10:37 / 24.03.2022
8521
YPX xodimining tasvirini uning ruxsatisiz tarqatish taqiqlanishi mumkin

Ichki ishlar vazirligi YPX xodimlarining xizmat vaqtidagi foto va videosini ularning ruxsatisiz internetga joylashtirishni taqiqlamoqchi. Bu hujjat loyihasi uchun asos bo‘lgani aytilayotgan qaror ochiq manbalarda e’lon qilinmagan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda yo‘l harakati qatnashchilariga YPX xodimining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holatda olingan foto va video tasvirlarini uning ruxsatisiz tarqatmaslik majburiyati yuklatilishi mumkin.

Ichki ishlar vazirligi shuni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqdi. Loyiha 29 martgacha davom etadigan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Tushuntirish xatida yozilishicha, hujjat loyihasi prezidentning “Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022 yil 8 fevraldagi PQ–118-son qarori 4-bandiga muvofiq ishlab chiqilgan.

Mazkur qaror ochiq manbalarda yo‘q; xususan, lex.uz milliy axborot bazasiga ham joylanmagan.

Muhokamaga qo‘yilgan hukumat qarori loyihasining izohida qayd etilishicha, 118-sonli qarorning 4-bandida 3 oy muddatda huquq-tartibot organlari xodimlarining o‘z xizmat vazifasini bajarish chog‘ida olingan video va fototasvirlarni ularning ruxsatisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri internet tarmog‘iga joylashtirishni taqiqlash hamda bunday xatti-harakat uchun javobgarlikni belgilash bo‘yicha takliflar kiritish vazifasi belgilangan.

Top