17:43 / 24.03.2022
9364
Biolog Baxtiyor Sheraliyev - Xitoyda O‘zbekiston baliqlarini o‘rgangani, soxta intellektuallar va yo‘lini topa olmayotgan yoshlar haqida

Xitoyda ixtiologiya yo‘nalishi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan olim Baxtiyor Sheraliyev «Osmondagi bolalar» loyihasining 22-soni mehmoni bo‘ldi.

Farg‘ona viloyatida tavallud topib, FarDUni bitirgan va Xitoyning Chonching shahridagi Janubiy-g‘arbiy universitetida ixtiologiya yo‘nalishida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan Baxtiyor Sheraliyev hozirda Xitoydagi universitetda PostDoc lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Internetning o‘zbek segmentida biologiyaga oid o‘zbek tilidagi ilmiy materiallarni kengroq ommaga yoyish maqsadida tashkil etilgan Hujayra.uz loyihasi asoschisi bo‘lgan Baxtiyor Sheraliyev suhbat davomida yoshlardagi real muammolar va ularning yechimlari, ilmiy rahbar tanlash, demotivatsiya bo‘lgan hollarda qanday oyoqqa turish, «bajaruvchi»dan «fikrlovchi»ga aylanish kerakligi haqida tavsiyalarini berib o‘tdi.

Faoliyat yo‘li

Biologiya sohasiga chuqurroq kirib borishimda ustozim Zilola Ibragimovaning o‘rni beqiyos. Mendagi biologiyaga bo‘lgan cho‘g‘larni olovlantirgan, shu yo‘lga kirishimda va professional ushlashimda shu insonning mehnati katta. Fanga nisbatan samimiylikni, odilona bo‘lishlikni o‘rgatgan. Hech qachon olimpiadalardan oldin savollarni o‘zlari tuzgan bo‘lsalar-da, bermasdilar. Chunki bu ilm olayotgan insondagi eng yaxshi xislatlardan bo‘lishi kerak. Biolog bo‘lishimga asosiy sabab shu kishi bo‘lgan.

Hozirgacha ko‘z oldimdan ketmaydi. 2007 yilda Farg‘ona davlat universitetiga hujjatlarimni borib topshirmoqchi bo‘lganimda o‘sha yerdagilar: «Biologiya yo‘nalishiga qizlar topshiradi, o‘g‘il bolalar o‘qiydigan soha emas», degan. Men: «Biolog bo‘lgani keldim, biolog bo‘lishim kerak», deganman. Birinchi yiliyoq grantga kirganman. Men biologiyani biolog bo‘lish uchun o‘qiganman, o‘qituvchi bo‘lish uchun o‘qimaganman.

Bu maqsad qayerdan paydo bo‘lgan?

Biologiyani o‘rganishning o‘z metodlari bor. Birinchisi – kuzatish, ikkinchisi – taqqoslash. Kuzatish biologiyani o‘rganishning eng qadimgi metodlaridan biri. Shu narsa menda tug‘ma bo‘lgan, balki bobom biolog bo‘lgani uchunmi, doim kuzatib yurardim. Daftarlarim bo‘lardi, o‘simliklarni kuzatib, mollyuskalarni suvdan olib, tekshirib ko‘rardim. O‘qituvchilikdan ko‘ra, biologiyani o‘rganishda tabiiy qiziqishlar paydo bo‘lgan.

2011 yil bakalavrni tugatdim. Bakalavrni tugatayotgan payt amaliyotda dars berganmiz. Bakalavrdan keyin magistraturada zoologiyani o‘rganishni boshladim va maktabdan uzoqlashdim. O‘qish yarmidan universitetda laborant bo‘lib ishlab, kichik jihatlariga ham kirib borganmiz. Bu men uchun muhim maktab bo‘lgan. Magistraturaga kirishdan avval 1 yil maktabda dars berganman. Magistraturada o‘qiyotganimda 100 nafar o‘quvchiga repetitorlik qilish imkoniyati bo‘lgan, ammo laborantlikni tanlaganman. Laborantning oyligi ikki nafar bolaning repetitor puli bilan bir xil edi. O‘sha paytlarda maktab direktorimiz ham ruhiy dalda bergan va shu bilan ish boshlanib ketgan.

Moddiyat masalasi

Biz inson o‘laroq, e’tirof etilishga ehtiyoj his qilamiz. Nega aynan baliqlarni tanlaganman? Chunki bu yo‘lda mutaxassis yo‘q. Agar men rostdan ham chiqa olsam, eng zo‘r mutaxassis bo‘laman va e’tirof etilaman, degan ishonch bo‘lgan. Agar baliqchilikni tanlamaganimda, bu yo‘ldan qaytarishayotganda ham oyoq tirab olmaganimda, Xitoyga bormas va ilmiy tadqiqotlar qilmagan bo‘lardim. Rishtonda repetitorlik qilayotgan va «Osmondagi bolalar»da chiqayotgan qaysidir suhbatni havas va armon bilan tomosha qilib o‘tirgan bo‘lardim.

Men o‘zim uchun qoidalar ishlab chiqaman. Qoidalar yashashimni osonlashtirib beradi. Ba’zilar qoidalar bilan yashash qiyin deb o‘ylaydi, ammo har bir jarayonga bu qoidalarni tatbiq qilganimdan so‘ng yashashim osonlashgan. Ana shu qoidalardan biri – moddiyat muhim emasligi. Shu qoidalar mening ilm yo‘lidan yurishimga sabab bo‘lgan.

Moddiyatdan ustun bo‘lishlik

Hamma narsani ilmga to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi, baholab ko‘raman. Bu savolning javobi ilmda berib bo‘lingan. Masalan: Maslou ehtiyojlar piramidasi bor. Bizda har doim qornimga emas, qadrimga yig‘layman, deydi. Yo‘q, qorni to‘ygan odamgina qadriga yig‘laydi. Bizda birlamchi ehtiyojlar bor. Bular: yeb-ichish, uy-joy bo‘lishi, turmush qurish, kiyim kiyish – xuddi bular birlamchi. Qanday kiyim kiyish esa ikkilamchi ehtiyojga kiradi.

Odam ko‘rpasiga qarab oyoq uzatishi kerak. Masalan, mendan hech qachon biznesmen chiqmaydi, qobiliyat yo‘q. Xitoyda doimiy kirib-chiqish viza hamyonim bo‘lardi. Ko‘p biznesmenlar aytardi: «Sen bu viza bilan qancha savdogarchilik qilsang bo‘ladi, mana bu mahsulotni olib kelib sotsang bo‘lardi». Hamma o‘z ishini qilgani ma’qul. Mening soham bu – ilm.

Ilmni qattiq ushlagan odamni ilmning o‘zi boqib oladi

Men mazza qilib ishlashni, mazza qilib yashashni xohlayman. Shu maqsad ila repetitorlik qilsam-u, ilm bilan shug‘ullanmaganim, aynan shu sohada ketmaganim uchun yuragimda doimiy armon qolsa, bu ish menga tatimaydi. Ilmni qattiq ushlagan odamni ilmning o‘zi boqib oladi. Hozir mening moddiy ahvolim repetitorlik qilayotganlardan ancha-muncha yaxshi. Barchasi ilm tufayli, shu baliqlarga sodiq qolganim uchun. Sohamni hech qachon qo‘yib yubormaganligim uchun.

2014 yilda magistratura tugadi, ishga kirdim, oson bo‘lmagan. Qiyinchiliklar, ish stavkam kamligi va ish jarayonlarida har xil qarshiliklar. Lekin men bularni tabiiy qabul qilganman. Shunday bo‘lishi kerak ekan, shunday bo‘lyapti.

2015 yilgacha hayotimda hech narsa o‘zgarmasa, barchasini tashlab, Rishtonga borib repetitorlik qilaman, deb o‘zimga va’da berdim. O‘sha yili universitetga Xitoydan grant keldi. Shu grantga hujjat tayyorlay boshladim. Bunda ham qarshiliklar bo‘ldi. «1998 yildan beri hech kim yuta olmagan, baribir yarmidan tashlab qo‘yasan, vaqting ketgani qoladi», deyishdi. Lekin jarayondan o‘tdim.

Muammolardan ularni hal qilibgina qutulish mumkin

Bir kuni dars o‘tib tursam, Oliy ta’lim vazirligidan telefon bo‘lyapti. Shokka tushib qoldim, auditoriyada dars o‘tib turgan joyimda nima deyishimni bilmay qotib qolganman. «Sizning hujjatlaringiz qabul qilindi, Xitoyning shu universitetiga borasiz, pasportingizning stikerini tayyorlang», degan ma’noda telefon qilishgan. Shu qorong‘i tunnelda bir shu’la mening hayotimda tubdan burilishga sabab bo‘lgan.

Shu tariqa hujjatlar tayyorlangan va birinchi marotaba 2015 yilda 10 oylik amaliyot uchun Xitoyga ketganman. U yerga ketishdan asosiy sabab muammolardan qochib ketish emas. Chunki bir qoida bor, siz qanchalik muammolardan qochsangiz, ular sizni shunchalik ta’qib qilib boraveradi. Muammolarni hal qilibgina, ulardan qutulishingiz mumkin.

2017 yilda esa doktoranturada o‘qish uchun Xitoyga ketdim. U yerda baliqlarni klassifikatsiya qilish bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib bordim. Bugungacha o‘zimizda baliqlar taksonomiyasi bo‘yicha mutaxassislar bo‘lmagan. Lekin chet elliklar kelib o‘rgangan.

«Universitetga kirguncha Toshkent qayerda ekanligini bilmaganman»

Allohdan doim bir narsani so‘rayman: «Ilm yo‘limdan hech qachon qaytarma, menga shunday sinovlarni yubormaginki, ilm qolib ketib boshqa yo‘ldan yurib ketmayin. Shu ilm yo‘lida o‘zimni topishimga, seni anglashimga taqdir qilgin shuni». Allohning bu taqdiridan doim men roziman va bunga doimo shukrona aytaman.

O‘zingiz istagan ish bilan shug‘ullanganingizda siz hech qachon ishlamaysiz. Bu ish sizga hobbi kabi bo‘ladi. Laboratoriyaga borasiz, mazza qilasiz, biror baliq turini kashf qilib, aynan siz nom bersangiz o‘zingizda faxr tuyg‘usi paydo bo‘ladi.

Andijonda bir yangi baliq turini kashf qildik va unga Farg‘ona nomini qo‘ydik. Bu nom ortida mening familiyam turadi. Yuz, ikki yuz yildan keyin kimdir shu baliq haqida yozsa, mening familiyam turadi. Fan menga xuddi mana shunaqa tuhfani berdi. Bu tuhfa uchun umrimning oxirigacha faqat shu yo‘nalishda ketaman.

U yerga (Xitoyga) borganimda ilmiy rahbarim qaysi mavzuda ishlamoqchisan, degan. U yerda xalqaro darajada mavzular bor va xohlagan joyingizda borib qilishingiz mumkin. Men O‘zbekiston baliqlarini tanlaganman. Bu juda qiyin bo‘lgan. Chunki butun O‘zbekiston bo‘ylab yurib baliqlarni yig‘ishim kerak. Bir tarafdan qiyin bo‘lsa, bir tarafdan juda yaxshi bo‘lgan. Universitetga kirgunimcha Farg‘ona viloyatidan tashqariga chiqmaganman, Toshkent qayerda ekanligini bilmaganman. Ammo ilmim butun respublikaning har bir nuqtasiga borishimga imkon berdi.

Baliqlarning dunyo ilm-faniga aloqasi

Jamiyatda hamma har xil. Muhimlikni, ahamiyatni ba’zilar moddiyat bilan o‘lchasa, ba’zilar qadriyat bilan o‘lchaydi. Men o‘rganayotgan soha fundamental soha hisoblanadi. Fanda ikki soha: amaliy va fundamental sohalar bor. Fundamental sohada ishlayotgan tadqiqotchilar: matematik, fizik, biologik, ximiklar jamiyatga va iqtisodiyotga aynan o‘sha paytda qandaydir foyda yoki hissa qo‘shmayotgan bo‘lishi mumkin, ammo ular vaqt o‘tib jamiyatdagi qaysidir muammolarni hal qilishga yordam beradi.

Biologiyaning asosiy oldiga qo‘ygan maqsadlari bor. Ulardan bittasi yerda hayot qanday paydo bo‘lgan, qanday qilib hozirgi xilma-xillikka yetdi, insoniyat qanday paydo bo‘ldi, biz qanday tafakkur qilamiz, xotiramiz qanday ishlaydi, qanday qilib esimizda saqlab qolamiz, uni qanday realizatsiya qilamiz…

Insoniyatning oldida turgan muammolar bor. Odamlar soni yildan yilga oshib bormoqda, uni qanday, nimaning hisobiga boqish kerak. Bu savollar biologiyaning oldida turgan muhim savollardir. O‘sha savollarning javobi bir katta mozaika va har bir tadqiqotchi o‘sha mozaikaning bo‘laklarini joyiga qo‘yib kelmoqda.

Fundamental tadqiqotlarga, ya’ni ilmiy tadqiqot ishlariga butun dunyoga nisbatan olib qarasak, davlatlarning ajratayotgan mablag‘i o‘sha davlatning rivojlanganligi bilan to‘g‘ri proporsional. Ushbu ilmiy tadqiqotlarga eng ko‘p pul sarflayotgan davlatlar Isroil va Janubiy Koreyadir. O‘zbekiston misolida olsak, 2000 yilda YaIMning 0,36 foizini ilmiy tadqiqot ishlariga sarflagan, 2018 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 0,13 foizgacha tushgan. Fundamental soha arzon soha emas, u mablag‘ talab qiladigan soha. Ammo davlatning rivojlanishi uchun poydevorlardan bittasi hisoblanadi.

Biologiya faqatgina pedagog bo‘lish maqsadida o‘rganilayotgan bir kasbga aylanib qoldimi?

Asosiy muammo – jamiyatning akademik qismi namuna bo‘la olmagani. Bugungi jarayonning mevasini 10-15 yildan keyin ko‘ramiz. Agar biz o‘z vaqtida olimlarni ko‘targanimizda, reklamasi bilan yaxshiroq shug‘ullanganimizda yoki ularni misol sifatida, ibrat sifatida ko‘rsatganimizda edi, boshqacharoq bo‘lishi mumkin edi. Men biologman, biologiya o‘qituvchisi emas. Biologiya o‘qitish metodikasi yo‘nalishida o‘qigan bo‘lsagina, u biologiya o‘qituvchisi bo‘lishi mumkin edi. Bizning sohada eng oxirida, ilojsizlikda topiladigan kasb bu – o‘qituvchilik. Bu sohani tanlayotganlikning sababi esa maqsadsizlikdan deb o‘ylayman.

O‘zimning metodikam bor, shogirdlarimga aytaman: «Nima noto‘g‘ri ekanligini bilib olsang, to‘g‘rilarini o‘zi ham shundoq qoladi». Nima bizni rivojlanishdan to‘sadi, shularni bilib olsak, to‘g‘ri yo‘lda qolamiz. Shulardan biri maqsad yo‘qligi yoki uning o‘ta kichkina ekani. Maqsadlarimni o‘tirib qog‘ozga yozib chiqaman. Keyin ularni muhimlik darajasiga ko‘ra saralayman, muddat belgilab chiqaman. Maqsadlar aniq bo‘lgandan keyin uni to‘suvchi omil bor. Bu eksperimentlardan qo‘rqish. Ya’ni biz hayotimizda nimadir o‘zgarishidan qo‘rqamiz. Yana bir omil esa – sabrsizlik. Har qanaqa jarayon birdaniga sodir bo‘lmaydi. Siz bunga sabr qila olishingiz kerak. Men bu bosqichlarni bosib o‘tganman, o‘zimda his qilib ko‘rganman. Omillardan yana biri esa mehnatga uzoq vaqt dosh bera olmaymiz. Biolog bo‘lish, biologiya o‘qituvchi bo‘lishdan qiyinroq. Buning ham o‘ziga yarasha mashaqqati bor.

Maqsadni to‘g‘ri qo‘yish

Yoshlarning mashhurlikka o‘ta o‘chligini ham illatlar qatoriga qo‘shsa bo‘ladi. Endi shogirdlikka tushganlar ham maqola, kitob, qo‘llanmalar yozgisi keladi, lekin soha bo‘yicha fundamental ilmning o‘zi yo‘q. E’lonlarda ko‘rasiz, 6 oyda ingliz tilida ravon gapiring, deydi. Bu mumkin emas, biz 30 ga kirib o‘zbek tilida to‘g‘ri gapira olmayapmiz-ku, qanday qilib 6 oyda ingliz tilida ravon gapira olamiz. Boshlanishidan maqola chiqarish, mashhur bo‘lishga intilish befoyda, harakat qilish, mehnat qilish, olingan ta’lim bo‘yicha ketish kerak.

Shogird olayotganimda 3 ta narsani tushuntiraman. Birinchisi, maqsadni to‘g‘ri qo‘yish. Maqsadingiz menga shogird tushish bo‘lmasin. Men maqsadingizga olib boruvchi ko‘prik bo‘lay, deyman. Maqsadni qo‘yib olganingizdan keyin esa yo‘lboshchi toping, deyman. Agar ustozingiz bo‘lsa, maqsadingizga qaysi yo‘ldan borishingizni o‘rgatadi. Xitoydagi ustozim topshiriq berib, uyimga javob berib yuboradi. Borib topshiriqlarni bajaraman, keyinchalik bajaruvchidan o‘ylovchiga o‘tib qoldim. Tizimiga tusha olmaganman. Bu qiyinchiliklarni men boshimdan o‘tkazganman. Shunda ustozimga bir yil qiynalganimni aytganman, u: «Baxtiyor, men seni o‘zim yurgan yo‘ldan majburlasam, o‘z yo‘lingni hech qachon kashf qila olmasding. Sen o‘z yo‘lingni kashf qilishing kerak. Shuning uchun men seni xuddi shunday tarbiyalashga harakat qildim», degan. Mana shu uchta narsa: maqsad, ustoz va ustoz bilan o‘sha maqsadga yetishish yo‘li.

Yoshlikda olingan tarbiya va diniy qarashlarni hech qachon o‘zgartirib bo‘lmaydi

Hayot bu bitta ssenariy. Biz o‘sha ssenariyni chiroyli qilib yozishimiz, buni o‘zimiz qilishimiz kerak. Hayotimizni kimdir boshqarishiga qo‘yib bermasligimiz kerak. Bizni nima ish qilishimiz, qanday yashashimizni birov belgilab berishi kerak emas. O‘z hayotingiz ssenariysini tuzishingiz va o‘sha ssenariyda zo‘r aktyor bo‘lib o‘ynashingiz kerak.

Yoshlarimizdagi muammolardan yana biri bu ota-onaga moliyaviy jihatdan qaramlik. Deylik, o‘qishda o‘qiydi, hattoki uylanganidan keyin ham bola ota yoki onasini moliyaviy qarmog‘ida qolib ketadi. Shu sababli ota-onalarga ko‘p marotaba bolani yoshlikdan erkinlashtirish kerak, mustaqillikka o‘rgatish kerak, uning fikrini so‘rash kerak, degan bo‘lar edim. Masalan: kiyim tanlayotganda yoki ovqat tayyorlayotganda bolaning fikrini inobatga olgan holda qaror chiqarish kerak. Mana shu narsaning yo‘qligi yoki yetishmovchiligi katta bo‘lganda ham ketmaydi. Yevropaliklar ikkita narsani hech qachon o‘zgartirishga harakat qilishmaydi. Birinchisi – yoshlikda olingan tarbiya, ikkinchisi – insonning diniy qarashlari.

Ota-onasi bermagan tarbiyani beraman deb harakat qilma

Bilim bu – qurol. Qurolni munosib odamning qo‘liga berish kerak. Qurolni duch kelgan odamning qo‘liga bersangiz, biror joyni portlatib yuboradi. Shuning uchun, bilimni to‘g‘ri yo‘lda, munosib odamga berish kerak. Ota-ona farzandiga uchta narsa qoldirishi mumkin. Birinchisi mukammal, sog‘lom genlar. Bunda ota farzandlariga munosib ona tanlashi kerak. Tanlaganida ham salomatligi, tashqi ko‘rinishi, bilimi va hokazo barcha tomonlama hisobga olib tanlashi kerak. Yoki aksincha, ayol kishi farzandlariga ota tanlayotganda ham shu narsalarga e’tibor berish kerak. Genlar sog‘lom bo‘lishi kerak. Bu birinchisi, ikkinchisi esa yaxshi tarbiyadir. Bolaga yoshligida berilgan tarbiyani hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi. Yoshlikda berilgan tarbiyani katta bo‘lganda berish imkonsiz. Ota-onasi bermagan tarbiyani beraman deb harakat qilma. Yo‘q unda u narsa. Resursni ko‘kka sovurma deb o‘zimga-o‘zim ko‘p aytaman. Uchinchisi, bu bilimdir. Maktabda o‘qiyotgan bolaga biz yordam berishimiz kerak. U bola hali nimani o‘qishni, nimani o‘qimaslik kerakligini bilmaydi. Biz u bolani yo‘naltirishimiz kerak, salohiyatidan kelib chiqib, qiziqqan sohasida o‘zini topishlikka yordam berishimiz kerak.

Agar shu uchta narsadan biri sizda yo‘q bo‘lsa, nima qilish kerak? Bizdan keyingi avlod bizdan zo‘r yashashi kerak. Uylanmagan yosh yigit, ota-onasidan yaxshi genlar o‘tmagan bo‘lsa, nima qilishi kerak? U bolasi uchun yaxshi ona tanlashi yoki ayol bo‘lsa, bolasi uchun yaxshi ota tanlashi kerak va o‘sha muhitni yaratib berishi kerak. Agar taqdirimda yoki hayotimda nimadir sodir bo‘layotgan bo‘lsa, birinchi mas’uliyatni o‘zimga yuklayman. Chunki men uchun kimdir nimadir qilishga majbur emas.

Soxta intellektuallar haqida

Jamiyatning 5-10 foizini tashkil qiladigan lokomotiv qismi bor. Ular jamiyatni oldinga olib boradi. Dunyoda hamma narsani muhabbatni, diniy qarashlarni, e’tiqodlarni, do‘stlikni, xullas, hamma narsani soxtalashtirsa bo‘ladi. Ammo intellektni soxtalashtirib bo‘lmaydi. Chunki, yo‘q intellektni hech kim bor qilib soxtalashtira olmaydi. Jamiyatni oldinga olib boruvchi lokomotivlar bu akademik jamoa deyiladi. Ushbu jamoada ijtimoiy mas’uliyat bo‘ladi. Ular jamiyatdagi qaysidir jihatlar uchun mas’ul.

Oddiy odamlardan farq qilgan holda, u intellekt egalari uchun xos bo‘lgan bir xususiyat bor. Masalan: ular o‘z hayotlariga xavf bo‘lgan paytda ortga chekinishadi. Ular o‘z sohasida nimadir qoldirishga harakat qilishadi. Shu sababli ular o‘zining birlamchi, ikkilamchi ehtiyojlaridan kechadi. Masalan: so‘z erkinligi. Qaysidir ma’noda ortga chekinishi mumkin. Lekin bu jamiyatning orqaga ketishiga sabab bo‘ladi. Kamdan kam holda intellektlar hayoti xavf ostida payti xavfga nisbatan olg‘a yuradi. O‘shalar ortga chekingan paytda esa soxta intellektuallar, qo‘shtirnoq ichidagi olimlar, qo‘shtirnoq ostidagi mutaxassislar chiqa boshlaydi. Va ular faoliyati bilan jamiyatning tubga cho‘kib borishiga sabab bo‘ladi. Agar jamiyatda intellektuallar ijtimoiy bo‘ladimi, siyosiy bo‘ladimi ularga nisbatan o‘z fikrlarini erkin ayta boshlasa, u hukumatni tanqid qilyaptimi, boshqa biror soha bo‘yicha o‘z fikrlarini aytyaptimi, demak jamiyatda rivojlanish, odimlash bor. Agar jamiyatda yashayotgan intellektuallar mavjud siyosiy tuzum orqasidan yuryaptimi yoki ijtimoiy muhitdan chiqib keta olmayaptimi, demak ular yo o‘z hayotlariga xavfni sezyapti, yo o‘zini topa olmayapti, yoki ular yo‘q, allaqachon bu yerni tark etishgan.

Jamiyatni tark etuvchilarning aksariyati intellektuallar bo‘ladi. Ilm shunday narsaki, hech qachon ko‘chada qolmaysiz. Bir odamga kerak bo‘lmasangiz, ikkinchi odamga, albatta, kerak bo‘lasiz.

Sport davlatni ilm tanitganchalik natija bermaydi

Shunaqa universitet talabalari bor, ular aynan bir yo‘nalishni tanlab olib o‘qishga kirgan, ammo hali ham maqsadini aniqlashtira olmagan. Agar hozir biz o‘z sohasining mutaxassislarini qadrlamayotganimizni hozirgi yoshlar ko‘rishsa, hech qachon u sohaning rivojini bu yerda ko‘rmaymiz. Quruq qoshiq og‘iz yirtar. Professorim olim inson, xalqaro doirada 50 ta olimdan bittasi, ishga yaxshi mashinada keladi, laboratoriyasida hamma sharoitlar bor, davlat alohida grant ajratadi. Professor ham bunga loyiq. Aytmoqchimanki, qadri ta’minlangan, oyligi yaxshi, moddiy tomoni yaxshi, shuning uchun u o‘zini to‘la-to‘kis mana shu sohaga bag‘ishlaydi. Shu sohaga bag‘ishlagani sababli ham davlatga obro‘ olib keladi.

Doim sport davlatni tez tanitadi, deymiz. To‘g‘ri, sport tez tanitadi, lekin ilm tanitganchalik natijani bermaydi. Masalan: O‘zbekistonni boks bo‘yicha ko‘pchilik taniydi. Bitta bokschini qo‘lga kiritgan yutug‘i O‘zbekistonning sharafini ulug‘lashi mumkin, lekin olim ulug‘lagan sharafchalik bo‘lmaydi. Chunki olimning erishgan yutuqlari ortida jamiyatdagi qaysidir muammolarni hal qilish imkoniyati yotadi. U yerda potensial bor. Ilm qadrlansagina, u rivojlanadi va ortidan kimnidir ergashtiradi. Agar ilm qadrlanmasa, o‘z-o‘zidan kadrlar tashqariga oqadi va bu yerdagi yoshlar ilmni qattiq ushlay olishmaydi, chunki biz ularga namuna qilib hech kimni ko‘rsata olmaymiz.

Yo‘lini topa olmayotgan yoshlar

Amerikaning Vashington shtatida fanlar akademiyasi peshtoqiga «Intizom - koinotning birinchi qonunidir», deb yozib qo‘yilgan. Chunki, intizom bo‘lsagina, sizdan nimadir chiqadi, intizom bo‘lmasa, hech narsa chiqmaydi. Men buni hayotimdan bilaman, qandaydir intizomga amal qilsam, demak qandaydir ilmiy ahamiyatga erishganman. Intizomsizlikka yo‘l qo‘ygan paytim doim orqaga ketganman. Intizomsiz odam o‘ziga nisbatan, o‘zining hayotiga nisbatan mas’uliyatsizlarcha yondashsa, orzulari ro‘yxatini tuzib qo‘ygan bo‘lsa, qog‘ozda qolib ketadi.

Kelajakdagi rejalar

Men prinsipli odamman va o‘sha prinsiplarga amal qilishni yaxshi ko‘raman. Rejalar va maqsadlar amalga oshmaguncha ularni aytib bo‘lmaydi. Lekin umumiy ma’noda ilm-fan, ilmiy tadqiqot yuzasidan shu holatda davom etaman. Yana bir narsa aytishim mumkin, Markaziy Osiyoda ilm yo‘nalishida ixtiologiya maktabiga asos solmoqchiman. Chunki ko‘p xalqaro maktablar bor, ammo o‘zimizda, Markaziy Osiyoda bunaqa maktab yo‘q. Buni birgalikda amalga oshiramiz.

Top