14:42 / 20.03.2022
10692
Ukraina harbiylari RF Qora dengiz floti qo‘mondoni o‘rinbosari halok bo‘lganini xabar qildi

RF armiyasi Qora dengiz floti qo‘mondonining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, 1-rangdagi kapitan (muqobili polkovnik) Andrey Paliy Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan. Bu haqda Ukraina qurolli kuchlari matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq Paliyning o‘limi haqida Ukrainadagi qator nashrlar «Sodeystviye» konsalting guruhi prezidenti Konstantin Tsarenkoning «VKontakte»dagi postiga asoslanib xabar tarqatgan. Hozirda post o‘chirib yuborilgan, ammo OAVda undan olingan skrinshot saqlangan.

Keyinroq Qrimdagi Sevastopol shahri meri Mixail Razvojayev va sevastopollik senator Yekaterina Altabayeva Paliyning o‘limini tasdiqlashdi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Andrey Paliy Mariupol atrofidagi jangda halok bo‘lgan.

Ukraina qurolli kuchlarining 19 mart kungi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon Rossiyaning shaxsiy tarkibdagi yo‘qotishlari taxminan 14,4 ming kishini tashkil etadi. Ukraina hukumati rossiyalik generallarning kamida besh nafari urush harakatlari qurboniga aylanganini ma’lum qilgan.

  • Kapitan Andrey Paliy — kelib chiqishiga ko‘ra ukrain, Kiyevda tug‘ilgan, 1990-yillar boshidan Rossiya Federatsiyasi harbiy-dengiz kuchlari flotida xizmat qilgan. Ukrainalik jurnalistlar ma’lumotlariga ko‘ra, Paliy 1993 yilda Ukraina uchun qasamyod qilishdan bosh tortgan va Rossiya shimoliy flotida xizmat qila boshlagan. 2021 yilda Qrimdagi nashrlar uni Qora dengiz floti qo‘mondonining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida keltirgan. Paliy 2008 yilgi urushda Gruziya sohillari qamal qilinishida va 2014 yilda Qrim bosib olinishida ishtirok etgan.
Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top