08:00 / 24.03.2022
508
2021 yilda Xorazmda yo‘ldagi «avariya»lar oqibatida 82 nafar inson nobud bo‘ldi

Xorazm viloyatida 2021 yilda 342 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, oqibatda 82 nafar inson vafot etgan, 263 nafari turli darajada tan jarohati olgan.

Foto: Xorazm viloyati IIB

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Bayxurazov «Xavfsiz va ravon yo‘l» tamoyili asosida yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash yuzasidan Xalq deputatlari viloyat kengashida hisobot berdi.

Qayd qilinishicha, 2021 yilda viloyat hududida 342 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, ularda 82 nafar inson vafot etgan, 263 nafari turli darajada tan jarohati olgan.

Yo‘l-transport hodisalarining 54,4 foizi (186 tasi) tezlikni oshirish, 12,3 foizi (42 tasi) quvib o‘tish qoidalarini buzish, 5,3 foizi (18 tasi) yo‘l belgilariga amal qilmaslik hamda 28 foizi (96 tasi) boshqa sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan. 

Ushbu yo‘l-transport hodisalarining 33 tasi (9,6 foizi) kunning qorong‘i vaqtida, yoritish moslamalari bo‘lmagan joylarda sodir etilgan.

2021 yil mobaynida yo‘llarda 212 724 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Ularning 33,9 foizi (72 005 tasi) qo‘pol qoidabuzarlikni, 1,4 foizi (2 934 tasi) mast holatda transport vositalarini boshqarish holatlarini, 4,0 foizi (8 591 tasi) piyodalar qoidabuzarliklarini va 0,3 foizi (726 tasi) velosipedni mast holda boshqarish hamda 60,4 foizi (128 468 tasi) boshqa holatlarni tashkil etadi.

Viloyat hududida «Xavfsiz va ravon yo‘l» tamoyili asosida, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, yo‘l harakati qoidabuzarliklarining oldini olish va inson xavfsizligini ta’minlash borasida tegishli ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 1478 dona yangi yo‘l belgilari o‘rnatilgan, 35 ta joyga yangi svetofor o‘rnatilgan, 359 ta piyodalar o‘tish joyi qayta tiklangan, 235 tasi yangidan tashkil etilgan, 120 kilometrdan ortiq ko‘cha va yo‘llarga 2 400 dan ortiq yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Shuningdek, avtomobil yo‘llarining qatnov qismi yaqinida joylashgan maktablar oldiga 58 ta «o‘quvchi-piyoda» maketi o‘rnatilgan.

Hisobot yuzasidan Xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilab olindi:

  • 4293 ta yo‘l belgilarini yangidan o‘rnatish;
  • 516 ta yo‘l ko‘rsatkichlarni o‘rnatish;
  • 77 ta svetofor o‘rnatish;
  • 4 954 ta yorituvchi moslama o‘rnatish;
  • 14 380 ta qarama-qarshi harakat yo‘nalishlarini ajratib turuvchi beton to‘siqlar o‘rnatish;
  • 163 km uzunlikdagi yo‘llarni kengaytirish;
  • 151 km uzunlikdagi yo‘llarning toifasini o‘zgartirish;
  • Tuproqqal’a tumani hududidan o‘tgan A-380 avtomobil yo‘lining 443,4 va 482,9 km qismida qayrilib olish joylarini yer ostiga yoki yer ustiga o‘tkazish;
  • shahar va tuman markazidagi ko‘chalarda yer usti piyodalar o‘tish joylarini tashkil etish.
  • tezlik rejimi buzilishini qayd etuvchi 45 ta radar moslamasini tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan o‘rnatilishini ta’minlash.
Mavzuga oid
Top