14:26 / 21.03.2022
108129
WSJ: Kreml «B reja»ga o‘tdi

Putin endi Kiyevni olishni maqsad qilmayapti. Amerikalik yuqori martabali amaldorlar Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarida taktika o‘zgargani haqida xabar berishdi.

Foto: Stanislav Krasilnikov / Scanpix / LETA

Rossiya rahbariyati Ukrainada tezkor g‘alabaga erisha olmagach, harbiy taktikani o‘zgartirgan. Bu haqda The Wall Street Journal AQSh prezidenti ma’muriyatidagi yuqori martabali mansabdorlarga asoslanib xabar tarqatdi.

Nashrning yozishicha, endilikda Kreml, katta ehtimol bilan Kiyevni egallash harakatlarini to‘xtatgan va «B rejasi»ga — egallab bo‘lingan pozitsiyalarni tutib turishga o‘tgan. Bu shuni anglatadiki, alohida to‘qnashuvlar va shaharlarning o‘qqa tutilishi haftalar va hatto oylarga cho‘zilishi mumkin.

Avvalroq AQSh va ittifoqchilar prezident Putinning birinchi galdagi maqsadi bir necha kun ichida Kiyevni egallash va Zelenskiy hukumatini rossiyaparast rejimga o‘zgartirish ekanini aytgandi. Uch haftadan ortiq vaqt davom etgan janglardan keyingi vaziyat Putinni taktikani o‘zgartirishga undagan. 

Rossiya prezidenti nimani ko‘zlayotgani bo‘yicha berilgan baholarga ko‘ra, u Kiyevni Rossiyaning Ukraina janubi va sharqidagi hududlarga da’volarini qabul qilishga majburlamoqchi. 
 
«2014 yilda Qrimni va Donbassdagi hududlarni egallagan Rossiya endi o‘z g‘arbiy hududlari va Qrim yarimoroli o‘rtasida «quruqlikdagi ko‘prik» o‘rnatilishini ta’minlamoqchi, shuningdek, Donbass ustidan nazoratni kengaytirmoqchi», degan gazeta manbalari. 
 
Nomini sir tutish sharti bilan gapirgan amerikalik mulozimlar fikricha, agar bu hududiy talablar va Ukraina betarafligi bo‘yicha talab rad etilsa, Putin rossiyalik harbiylar tomonidan egallab olingan hududlarni tutib turishga harakat qiladi va jang qilishni davom ettiradi.

«Bizning harbiy baholarimizga ko‘ra, aftidan, [Putin] qamal taktikasiga qaytmoqda», degan AQSh ma’muriyatidagi manba. 
 
Shu bilan birga agar rossiyalik harbiylar muvaffaqiyatliroq harakat qila boshlasa, Putin o‘z harbiy maqsadlarini kengaytirishi mumkinligi istisno etilmagan. 
 
«[Ukraina] poytaxti maqomi ochiq masala bo‘lib qolmoqda, Ukrainaning kuchli qarshiligidan kelib chiqilsa, Rossiya qurolli kuchlari Kiyevni to‘liq o‘rab olish va uni egallash uchun bu yerda yetarlicha kuch yig‘a olishi qiyin masala», degan gazeta suhbatdoshlari. 
 
Wall Street Journal o‘z materialida Vladimir Putinning strategiyasi bo‘yicha bu talqin - razvedka hamjamiyatining rasmiy baholari natijasi emasligi, balki maxfiy ma’lumotlarga kirish imkoniga ega bo‘lgan AQSh rasmiylari nuqtayi nazari ekanini qayd etgan.

Bundan avvalroq Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich front «chizig‘i amalda muzlab qolgani», ikki tomon ham zaxiralarni to‘plashda davom etayotgani va ayni vaqtda hech bir tomon vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirishga qodir emasligi haqida aytgandi.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top