17:53 / 25.03.2022
12577
“Chiroyli gaplardan amaliyotga o‘tish kerak” - Sardor Umurzoqov

“Chiroyli gaplardan amaliyotga o‘tish kerak. Biz, prezident Shavkat Mirziyoyev jamoasi amaliyot tarafdorimiz”, dedi Toshkent investitsiya forumining Markaziy Osiyo mintaqasiga bag‘ishlangan sessiyasidagi chiqishida bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov.

25 mart – Toshkent xalqaro investitsiya forumining ikkinchi ish kunida turli yo‘nalishlarda sessiyalar davom etdi.

Kunning birinchi yarmida “Markaziy Osiyoning investitsiya salohiyati” panel munozarasi bo‘lib o‘tdi. Unda bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov, Jahon banki va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki vakillari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning iqtisodiyot va sanoat vazirlari ishtirok etdi.

Sessiya davomida Sardor Umurzoqov mintaqadagi hamkorlarni mazkur forum taqdim etayotgan imkoniyatdan unumli foydalanishga chaqirdi.

“Chiroyli gaplardan amaliyotga o‘tish kerak. Biz, prezident Shavkat Mirziyoyev jamoasi amaliyot tarafdorimiz. 27 yil muhokama qildik, endi amaliy ishga kirishdik. Hali (iqtisodiy soha) sifat jihatdan muammolarga to‘la. Shu muammolarga tayyor bo‘lib, o‘zimizning ayni bir qolipdagi firklash doiramizdan chiqishimiz kerak.

Boshqa mamlakatlarga zarar yetkazib, yutishdan voz kechish kerak. Bugun yutqazamiz, ertaga nimadirdan yutamiz. 2016 yilda O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarida, xususan, chegara masalalarida ancha savollar bor edi.

Biz Afg‘oniston orqali tizimli tarzda Pokiston bilan savdomizni amalga oshirishni ilgari kim tasavvur qila olar edi?! Yuklar Karachiga 4 kunda yetib bormoqda. Hindiston bilan ham shu yo‘lakdan foydalanish kelishildi. Siyosiy iroda bo‘lsa, barchasiga erishamiz. Barchani ushbu forumni natijador o‘tkazishga chaqiraman”, – dedi O‘zbekiston hukumati vakili.

Umurzoqov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda forumda amaliy natijalarga erishilishini qayd etdi.

“Men nafaqat amaliy natija kutyapman, balki [investorlarda] O‘zbekistondagi imkoniyatlardan ko‘proq foydalanish istagini uyg‘otish niyatidaman. Bu orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun, qishloq xo‘jaligiga yangi innovatsiyalarni kiritish uchun, xizmat sohasini keskin rivojlantirish uchun ko‘proq to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya olib kelish, pirovard natijada odamlarimizning hayoti yaxshilanishi kerak”, – dedi u.

Forumda parallel ravishda makroiqtisodiy barqarorlik, moliya bozori, qishloq xo‘jaligi sanoati, transport logistika infratuzilmasini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda ham sessiyalar bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid
Top