07:43 / 24.03.2022
14011
Ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga bojxona to‘lovlari nolga tushirilishi mumkin

Prezident Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari - iqtisodiy taraqqiyot vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Jamshid Qo‘chqorov tijorat banklari va Markaziy bank tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida aholiga rublda pul o‘tkazmalari uzluksiz amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bu ishni davom ettirish topshirildi, dedi u. 

«Ba’zi tadbirkorlar erkin konvertatsiya qilinadigan valutada kreditni qanday to‘lashi haqida tashvishlanayotgan bo‘lishi mumkin. Xabaringiz bor, o‘tgan yilning avgust oyida prezidentimiz tadbirkorlar bilan uchrashuvda ushbu kreditlarni so‘mda to‘lash imkoniyatini yaratish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Bu mexanizmdan har qanday tadbirkor foydalanishi mumkin», dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin oshishining oldini olish maqsadida ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga bojxona to‘lovlarini nolga tushirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. «Biz bu masala bo‘yicha tegishli qaror kiritamiz», dedi u. 

Mehnat muhojirlari muammolarini hal qilish uchun Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari vakillaridan iborat maxsus shtab tashkil etiladi.

Prezident soha va hududlarda har kuni monitoring o‘tkazish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Korxonalarning aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun revolver kreditlash tizimini yanada soddalashtirish muhimligi ta’kidlandi, dedi Jamshid Qo‘chqorov. 

«Transport-logistika masalalarini hal etish, jumladan, Uzbekistan Airways faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, tadbirkorlar, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes vakillariga sharoit yaratib berish, qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Soliq qo‘mitasiga ko‘rsatmalar berildi», dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Bundan oldin O‘zbekistonda soliq ma’murchiligiga oid barcha o‘zgarishlar to‘xtatib turilishi xabar berilgandi.

Moliya vaziri Timur Ishmetovga ko‘ra, budjet resurslaridan moliyalashtiriladigan ipoteka va ta’lim kreditlari foiz stavkalari ham ko‘tarilmaydi.

Top