07:45 / 25.03.2022
12646
Mulkdor buzilgan va berilgan uy-joyning bozor qiymati o‘rtasidagi farqni to‘lamasligi belgilandi
Foto: Kun.uz

Prezident tomonidan “Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun imzolandi.

“O‘zbekiston Respublikasi referendumi to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunlarga, JKning 227-moddasi 2-qismi “a” bandiga, JPKning 429-moddasi 2-qismiga hamda boshqa ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda, pasportlar bilan birga ID-kartalar ham qabul qilinadi.

Oila kodeksiga doimiy yashab turgan joyi bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. O‘zgartirishlarga ko‘ra, “yashab turgan joydagi” degan so‘zlar o‘rniga «doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan joydagi» degan so‘zlar qo‘llaniladi. Bundan tashqari, quyidagilar o‘zgartirildi:

225-moddaga ko‘ra, endi o‘limni qayd etish uchun FHDYo organiga marhumning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi talab qilinmaydi. 228-moddaning 4-qismiga ko‘ra, O‘zbekiston hududidan tashqarida tuzilgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlariga tuzatishlar kiritish haqidagi arizalarni ko‘rib chiqish ariza beruvchining arizasida ko‘rsatilgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi. Oldingi tahririda, yuqorida ko‘rsatilgan dalolatnomalar ariza beruvchining yashash joyidagi FHDYo organida ko‘rib chiqilar edi.
 
Uy-joy kodeksi 27-moddasiga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda, berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati va buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati o‘rtasidagi farq mulkdor tomonidan qaytarilishi talab etilmaydi. Ilgari, bu farq uy-joy berilgan yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquq berilgan paytdan e’tiboran besh yil ichida mulkdor tomonidan kompensatsiya qilinishi lozim edi.

Soliq kodeksi 126-moddasiga qo‘shimchalar kiritildi. Ularga ko‘ra, jismoniy shaxslarni soliq organlarida soliq to‘lovchi sifatida hisobga qo‘yish ularga vakolatli organ tomonidan identifikatsiyalovchi ID-kartalarni yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini berish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi. Bunda soliq to‘lovchi hisobga qo‘yilganini tasdiqlovchi alohida hujjat berilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxsini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish chog‘ida u bir vaqtning o‘zida soliq organlarida va davlat statistika organlarida hisobga qo‘yilgan holda berilgan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganini tasdiqlovchi hujjatdir.

Chet davlatlarning qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan chet el yuridik shaxslariga (shu jumladan kompaniyalar va boshqa korporativ tuzilmalarga) berilgan soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami to‘g‘risidagi guvohnoma soliq to‘lovchining ro‘yxatdan o‘tkazilganini tasdiqlovchi hujjatdir.

Top