16:31 / 23.03.2022
21597
«O‘ztransgaz»ning yolg‘on bayonoti. Bayram kunlari gaz bosimi pasayishi haqida soha tashkilotlari rasman ogohlantirilgan bo‘lib chiqdi

Bayram kunlari vodiy viloyatlarida gaz bosimi pasayishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. «O‘ztransgaz» AJ buni rad etdi. Ammo Kun.uz’ga kelib tushgan hujjatdan «O‘ztransgaz» yolg‘on bayonot bergani ma’lum bo‘ldi.

Foto: O‘ztransgaz

Tabiiy gazni aholi va mijozlarga sotuvchi operatorlarga yetkazib beruvchi shirkat –«O‘ztransgaz» bayram kunlari aholiga gaz ta’minoti bo‘yicha cheklovlar kiritilganini rad etgan edi. Bu haqda Kun.uz’da ham xabar berilgandi.  

«O‘ztransgaz»ning gaz bosimida hech qanday cheklovlar qo‘yilmagani haqidagi xabaridan so‘ng Kun.uz’ning «Hududgazta’minot» hududiy filiallaridan biridagi manbasi mazkur xabarni inkor qiluvchi hujjatni yubordi.

Unda «O‘ztransgaz» AJ tomonidan 17 mart kuni Energetika vazirligi, «Hududgazta’minot», «Issiqlik stansiyalari», «O‘zkimyosanoat» jamiyatlari va «O‘zsanoatqurilishmaterillari» uyushmasi havoning sovishi oqibatida gaz bosimi pasayishidan ogohlantirilgan.

Rus tilidagi faksogrammada «O‘zbekiston hududida havoning sovishi kutilayotgani, tabiiy gaz qazib oluvchi tashkilotlarda va tabiiy gaz importi bilan bog‘liq defitsit yuzaga kelishi va buning oqibatida Toshkent va Farg‘ona vodiysi hududlariga boruvchi tizimdagi quvurlarda tabiiy gaz bosimi pasayadi», deyiladi (tarjima tahririyatniki).

«Hududgazta’minot» vakillari aholiga tabiiy gaz yetkazib berishdagi muammolar markaziy quvurlarda gaz bosimi pasayib ketgani uchun yuzaga kelganini tasdiqladi.

Kun.uz’ga vodiy viloyatlaridan kelib tushayotgan murojaatlarda ayni kunlarda gaz bosimi keskin pasayib ketgani, ayrim hududlarda umuman gaz yo‘qligi aytilmoqda.

Top