07:20 / 25.03.2022
4858
Shavkat Mirziyoyev islohotlarni amalga oshirishdagi eng murakkab vazifa haqida gapirdi 

24 mart kuni poytaxtda birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi boshlandi, u O‘zbekiston prezidenti ishtirokidagi majlis bilan ochildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari o‘z nutqi davomida islohotlar yo‘lidagi eng murakkab vazifa haqida gapirdi.

"Oxirgi yillarda dunyoda yuz berayotgan pandemiya sinovlari, iqtisodiyot sohasidagi mavjud qiyinchiliklar va boshqa muammolar bizni nostandart choralar ko‘rishga, yangicha vaziyatda ishlash va natijaga erishishga o‘rgatmoqda.

Dunyodagi bugungi murakkab vaziyatda ham O‘zbekiston yashash va ishlash uchun tinch va xavfsiz makon sifatida tanilganini hech kim inkor qila olmaydi. Biz investorlar uchun eng qulay va jozibador sharoitlarni yaratish bo‘yicha harakatlarimizni yanada jadallashtiramiz.

Islohotlarni amalga oshirish jarayonidagi eng murakkab vazifa – bu faqat qonunchilikni o‘zgartirish yoki turli strategiyalarni ishlab chiqishdan iborat emas. Bular albatta muhim, lekin eng asosiysi – odamlarning dunyoqarashi va fikrlashini o‘zgartirish ekanligini, o‘ylaymanki, dunyodagi barcha islohotchilar tan olsa kerak", dedi prezident.

Davlat rahbari hozirgi zamon butun jahon iqtisodiyoti raqamlashtirish jarayoniga o‘tayotgan, “yashil” texnologiyalar va innovatsion taraqqiyot har qanday soha va biznes rivoji uchun ustuvor ahamiyat kasb etayotgan bir davr ekanligini ta’kidladi.

"Biznes va tadbirkorlik, xalqaro iqtisodiy aloqalar uchun beqiyos imkoniyatlar ochilayotgan mana shunday sharoitda sizlarni qadimiy sivilizatsiya va madaniyat maskani bo‘lgan, bugungi kunda yangilanish va islohotlar yo‘lidan dadil borayotgan Yangi O‘zbekiston bilan amaliy hamkorlik o‘rnatishga taklif qilaman.

Sizlarning mamlakatimizdagi muvaffaqiyatingizni ta’minlash O‘zbekiston prezidenti va hukumati tomonidan kafolatlanadi", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident anjumanning barcha ishtirokchilariga forum natijalari bo‘yicha muhim va samarali kelishuvlarga erishishni, kelgusi ishlarida esa yangi yutuq va zafarlar yor bo‘lishini tiladi.

Top