bo‘lganida).

Huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev «Mehnat kodeksidagi bu kamsitish xorijiy ekspertlar tomonidan ham ko‘p bora ta’kidlangan va O‘zbekistonga berilgan tavsiyalarda buni bekor qilish kerakligi aytilar edi», deb yozdi.

Xodimlarning pensiya yoshiga yetgani uchun ish beruvchi tomonidan bo‘shatib yuborilishiga oid tartib 2010 yilda qonunchilikka kiritilgan. Bungacha bunaqa tartib bo‘lmagan. Huquqshunosga ko‘ra, bunday tartib kiritilishidan maqsad, shu yo‘l bilan tezroq yangi ish o‘rinlarini bo‘shatish va shu orqali «shuncha kishini ishga joylashtirdik, shuncha yangi ish o‘rinlari ochdik», degan statistikani yaxshilash bo‘lgan.

«O‘zi umuman 2010 yillarda budjet pulini iqtisod qilish uchun pensionerlar, homilador ayollar, nogironlar va kam ta’minlanganlarga qarshi «urush» ochilgan va o‘sha davrda ko‘plab adolatsiz qarorlar qabul qilingan edi», – deb yozadi u.

Mehnat kodeksining 6-moddasida xodimning yoshiga qarab mehnatga oid munosabatlarda kamsitish taqiqlanishi yozib qo‘yilgan. Ya’ni, «Siz pensiya yoshiga yetdingiz, demak endi ishlashga haqqingiz yo‘q, sizni ishdan bo‘shataman», deyish ham aynan xodimni yoshiga qarab kamsitish hisoblanadi.

«Ko‘pchilikda savol tug‘ilishi tabiiy: ushbu qoida bekor qilinsa, endi xodim 90–100 yoshga kirganda ham ishlab yuraveradimi, uni ishdan bo‘shatishga hech kimning haqqi yo‘qmi?

Bu yerda xodimning yoshiga emas, qay darajada o‘z ishiga layoqatli ekanligiga e’tibor qaratiladi. Agar xodim keksaygani sababli o‘ziga yuklatilgan vazifani bajara olmayotgan bo‘lsa, unda uni bemalol ishdan bo‘shatish mumkin. Buni hech kim taqiqlamaydi. Ammo o‘z vazifasini lozim darajada uddalayotgan xodimni shunchaki yoshini sabab qilib, ishdan bo‘shatish noto‘g‘ri, albatta», – deb yozadi bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Bu tartib barcha uchun birdek bo‘lishi qay darajada to‘g‘ri?

Tan olish kerak, turli tashkilot va korxonalarda mehnat qilayotgan qariyalarimizning ko‘pchiligi pensiya yoshiga yetishi bilan o‘z xohish-istaklari bilan o‘rnilarini shogirdlariga, yoshlarga bo‘shatib, to‘n kiyib lavozimni tark etadi.

Qolaversa, korxonalarda bilim va tajribaga ega keksalarni ish beruvchilarning o‘zi ishlashda davom etishga, yoshlarga o‘rnak bo‘lishga chaqirishadi. Yoki pensiya yoshiga yetgan keksa xodimning o‘rnini bosa oladigan kadr topilmaydi. Bu ayniqsa ta’lim, tibbiyot kabi sohalarda o‘z aksini topgan.

Shu bois ham bu qoidani barcha kasb va lavozimlarga bir xilda qo‘llab bo‘lmaydi. Ish beruvchida ham bu huquq saqlab qolinishi kerak, faqat u huquqni qo‘llash mumkin bo‘lgan kasblar-lavozimlarning toifalari belgilab qo‘yilishi lozim.

Aytaylik, metallurgiya kombinatlari, zararli ishlab chiqarish sharoitidagi kasblarda band bo‘lgan odamlar bilan imkon qadar pensiya yoshiga yetishi bilan xayrlashaverish kerak. Sababi – uzoq yillik zararli ishdagi band bo‘lgan odamning qarigan sari kasallanish yoki o‘lim xavfi oshib boradi.

O‘zbekistonda xalq tomonidan saylanadigan yoki parlament tomonidan tasdiqlanadigan lavozimlardan tashqari davlat korxonalari va tashkilotlaridagi rahbar lavozimlarda ham pensiya yoshiga yetgandan keyin ishlashni taqiqlash kerak. Zarur bo‘lsa, bilim va tajribasiga ko‘ra, shu korxonada boshqa ish berilishi mumkin.

Chunki joylarda yoshi keksa qariyalarning davlat mansab lavozimlarida o‘tirishi, o‘z atrofiga qarindosh-urug‘larini to‘plashi, manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga ham sabab bo‘lishi mumkin. Qolaversa, ish jarayonidagi yangiliklarni tez qabul qila olmaslik, amaliyotga joriy eta olmaslik keksalarga xos jihat. Bunga yana jismoniy va ruhiy toliqish, tezkorlikni qo‘shing.

Shu sababli mahalliy hokimiyat organlaridagi yuz minglab aholi bilan ishlovchi rahbar xodimlar, ayniqsa hokimlar, boshqarma rahbarlari yosh va g‘ayratli bo‘lishi kerak.

Pensiya ta’minoti tizimi ham isloh qilinishi lozim

O‘zbekistonda pensiya yoshiga yetgan xodimlarning munosib keksalik davriga ega bo‘lishi uchun qo‘shimcha islohotlarga zarurat bor. Bu borada yangi velosiped yaratishning keragi ham yo‘q, shunchaki rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasi o‘rganilib, joriy etilmayotgani taassuflanarli hol.

Chindan ham, nega bizda jamg‘arib boriladigan pensiya fondi masalasi kun tartibiga qo‘yilmayapti?

Chet ellarda mustaqil pensiya fondlari yig‘ib borilayotgan mablag‘larni to‘g‘ri yo‘naltirib, ularni turli yetakchi korxonalarning aksiyalariga tikib, keksalarga pensiya yoshiga yetganda ular kutganidan ham ko‘proq pensiya berib borish tizimini ishga solishgan.

Masalan, dunyodagi eng yirik pensiya jamg‘armasi Yaponiyaning investitsion pensiya jamg‘armasi bir yilda investitsiyalarga tikilgan mablag‘lardan 339 milliard dollar pul ishlab topgan.

Xorijda pensiya fondlarida yig‘ilgan mablag‘ pensioner vafot etsa, uning merosxo‘rlariga beriladi. Bizda o‘rta holli, faqat maoshga kun ko‘rib yurgan pensioner olamdan o‘tsa, o‘zidan farzandlariga hech narsa qoldirmay ketadi.

Yoki bo‘lmasa, Norvegiyadagidek bizda ham oltin qazib oluvchi, tog‘-metallurgiya kombinatlari, neft-gaz sohasidagi davlat korxonalari pensiya jamg‘armasiga o‘z daromadlarining kichik bir foizlarini o‘tkazib, pensiya yoshiga yetgan qariyalarning barchasiga boshlang‘ich miqdorda bir xil pensiya tayinlanishi lozim. Faqat yetarli mehnat stajiga ega, korxonasi tomonidan pensiya jamg‘armasiga ajratma o‘z vaqtida ajratib kelingan, shuningdek, jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lab borganlarga qo‘shimcha ustamalar to‘lanishi kerak. Bo‘ldi. Formula oddiy.

Otabek Bakirov bu borada quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgan:

«Oqsoqollarimiz, momolarimizni qo‘llamoqchi, e’zozlamoqchi bo‘lsak, ularni imkon qadar ishda, mansab kursisida ushlab o‘tirish shart emas, ularga kafolatlangan va mutanosib turmush tarzini beradigan zamonaviy, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini yaratishimiz darkor.

[...] Oqsoqollarimiz, momolarimiz shunday pensiya ta’minotiga ega bo‘lishsinki, normal davlatlar qariyalari singari dunyo kezishsin, qarilik rohatini surishsin, duoda bo‘lishsin».

Deputatlarimiz, yuqoridagi rahbarlarimiz munosib qarichilikni ta’minlovchi pensiya tizimini yaratish ustida bosh qotirishsa yaxshi bo‘lardi. Pensionerga ishlash-ishlamaslikni esa ish beruvchi va uning o‘z ixtiyoriga qo‘yib berish kerak.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.

Top