19:21 / 22.03.2022
7118

Mass-media fondi va Meta kompaniyasi o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi

Mass-media fondi direktori Nozima Davletova Meta kompaniyasining boshqaruvchi direktori hamda Katta Xitoy, Mo‘g‘uliston va Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat siyosati masalalari bo‘yicha rahbari Jorj Chen bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Uchrashuvda hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish bilan bog‘liq qator muhim masalalar muhokama qilindi”, deyiladi Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi xabarida.

Xabarga ko‘ra, shuningdek, TIV va O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari uchun raqamli diplomatiya bo‘yicha vebinar o‘tkazish mavzusi ham atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, ushbu vebinar diplomatlarimizga xalqaro axborot makonida kengroq auditoriyani qamrab olish va mamlakat manfaatlarini samarali ilgari surish maqsadida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning eng samarali ko‘nikmalarini egallash imkonini beradi.

“Vebinarning o‘tkazilishi Fond va Meta o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning birinchi qadami bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Top