12:10 / 25.03.2022
8021
«Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro savdo aloqalarida barcha to‘siqlarni olib tashlashi kerak» - Sardor Umrzoqov 

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilayotgan «Markaziy Osiyoning investitsiya salohiyati» mavzusidagi panel munozarada O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Markaziy Osiyo mamlakatlarining investitsion jihatdan o‘zaro bog‘liqligi haqida fikr bildirdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

«Nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi investitsiya kiritish uchun jozibador hisoblanadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, mintaqamiz integratsiyalashgan investitsion makon.

Markaziy Osiyo mamlakatlari bir-biriga raqib emas, balki bir-birini to‘ldirib turuvchi iqtisodiyotlardir. Ammo hozirda o‘zaro tashqi savdo aylanmasining ko‘lami hech birimizni qanoatlantirmaydi. O‘zaro savdo aloqalarimizdagi barcha to‘siqlarni olib tashlash zarurligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Bugungi kunda butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada mintaqa davlatlari uzoqdan bozorlar qidirishdan ko‘ra, o‘zaro savdo orqali bu muammolarni hal qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi deb o‘ylayman.

O‘tgan davr mobaynida Tojikiston va Qirg‘izistondagi hamkasblarimiz bilan birgalikda qo‘shma investitsion kompaniyalar va fondlar tashkil etdik. Ya’ni xorijdan investitsiya kiritilishi uchun bizda ma’lum sxemalar bor.

Bunday uchrashuvlar pozitsiyalarimizni aniqlashtirib olishimiz va yo‘l xaritalarini ishlab chiqish uchun juda ham muhim deb o‘ylayman.

Markaziy Osiyo bozorlarida o‘zaro o‘xshash muhit yaratilsagina, xorijiy investorlar uchun jozibali bo‘lishi mumkin. Xususan, xorijliklar uchun o‘xshash turistik vizalar joriy qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Besh yil oldin O‘zbekiston eng yopiq mamlakatlardan biri sifatida ko‘rilardi, bugungi kunda esa 90ta davlat vakillari mamlakatimizga vizasiz kirishi mumkin, 60ta davlat uchun soddalashtirilgan viza tartibi joriy qilingan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari bir-birlaridagi kamchiliklarni to‘ldirib, manfaatli sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘llarini topishi kerak.

Davlatimiz rahbari yig‘ilishlarida hamisha ta’kidlab o‘tadi, Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda va hamkorlikda rivojlanishi kerak. Bu borada infrastruktura va transport yo‘laklarini barpo etish bo‘yicha ishlar olib borilyapti. O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temiryo‘li qurilishining amaliy bosqichiga o‘tishni muhokama qilyapmiz. Turkmaniston va Qozog‘iston bilan ham manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yyapmiz».

Mavzuga oid
Top