16:32 / 24.03.2022
15253
Shavkat Mirziyoyev Surxondaryodagi birinchi IES qurilishiga start berdi

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Surxondaryo viloyati Angor tumanida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev bo‘lajak stansiyaning quvvati va samaradorligi haqida so‘zladi.

Loyiha umumiy qiymati 1 milliard 200 million dollar bo‘lib, uning natijasida 1 ming 560 megavatt quvvat yaratiladi, yiliga 12 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha doirasida eng zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilib, yiliga 1 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Majmua Surxondaryodagi birinchi, oxirgi yillarda respublikada barpo etiladigan eng yirik issiqlik elektr stansiyasi bo‘ladi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, Surxondaryo neft, gaz, ko‘mir, qimmatbaho va rangli metallar, ko‘p turdagi bezak toshlar kabi 100 dan ortiq konlarga ega bo‘lsa-da, ular yetarli darajada o‘zlashtirilmagan. Shuning uchun kelgusi besh yilda bu viloyatda 7 milliard dollarlik 5 mingdan ziyod investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Surxondaryodagi 500 ming xonadonni ham nurga to‘ldiradi. Bundan tashqari, qo‘shni Afg‘onistonga yiliga kamida 3 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Loyiha Germaniyaning “Siemens Energy”, Fransiyaning “YeDF”, Niderlandiyaning “Stone City Energy” kompaniyalari tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Davlat rahbari sohada xususiy kapital ishtirokiga keng imkoniyatlar ochilayotganini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

– Biz oxirgi yillarda energetika sohasida katta islohotlarni amalga oshirib, sohani to‘liq transformatsiya qilmoqdamiz. Jumladan, elektr ishlab chiqarishga ilk bor xususiy sektor ishtiroki uchun keng imkoniyatlar ochildi. So‘nggi uch yilda umumiy quvvati 1 ming Megavattdan ziyod bo‘lgan 5 ta elektr stansiyasi davlat-xususiy sheriklik asosida ishga tushirildi. Jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 1 milliard dollardan oshdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirda ishtirok etgan “Siemens Energy” kompaniyasi prezidenti Kristian Brux va “YeDF” kompaniyasi ijrochi direktori Beatris Buffon O‘zbekistonda energetika tizimi zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinayotganini yuksak baholadi. 

Shundan so‘ng, davlat rahbari investorlar bilan birga ramziy tugmani bosib, issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlab berdi. Stansiyani 2024 yil oxirida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Top