19:27 / 24.03.2022
12340
Aksilkorrupsiya agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tarqatib yuborildi

Avvalroq qator faollar kengashdan chiqib ketgan edi. Bir necha kun avval Kun.uz'ga intervyu bergan xalqaro ekspert Qodir Quliyev kengashda “monopol boshqaruv o‘rnatilgani”ni tanqid qilgan edi.

Foto: Getty Images

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tugatildi. Kun.uz bilan bog‘langan bir-biridan mustaqil ikki manbaning xabar berishicha, kengash tarqatib yuborilishiga uning “faol ishlamayotgani” asos sifatida keltirilgan.

Kengash a’zolaridan birining aytishicha, kengashni tarqatib yuborishdan maqsad undagi faollarni kengashdan chetlatish bo‘lgan. Shuningdek, u bir nechta faol blogerlar 2021 yildayoq jamoatchilik kengashidan chiqib ketganini ta’kidladi.

Holatga izoh bergan Korrupsiyaga qarshi kurashishi agentligi matbuot xizmati bugun, 24 mart kuni Jamoatchilik kengashining navbatdagi hisobot yig‘ilishi bo‘lganini tasdiqladi.

“Bugungi yig‘ilishda kengashning 2021 yildagi faoliyati bo‘yicha hisobot va 2022 yildagi rejalari ko‘rilishi kerak edi. Lekin kengashning ko‘pchilik a’zolari o‘z faoliyatidan qoniqmagani uchun uni tarqatib yuborish masalasi ko‘tarildi. Ko‘pchilik a’zolarning ovozi bilan Jamoatchilik kengashini tarqatib yuborish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Ushbu protokol endi agentlik direktori Akmal Burhonovga berilishi kerak, direktor ko‘rib chiqib imzolagach, bu hujjat yuridik kuchga ega bo‘ladi”, – dedi agentlik vakili Bahrom Burhoniddinov.

Shuningdek, Bahrom Burhoniddinov shu kungacha blogerlar Nikita Makarenko, Otabek Bakirov va Zafarbek Solijonovlar kengash a’zoligidan chiqib ketganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zosi, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro mutaxassis Qodir Quliyev 20 mart kuni Kun.uz'da e’lon qilingan intervyusida Jamoatchilik kengashining faoliyatini tanqidiy baholagan edi.

“Afsus, bizda [Jamoatchilik kengashida] birdamlik yo‘q. Jamoatchilik kengashi raisi tomonidan monopol kuchga ega tizim bo‘lyapti. Masalan, yaqinda kengash raisi o‘rinbosari lavozimiga ikki nafar nomzod tavsiya qilindi. Bilmayman, bu nomzodlar qayerdan tanlandi. Men jamoatchilik kengashi faoliyatida erkin fikrlashga to‘sqinlik paydo bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Yaqinda OAV oldida berilgan hisobotda men OAVlar oldida agentlik direktoriga savol bermoqchi edim, menga savol bergizmadi. Meni tanqidiy fikr bildirish, o‘tkir savollar berishimga to‘sib qo‘yishdi. OAV vakillari ketgach, men yig‘ilishda savollarimni so‘ramoqchi edim, yana jamoatchilik kengashi raisi meni to‘xtatishni boshladi. Aslida rais ham hamma a’zolar bilan teng huquqqa ega.

Umumiy qilib aytganda, ko‘p a’zolar jamoatchilik kengashi faoliyatidan qoniqmayapti”, – degandi Qodir Quliyev.

34 nafar a’zodan iborat Jamoatchilik kengashi 2021 yil 15 yanvar kuni tuzilgan edi. Kengash raisligiga Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi kafedrasi boshlig‘i Axtam Tursunov saylangan.

Mavzuga oid
Top