08:10 / 23.03.2022
24524
Yevroittifoq davlatlari gazni birgalikda sotib olishni rejalashtirmoqda

Qo‘shma xaridlar bo‘yicha qaror shu hafta oxirida Yevropa ittifoqi sammitida qabul qilinishi mumkin. Bryussel imkon qadar tezroq Rossiyadan gaz importi bo‘yicha qaramlikni bartaraf etishni maqsad qilgan.

Foto: AFP

Yevropa ittifoqi davlatlari va Yevropa komissiyasi Yevropa ittifoqi gaz omborlarini to‘ldirish uchun kelajakda birgalikda tabiiy gaz, shu jumladan suyultirilgan gaz hamda vodorodni sotib olish niyatida. 

22 mart, seshanba kuni DPA agentligi xabariga ko‘ra, Yevroittifoq davlatlari yetakchilari shu hafta oxiridagi sammitda bu haqda qaror qabul qilishi kutilmoqda

«Keyingi qish arafasida a’zo davlatlar va Yevropa komissiyasi zudlik bilan gaz, suyultirilgan gaz va vodorodni birgalikda sotib olish bo‘yicha ishlarni boshlaydi», deyiladi agentlikka taqdim etilgan sammit deklaratsiyasi loyihasida. 

O‘tgan yilning o‘zidayoq Yevrokomissiya energiya tashuvchilar narxining oshishi munosabati bilan Yevroittifoq davlatlariga gazni ixtiyoriy ravishda birgalikda sotib olishni taklif qilgan edi - xususan, muzokaralardagi pozitsiyalarini yaxshilash uchun. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy mojaro gaz narxining yanada oshishiga olib keldi. 

Yevropa ittifoqining gaz xaridi miqdori qariyb 40 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi, shuning uchun Bryussel imkon qadar tezroq Rossiyadan gaz importi masalasida mustaqil bo‘lishni xohlaydi. Yangi hamkorlar izlayotgan Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Habek energetika sohasidagi hamkorlikni muhokama qilish uchun Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyurdi. 

23 mart kuni Yevrokomissiya Yevropa ittifoqidagi gaz omborlarini to‘ldirish bo‘yicha aniq talablarni taklif qilishi kutilmoqda: har yili noyabrgacha ular 90 foizga to‘ldirilishi kerak. Hozirda Yevropa gaz omborlari o‘rtacha atigi 26 foizga to‘lgan. 

Top