12:18 / 21.03.2022
88299
“Mirkamolim yolg‘iz qolgan, meni uning yoniga qo‘yinglar!” – To‘ti Yusupovaning so‘nggi vasiyati

15 mart kuni xalqimizning suyukli farzandi, teatr va kino san’atining yirik namoyandasi, o‘zbek onasining timsoli bo‘lgan san’atkor To‘ti Yusupova 86 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston xalq artisti, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi To‘ti Yusupova birgina “Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi Sotti obrazi bilan o‘zbek tomoshabinining ko‘nglidan joy olib bo‘lgan. Rahmatli aktrisani hamkasblari, yaqinlari iliq xotiralar bilan eslashadi.

To‘ti Yusupova. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

Erkin Komilov, O‘zbekiston xalq artisti:

– Kechagina teatrga kirib kelib, kechagina To‘ti opa bilan tanishgandaymiz. Yerga ursa osmonga sapchiydigan ayol edi. Alloh Yerda mening xalifalarim yashaydi deb aytgan, bandalarini xalifalarim deb ulug‘lagan. Ta’bir joiz bo‘lsa, To‘ti opam teatrimizning xalifasi edi. Onaxonimiz edi. Yaqindagina oq ro‘mollarda teatrga kirib kelganlari shundoqqina ko‘z o‘ngimda turibdi.

To‘ti opamni Alloh juda ko‘p sinadi. Avval bir o‘g‘lidan judo qildi, keyin yana bir o‘g‘lidan ayirdi. Undan keyin Mirg‘iyos akam (aktrisaning turmush o‘rtog‘i, aktyor va dublyaj rejissyori Mirg‘iyos Soatov nazarda tutilmoqda – tahr.) olamdan o‘tdilar. 2019 yili turmush o‘rtoqlari o‘tganlaridan keyin o‘zlarini ancha oldirib qo‘ydilar. Lekin shunday bo‘lsa ham o‘limidan bir hafta avval sahnaga chiqqandilar. Spektakl boshlanishidan avval parda oldiga chiqib, xalqqa murojaat qilgandilar. Umr shunaqa ekan...

Erkin Komilov. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

To‘ti opam hayotda teatrda ovozlarini baland ko‘tarib gapirmagan. Men esimni tanibmanki, u kishi birovning diliga ozor bermaydigan qilib gapirardi. Agar yoshlarning orasida biron narsa bo‘lsa, yonlariga chaqirib, juda chiroyli tushuncha berib qo‘yardilarki, yoshlar ham ularning aytganlarini og‘rinmay qabul qilishardi. Ko‘pchilik To‘ti opamni o‘zining onasiday ardoqlardi. Fazilati, karami keng, beg‘ubor ayol edilar.

To‘ti opam bilan sahnada ko‘p spektakllarni birga o‘ynaganman. Ayniqsa, rejissyor Olimjon Salimov Said Ahmadning “Ufq” romani asosida sahnalashtirgan drama yodimda qolgan, ushbu asarda u kishi Jannatni o‘ynardilar, men esa Ikromni o‘ynardim. Jannat va Ikrom er-xotin bo‘lishgan. Ikrom urushda bir oyog‘idan ajrab uyga qaytadigan sahna bor. Shu yerda o‘z rolimni o‘ynarkanman chidab turolmasdim. To‘ti opamning butun vujudi gapirardi. Men partnyor sifatida buni sezib turardim.

“Ufq” asari asosida sahnalashtirilgan spektakldan lavha. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

“Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi Sottini oling. Butunlay boshqacha obrazda namoyon bo‘lganlar. Saqich chaynab yurganda saqichni olib ro‘moliga yopishtirib qo‘yib, qo‘ng‘iroqqa javob berarkan, ming yillik qadrdonlarday gaplashadi-ku, shu payt qaynonasi kelib: “Kim bilan gaplashyapsan?” deb so‘rasa, “Voy, so‘ramabman, hozir so‘rayman. Hoy, kimsiz” deydi-ku, shugina epizod bilan o‘zbek xarakterini juda chiroyli qilib ochib bergan. Sotti deganda mening ko‘z oldimga To‘ti opam kelardi.

U kishi bilan “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektaklida 800 marta birga o‘ynaganman. 800 marta! O‘rislarda “falsh” degan narsa bor, To‘ti opam bilan biror marta bu holat sodir bo‘lmagan. Sahnaga nisbatan mehr, mas’uliyat juda kuchli edi. Teatrning onasi edi u kishi.

To‘ti Yusupova hamkasblari davrasida. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

To‘ti opam juda oqibatli, mehrli ayol edi. Boshqalarga doim mehr-oqibat ko‘rsatganlari uchun ham O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Lola Eltoyeva umrining oxirigacha u kishiga xuddi o‘zining onasiday g‘amxo‘rlik qildi. So‘nggi nafaslarigacha Lola To‘ti opamning boshida turgan. U kishi Lolaga butunlay boshqacha mehr qo‘ygandi. O‘zi hamma aktrisalarimizniyam yaxshi ko‘rganlar, ularning ichida Lolaga alohida mehr qo‘ygandilar.

Lolayam u kishiga alohida mehr qo‘ygandi. Bir kun bo‘lsin yolg‘iz tashlab qo‘ymagan. S’yomkada, repetitsiyadan bo‘sh bo‘lgan zahoti To‘ti opamnikiga chiqardi. Bo‘lmasa ularning o‘z bolalari bor, eri bor, uylarida o‘ziga yarasha yumushlari, yugurlari bor, ro‘zg‘orning kamchiliklari bordir. Lola bunga qarab o‘tirmasdi. Hozir teatrimizdagi hamma uni duo qilyapti.

Ra’no Yarasheva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

– To‘tixon aya eng yaqin ustozimiz va maslahatchimiz edi. Uylari teatrning shundoq biqinida edi. Repetitsiyalardan bo‘sh vaqtimiz bo‘ladimi, spektaklga ertaroq kelib qolamizmi, chopib uylariga chiqardik. Kirib borganimizda hamisha dasturxonlari yozig‘liq bo‘lardi. Qo‘llari shirin edi.

To‘ti Yusupova hamkasblari davrasida. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

U kishi butun mamlakat taniydigan, butun mamlakat ardoqlaydigan, ko‘pchilik havas qiladigan darajada e’zozli inson edilar. Ikki nafar o‘g‘illaridan ayrilgandilar. Bittagina qizlari – Marhaboxon opamiz farzandlik burchlarini juda chiroyli o‘tadilar, farzandlari bilan birgalikda u kishini ardoqlab, mehr-muhabbatlarini darig‘ tutishmadi.

Lekin men To‘ti Yusupovaning qizlari bitta emas demayman. To‘ti opamning Muyassarxon, Manzuraxon, Lola Eltoyeva degan qizlari bor. Bundan tashqari, Muhabbatxon, Ozodaxon ismli hoji onalarimiz, shoiramiz Farida Afro‘z, ustozim, O‘zbekiston xalq artisti Rixsi Ibrohimova u kishini moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlab kelishdi.

To‘ti Yusupova qizi Marhabo Nasriddinova va shogirdi Lola Eltoyeva bilan. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

To‘ti opam mamlakatning qaysi nuqtasiga borsalar hamisha sevimli bo‘lib qoldilar. Yuragimga taskin beradigan yana bir narsa shuki, shuncha g‘am-g‘ussa, shuncha yo‘qotishlar, shuncha dard, shuncha qiyinchilik – hammasini tik oyoqda o‘tkazdilar. Umrlarining oxirgi nuqtasigacha oyoqlari o‘zlariga xizmat qildi, aqllari, tillari, qo‘llari o‘zlariga xizmat qildi, yotib qolmadilar. Buyam inson uchun juda katta baxt deb o‘ylayman. To‘shakka mixlanib qolib, boshqalarning yordamiga muhtoj bo‘lib qolganlari yo‘q. Dunyodan o‘tishlaridan bir hafta o‘n kuncha oldin ham sahnaga – tomoshabin qarshisiga chiqdilar. Buni matonat deydi, buni bardosh deydi.

Yana bir narsani aytmoqchiman, bu narsani aytish qanchalik to‘g‘ri bilmadim. O‘zbek ayoli, o‘zbek onasi oxirgi daqiqagacha bolam derkan-da. 2008 yilda kichik o‘g‘illari Mirkamol dunyodan o‘tganda Ko‘kcha qabristoniga qo‘yilgandi. O‘limlaridan oldin: “Mirkamolim yolg‘iz qolgan, meni uning yoniga qo‘yinglar!” deb vasiyat qilibdilar. Hattoki jon berayotgandayam ona bolam derkan-da.

To‘ti Yusupova oilasi va yaqinlari davrasida. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

Lola Eltoyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

– Hozir shunaqa hissiyotdamanki, ota-onam rahmatlini berib qo‘yganimda shunaqa hissiyotni boshdan kechirgandim, xuddi hozirgidek juda yomon qiynalgandim.

Rahmatli ustozimiz dardga juda chidamli inson edilar. Bunaqa dardni hammayam ko‘tara olmaydi. U kishiga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik, e’tiroflar hammamizga nasib qilsin. Allohga behisob shukur, doimo e’zozda bo‘ldilar.

To‘ti Yusupova shogirdi Lola Eltoyeva bilan. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

To‘ti opam 10 mart kuni 86 yoshni qarshilagandilar. Shunaqa xursand bo‘lgandim o‘sha kuni. Tug‘ilgan kunlarida shifoxonaga bordik. O‘sha kuni Kinematografiya agentligidan Barnoxon qo‘ng‘iroq qilib rahbarimiz To‘tixon ayani tabriklashimiz kerak, alohida tabrigimiz bor deb aytyaptilar degandi. Shifoxonaning bosh shifokori, davolovchi shifokorlardan ruxsat olib, katta guldasta va sovg‘a-salomlar bilan palatalariga kirib bordik. Shunaqa xursand bo‘ldilar, shunaqa xursand bo‘ldilar.

Gulni yaxshi ko‘rardilar. Yo‘qlab kelganlarning gullarini guldonlarga solib qo‘ysam, ularni ko‘rib zavqlanardilar. “Qara, bularning chiroyliligini”, deb aytardilar menga. Rahmatli juda duogo‘y inson edilar. Ko‘p duo qilardilar, hammaga uzoq umr tilardilar.

To‘ti Yusupova so‘nggi tug‘ilgan kunini shifoxonada qarshi olgandi. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

“Jaholat alangasi” videofilmida onamning rolini To‘ti opam o‘ynaydi deyishganda judayam qattiq hayajonlanganman. Qanaqa bo‘larkin, meni qabul qilarmikinlar deb o‘ylaganman. Chunki endi san’atga kirib kelayotgan yosh aktrisa edim. O‘zimni aktrisa deb hisoblay olmasdim u paytlar. Menga bu rolni berishganida xursand bo‘lib ketgandim. Rahmatli ota-onam ham To‘ti Yusupova bilan rol o‘ynashimni eshitishganida rosa quvonishgandi.

To‘ti opam bilan birinchi marta Namangandagi sahnada ko‘rishganimda juda kamtar, samimiy, oddiy inson ekanliklarini ko‘rib qoyil qolganman. U kishi bilan ilk marta hech qanday repetitsiyasiz rol ijro etishimga to‘g‘ri kelgan. Shundan keyin u kishi bu qizni albatta o‘zimizning teatrga olib kelaman, teatrimizda ishlashi kerak, har tomonlama bizning teatrga mos ekan deb aytgan ekanlar. Buni keyinchalik menga rejissyorimiz rahmatli Nuriddin aka Qosimov aytib bergandilar. “Hali hayotingda juda katta o‘zgarishlar bo‘ladi, seni mana shu teatrga loyiq deb ketdilar”, degandilar o‘shanda.

Lola Eltoyeva. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

“Hech kim kasal bo‘lmasin” deb ko‘p aytardilar. Ayniqsa, oxirgi payt shu gapni ko‘p-ko‘p takrorlardilar. To‘ti opajonim nafaqat biz san’atkorlarning, balki butun O‘zbekistonning mehridaryo onasi edilar. Bilardim, o‘tgan zamonda gapirish og‘ir ekan juda. Menga bildirgan ishonchlarini umrim oxirigacha oqlash uchun Allohim menga kuch-quvvat bersin! Oxiratlari obod, joylari jannatda bo‘lsin.

Elmira Bositxonova, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari:

– Kim bilandir tanish bo‘lganim, bu bilan g‘ururlanishim to‘g‘risida deyarli hech qachon gapirmaganman. Lekin To‘tixon opam bilan tanish bo‘lib, muloqotda qilib, Xotin-qizlar qo‘mitasida ishlaganimda milliy an’analarimizni saqlab qolish, ayollarimiz va qizlarimizning o‘zbek millatiga xos qadriyatlarini shakllantirishda u kishining iste’dodlaridan foydalanib, shu yo‘lda birgalikda harakat qilganmiz. Bu hamkorlik men uchun juda ham qimmatli.

Elmira Bositxonova. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

To‘tixon opa bilan birga yonma-yon o‘tirib ko‘p suhbatlashardik. U kishini ko‘rgan zaldagi barcha ayollar – ular turli xil darajada tarbiya ko‘rgan, ularning san’atga munosabati ham turlicha bo‘lgan – hammasining ko‘zi bir xil yonishni boshlardi. Bu ularning iste’dodlarining kuchidan deb bilaman. Bu hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Va hammaga ham o‘zbek ayolining siymosi bo‘lish nasib etmaydi. Men o‘zbek ayolining siymosi bo‘lgan aktrisa bilan birga ishlaganimdan, jamiyatimizdagi ayollarning ma’naviy dunyosini boyitishda ishtirok etganimdan ayniqsa baxtliman.

To‘ti Yusupova umr yo‘ldoshi Mirg‘iyos Soatov bilan birga. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ishga o‘tganimdan keyin xo‘jayinlarining kasalligi tufayli To‘tixon opamlar bilan bir necha marta suhbatlashdik. O‘zlarining ham salomatliklarida muammo bo‘lishiga qaramasdan xo‘jayinlariga juda g‘amxo‘r edilar. Oilada kimdir kasal bo‘lsa, qandaydir bir betartiblik, jonsaraklik kuzatiladi. To‘ti opamlarnikiga borganimda buning aksini ko‘rardim. Sarishta, ozoda, farishtali xonadonga kirib borganman. Uylaridan gul hidi kelardi. Bemor bor xonadonga o‘xshamasdi. Bu – albatta vafodor, saranjom-sarishta ayolning xizmatlari. Men To‘tixon opani naqadar kuchli ayol, namunali uy bekasi ekanliklarini ko‘rgandim.

To‘ti Yusupova yaqinlari davrasida. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

Gulchehra Rustamova, To‘ti Yusupovaning jiyani:

– Xolam bilan juda yaqin edik. So‘nggi marta gaplashganimizda: “Bolam, kelmaysanmi?” deganlari qulog‘imda qolib ketdi. Onamning vafotlaridan keyin xolamga suyanib qolgandim. Tushimda onamni ko‘rsam, bu haqda hech kimga aytmasdan xolamning yonlariga chopardim. Meni juda yaxshi ko‘rardilar. “Gulchi” deganlari hech qulog‘imdan ketmaydi.

Onam bilan xolam ikkitagina opa-singil edilar. Juda yaqin bo‘lishgan. Onam serfarzand bo‘lganlari, qolaversa, yo‘l uzoq bo‘lgani uchun xolamni ko‘rishga ko‘p kelolmasdilar. Onam hayot paytlari mobil aloqa ham u darajada ommalashmagandi. Sog‘inib-sog‘inib yashardilar onam bechora.

Gulchehra Rustamova, To‘ti Yusupovaning jiyani. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

Ikki o‘g‘il, bir kelinlarini yo‘qotdilar. Biz ham hayron qolamiz shuncha narsaga qanday chidaganlariga. Bunga pochchayam sababchilar. Rahmatli juda yaxshi inson edilar. Hech qachon xolamni xafa qildirib qo‘ymasdilar. Shirinso‘z edilar, doim yaxshi gapirardilar. Xolamga xonim deb murojaat qilardilar. Samarqandga paxtaga o‘raganday olib borib kelardilar. Ko‘rib havasimiz kelardi.

Bir-birlariga suyanib, bir-birlaridan kuch olib olib yashashgan bo‘lsa kerak. Zimdan qaraganda shuncha yo‘qotishni boshdan kechirgan odamga o‘xshamasdilar. Biz bilan gaplashganlarida ham buni bildirmasdilar, faqat yaxshi narsalarni gapirardilar. Men nimalarni boshdan kechirganlarini bilardim, lekin boshqalarga aytib yotmasdilar.

To‘ti Yusupova yaqinlari davrasida. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

Onalari, ya’ni buvim chevar bo‘lganlar. Onalaridan o‘tganmi, juda qiziqqanlari uchun aktrisalikdan tashqari o‘zlari ham ellik yildan ko‘proq chevarchilik qilganlar. Ayniqsa, teatrda endi ish boshlaganlarida moddiy tomondan qiynalganlarida kechasi bilan chevarchilik qilganlarini aytib bergandilar. Hatto bizga ham kiyim tikib berganlar. Bir uylariga mehmonga kelganimda tikuv mashinalarini menga sovg‘a qilgandilar. “Uyingga olib borib ishlat, chevarchiligimiz to‘xtab qolmasin”, degandilar.

Nilufar Nasriddinova, To‘ti Yusupovaning nevara-kelini:

– Shu xonadonga, buvijonnikiga kelin bo‘lib kelganimga 12 yil bo‘ladi xudo xohlasa. Ularning kelinlari bo‘lganimdan juda ham xursandman. Shu ayolning qo‘llariga kelib, tarbiyasini oldim, xizmatlarni qildim. Yo‘qotganimga haliyam ishonolmayapman.

Nilufar Nasriddinova, marhumaning nevara-kelini. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

Buvijonni qaynonam deb qabul qilganman. Men o‘zi qizlarining kelinlariman. Bunaqa insonlar dunyoga boshqa kelmasa kerak. Sabr-bardoshni men buvijondan o‘rgandim. Hayotga buvijonning ko‘zlari bilan qaraydigan bo‘ldim. Hamma narsaga sabr qilardilar. Mengayam: “Sabr qiling, bolam, hammasi yaxshi bo‘ladi”, deb nasihat qilardilar.

Siqilsam, nimadir noxush voqea bo‘lib qolsa, sabrga chaqirardilar, kechirimli bo‘ling deyaverardilar. “Hayotda hamma narsa bo‘ladi. Kechiring, Alloh uchun kechiring, ko‘nglingiz xotirjam bo‘ladi”, derdilar gaplashib o‘tirganimizda.

To‘ti Yusupova. Foto: YouTube / Yulduz Fayziy

U yoq – bu yoqqa ketib qolsalar, uyimiz huvullab qolardi. Xo‘jayinim bilan uyga kirgimiz ham kelmasdi. Shifoxonaga ketganlaridan keyin uyimiz huvullab qoldi-ya deganimda: “Xudo xohlasa ertaga chiqarman, yana gurunglashib o‘tiramiz”, derdilar.

Shifoxonadan kelganlarida bolalarim shunaqangi xursand bo‘lib ketishardi. Shifoxonaga tushib qolsalar, menga xuddi buvijon boshqa qaytib kelmaydigandek bo‘lib tuyulaverardi. Shunday payt: “Ey Xudoyim, eson-omon tuzalib qaytsinlar”, derdim. Yaxshi bo‘lib qaytsalar bolalarim buvim keldilar deb rosa xursand bo‘lishardi.

Jamshid Niyozov yozib oldi.

Jurnalist Yulduz Fayziy muallifligidagi «Har nafasda uyg‘oqman: To‘ti Yusupova yaqinlari xotirasida» ko‘rsatuvi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid
Top