18:08 / 25.03.2022
16019
Abramovichning Kiyev bilan muzokaralarda qatnashganiga oid tafsilotlar ma’lum qilindi

Milliarder muzokaralar jarayonini tashkillashtirishga yordam berish uchun Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ofisidagi yuqori martabali amaldor bilan uchrashgan.

Foto: Getty Images

Roman Abramovichning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda qatnashishini shaxsan prezident Vladimir Putin ma’qullagan, deb xabar berdi Financial Times o‘z manbalariga tayanib.

Gazetaning uch nafar suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra, milliarder muzokaralar jarayonini tashkillashtirishga yordam berish uchun Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ofisidagi yuqori martabali amaldor bilan uchrashgan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Abramovichning muzokaralarda qatnashishini shaxsan Putin ma’qullagani to‘g‘risidagi xabarga izoh bermadi. U avvalroq biznesmen «boshlang‘ich bosqichda» ishtirok etganini aytgandi.

«Sluga naroda» partiyasi rahbari va Ukraina delegatsiyasi a’zosi David Araxamiya Abramovich bilan Moskva va Kiyev o‘rtasidagi ilk muzokara o‘tkazilgan Gomelda uchrashganini tasdiqladi.

Gazetaning yozishicha, Roman Abramovich mart oyi boshida Moskvada Germaniya sobiq kansleri Gerxard Shryoder hamda Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy bilan uchrashgan.

Avvalroq The Wall Street Journal Zelenskiyning AQSh prezidenti Jo Bayden bilan suhbatidan so‘ng Qo‘shma Shtatlar Abramovichga qarshi sanksiya kiritmaganini yozgandi. Gazeta manbalarining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Moskva bilan muzokaralarda Abramovich muhim vositachi bo‘lishi mumkinligini aytgan. 

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top