18:34 / 21.03.2022
41384

Qo‘qondagi «Hazrati Abbos» masjidi imom-xatibi oila a’zolari bilan is gazidan zaharlanib vafot etdi

Qo‘qon shahridagi «Hazrati Abbos» masjidi imom-xatibi Saidkamolxon domla Mahmudov turmush o‘rtog‘i va uch nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan xonadonida is gazidan zaharlanish natijasida vafot etdi.

Ma’lum qilinishicha, Saidkamolxon domla 2014 yildan buyon Qo‘qon shahridagi «Hazrati Abbos» masjidi imom-xatibi vazifasida ishlab kelgan. 21 mart kuni o‘zi, turmush o‘rtog‘i va uch nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan xonadonida is gazidan zaharlanishi natijasida vafot etgan.

«Janoza namozi bugun, 21 mart kuni soat 20:30 da marhumning xonadoni (Qo‘qon shahar Muqimiy shaharchasi Sangzor ko‘chasi)da o‘qiladi», – deyiladi xabarda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, hozirda ekspertiza o‘tkazilib, o‘lim sabablari aniqlanmoqda. Shuningdek, tergov harakatlari ham olib borilmoqda.

«Hududgazta’minot» matbuot xizmati xabar qilishicha, ushbu xonadonda gaz ta’minoti tashkiloti mutaxassislari o‘rganish ishlari olib borgan. O‘rganishda avtomobil saqlash joyida ikki konturli isitish qozoni o‘rnatilgani va uning tepasida yotoqxona joylashgani qayd etilgan.

«Shu bilan birga, dudbo‘ronda nosozliklar aniqlangan, xususan, uning yaxlitligi buzilgan. Bu esa is gazi to‘planishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan.

Shu bilan birga 2022 yil 18 fevral kuni xonadondagi gaz uskunalari profilaktik ko‘rikdan o‘tkazilib, xonadonda yashovchilarga yong‘in xavfsizligi qoidalari bo‘yicha tushunchalar berilgan. Bu haqda maxsus kitobda qayd etilgani ma’lum qilindi», deyiladi xabarda.

Avvalroq Andijon viloyati Asaka tumani Chek mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan «Asaka zotli chorva» fermer xo‘jaligi binosida 3 kishining jasadi topilgani, taxminlarga ko‘ra, ular is gazidan zaharlanib vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid
Top