22:46 / 24.03.2022
9608
Toshkent shahrida mart oyidagi yog‘in miqdori tarixiy rekordni yangilashi mumkin  

Qayd etilishicha, poytaxtda mart oyida o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori odatda 70,2 mm. bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrida mart oyidagi yog‘gan yog‘in tarixiy rekordni yangilashi mumkin. Bu haqda Telegram’dagi Gidrometeorologik ilmiy tahlillar, ob-havo prognozlari, tadqiqotlar, ma’ruzalar kanali muallifi Erkin Abduahatov ma’lum qildi.

Uning yozishicha, o‘tgan asr ham, undan oldingi asrning oxirlarida ham Toshkentda mart oyida 184 millimetrdan ko‘p yog‘ingarchilik bo‘lmagan.

Toshkent shahrida kuzatuvlar 1870 yilda boshlangan — 152 yildan buyon poytaxtda muntazam, hech qanday uzilishlarsiz meteorologik kuzatuvlar amalga oshmoqda.

«Yoshi kattalar juda yaxshi eslashadi, 1968—1969 yilning qish mavsumi O‘zbekistonda juda sovuq va ko‘p qorli bo‘lgan. Shu bilan birgalikda 1969 yil mart oyida yog‘inlar ham favqulodda ko‘p yog‘gan. Bir oy davomida umumiy yog‘in 184 millimetr bo‘lgan. Bu poytaxtda bahor mavsumi boshidagi oy uchun kuzatuvlar tarixida eng ko‘p yog‘in yog‘gan ko‘rsatgichdir», deydi mutaxassis.

Ta’kidlanishicha, mart oyida o‘rtacha yog‘ingarchilik oy davomida 70,2 millimetr yog‘adi. Hozirning o‘zida poytaxtda 168 millimetr yog‘in yog‘ib bo‘lgan. Bu Toshkentda bir yilda yog‘ishi kerak bo‘lgan yog‘inning 37 foizidir. Oydagi me’yoriy o‘rtacha qiymatning esa 240 foizi.

«O‘zgidromet» tomonidan yog‘inlar poytaxtda 25 martga o‘tar kechasi, 26 va 27 mart kunlari yog‘ishi prognoz qilinmoqda. Ishonchli iqlim modellari bu davr uchun poytaxtda yana umumiy 16 millimetrga yaqin yog‘in yog‘ishini prognoz qilgan. «Balki, ushbu oy oxirida poytaxtda tarixiy rekord yog‘ingarchilik kuzatilishiga guvoh bo‘larmiz», deya qayd etadi u.

  • O‘zbekistonda mart oyi boshlaridan buyon yomg‘irli ob-havo davom etmoqda. «O‘zgidromet» hafta oxirida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel kelish xavfidan ogohlantirgan.
  • Eslatib o‘tamiz, Gidrometeorologiya xizmati markazi 17 mart kuni O‘zbekistonda 2022 yil mart oyi uchun ilgari kuzatilmagan darajada yomg‘ir yog‘gani haqida ma’lum qilgandi. Mart oyi boshlangandan beri respublikaning tog‘li va tog‘oldi hududlarida yog‘ingarchilik odatdagidan 2-3 marta ko‘p bo‘lgan. Toshkentda deyarli 2 oylik miqdorda yog‘ingarchilik yog‘gan. 
Mavzuga oid
Top