Prezident farmoyishi bilan davlat rahbarining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Yo‘l xaritasi 7 ta yo‘nalishdan iborat. Unda, jumladan quyidagilar belgilangan:
- 2022 yilda 136 ta va 2023 yilda yana 140 ta yangi poliklinika faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
- 2023 yildan joylardagi poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlarini tashkil etish;
- oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish. Ularda ishlaydigan shifokor va hamshiralar ish haqiga qo‘shimcha ustama to‘lashni yo‘lga qo‘yish.
2022 yil 1 maydan:
- barcha tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida bolalar bo‘limini tashkil etish;
- tibbiyot brigadalariga 2022–2023 yillarda qo‘shimcha 8 500 ta hamshira va doya shtat birliklarini berish;
- 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni pediatr, stomatolog, endokrinolog, ortoped kabi eng zarur mutaxassislar tomonidan manzilli ko‘rikdan o‘tkazish tizimini joriy qilish;
- tajribali shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat berish;
- 3-15 yoshdagi bolalarni 2022 yil 1 iyuldan yod preparati bilan bepul ta’minlash;
- yangidan tashkil etilayotgan 46 ta tumanlararo perinatal markazlarda chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limi faoliyatini yo‘lga qo‘yish.