18:14 / 24.03.2022
15266
Rossiya Izyum egallanganini, Ukraina Makarov qaytarib olinganini ma’lum qildi

Ukraina rasmiylari Izyum uchun janglar davom etayotganini ma’lum qilishgan.

Foto: Getty Images

24 mart kuni holatiga ko‘ra rossiyalik harbiylar Xarkov oblastidagi Izyum shahri ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgan. Bu haqda RF mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov ishtirokidagi brifingda ma’lum qilingan.

Vazirlik 24 martga o‘tar kechasi rossiyalik harbiylar Ukrainadagi 60 ta harbiy obektga, jumladan ikkita qo‘mondonlik punktiga hujum qilgani, Kiyev yaqinida havo hujumidan mudofaa tizimlaridan 13 tasi yo‘q qilingani va ikkita dron yo‘q qilingani haqida aytgan. Urush boshlanganidan buyon berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, RF Ukrainaning 257 ta uchuvchisiz uchish qurilmasi, 202 ta zenit-raketa majmualari, 1 572 ta tanki va boshqa turli jangovar mashinalarini yo‘q qilgani aytilgan.

O‘z navbatida, Xarkov oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov Izyum rayonida janglar davom etayotganini ma’lum qilgan. «Rossiyaliklar hujumni kuchaytirayotgan bo‘lsa-da, Ukraina armiyasi barcha hujumlarni qaytarmoqda, Ukraina qurolli kuchlari Izyum yaqinida ruslarning yana ikkita samolyotini urib tushirdi», — deyiladi uning telegramdagi postida.

Izyum — Xarkov oblastidagi uchinchi yirik shahar hisoblanadi. 2020 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda 46 ming kishi yashagan. Urush davrida Izyum og‘ir janglar kechayotgan nuqtalardan biriga aylandi. Shaharning bir qismi butkul vayron bo‘lgani aytiladi.

O‘z navbatida, 23 mart kuni Ukraina harbiylari Kiyev oblastidagi Makarov shahri ustidan nazoratni qaytarib olgan.

«Kun mobaynida, bizning himoyachilarimizning qahramona harakatlari evaziga Makarov ustida Ukraina davlat bayrog‘i o‘rnatildi, dushman uloqtirib tashlandi», deyiladi Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi bayonotida.

Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda Kiyev oblasti politsiyasi rahbari Andrey Nebitov avtomat ko‘targan va zirhli kiyim kiygan holda aholi punktini aylanib chiqayotgani aks etgan video tarqaldi: kadrlarda shahardagi binolarning ko‘pi qisman yoki to‘liq vayron bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Makarovni shahar aholisining deyarli barchasi tark etgan, shaharda politsiya faoliyati davom etmoqda.

Mariupoldagi vaziyat

Mart oyi boshlarida qamal qilingan va rossiyalik harbiylar tomonidan o‘qqa tutilayotgan Mariupolda tinch aholi vakillaridan kamida 100 ming kishi bor. Shaharda janglar davom etmoqda.

100 ming kishi raqami Rossiyadan bu odamlarni evakuatsiya qilish uchun sharoitlarni ta’minlashni so‘ragan Ukraina hukumati tomonidan yangragan.

Mariupoldagi vaziyat haqida Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida donetsklik biznesmen, shahardagi ikki metallurgiya kombinatlari egasi hisoblangan Rinat Axmetov aytib o‘tgan.

«Rossiya harbiylari Mariupolni xarobaga aylantirdi, mariupolliklarni o‘ldirdi va zavodlarni bombardimon qildi. Har qanday sharoitda ham bu zavodlar rossiyaliklar uchun ishlamaydi», degan u.

Axmetovning so‘zlariga ko‘ra, «Azovstal» zavodlari va Ilich nomidagi Mariupol metallurgiya kombinat ukrainalik askarlar qahramonliklari tufayli hamon Ukraina nazoratida bo‘lib turibdi.

«Ishonchim komilki, kun keladi, biz Ukrainani qaytadan quramiz va men Ukraina tiklanib, kuchli va farovon mamlakatga aylanishi uchun barcha kuch va mablag‘larimni sarflayman», degan u.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top