15:34 / 24.03.2022
12367

Toshkentda qizil chiroqda o‘tib ketgan haydovchi yirik YTH keltirib chiqardi, bir kishi vafot etdi

Toshkentda svetoforning qizil chirog‘ida yo‘ldan o‘tib ketgan haydovchi yirik yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘ldi. Voqea oqibatida bir kishi vafot etdi.

Foto: IIBB axborot xizmati

Poytaxt IIBB ma’lumotiga ko‘ra, 23 mart kuni soat 15:16 da Mirobod tumani, Taras Shevchenko-Fidokor ko‘chalari kesishmasida haydovchi, 1997 yilda tug‘ilgan S.Z. «Spark» rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotgan bo‘lgan.

IIBB dastlabki ma’lumotiga qaraganda, u svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanib, svetoforning yashil chirog‘ida harakatlanib kelayotgan haydovchi, 1998 yilda tug‘ilgan G.M. boshqaruvidagi «Malibu» rusumli avtomashina bilan to‘qnashuv sodir etib, yo‘l chetidagi daraxtga urilgan. 

Qayd etilishicha, «Malibu» avtomashinasi qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketib, o‘z yo‘nalishda xarakatlanib kelayotgan haydovchi, 1993 yilda tug‘ilgan R.D. boshqaruvidagi «Kobalt» rusumli avtomashina bilan to‘qnashgan.

To‘qnashuv natijasida «Spark» avtomashinasining haydovchisi S.Z. hamda birinchi yo‘lovchisi, 1998 yilda tug‘ilgan U.Yu. turli xil tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. «Spark» avtomashinasining ikkinchi yo‘lovchisi esa ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay kasalxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top