20:38 / 26.03.2022
25334
AQSh Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam beradiganlarni ikkilamchi sanksiyalardan ogohlantirdi

AQSh global moliyaviy jazolar tizimini ishga solishga tayyorligini bildirdi. Sanksiyalarni chetlab o‘tishda Rossiyaga yordam bergan uchinchi mamlakat kompaniya va shaxslari ham sanksiyalar ostida qoladi.

Foto: vesti-ua.net

AQSh Ukrainadagi urush tufayli G‘arb tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam beradigan Rossiyadan tashqaridagi jismoniy shaxslar va kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qildi. Bu haqda Financial Times xabar bermoqda.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyek Sallivanning aytishicha, Vashington “ikkinchi darajali” sanksiyalarni o‘z ichiga olgan butun dunyo iqtisodiy va moliyaviy jazolar tarmog‘ini kengaytirishga tayyor.

“Bizda bir nechta nazorat instrumentlari bor, ulardan biri – uchinchi tomon yurisdiksiyalaridagi AQSh sanksiyalariga amal qilmaydigan yoki ularni zaiflashtirish, qochish uchun tizimli harakatlarni amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxslarni aniqlashdir”, dedi Sallivan.

U agar kerak bo‘lsa, AQSh ushbu imkoniyatidan foydalanishga tayyorligini qo‘shimcha qilgan.

Nashrning ta’kidlashicha, ikkilamchi sanksiyalar butun dunyodagi kompaniyalar va investorlarni G‘arb yoki Rossiya bilan biznes yuritishni tanlashga majburlash orqali global iqtisodiyotga salbiy ta’sirni kuchaytirishi mumkin.

Sallivanning bunday sanksiyalarni qo‘llash tahdidi Xitoyning Ukrainadagi urush fonida Rossiyaga yordam ko‘rsatishi ehtimoliga oid muhokamalar fonida paydo bo‘ldi. Ba’zilar Pekinni Rossiya sanksiyalaridan qochish yo‘laklaridan biri deb ko‘rmoqda.

AQSh g‘aznachilik vaziri Janet Ellen juma kuni CBNC telekanalidagi intervyusida Xitoyga qarshi sanksiyalar qo‘llashga hozircha zarurat yo‘qligini aytdi.

“Hozircha bu zarur emas deb hisoblayman. Biz yuqori ma’muriyat amaldorlari sifatida Xitoy bilan ular bizning pozitsiyamizni tushunishlariga ishonch hosil qilish uchun muzokaralar olib bormoqdamiz. Agar ular Rossiyaga qurol yetkazib berayotgan bo‘lsa yoki biz Rossiya moliya tizimi va Markaziy bankiga qo‘ygan sanksiyalardan qochishga harakat qilsa, bu xavotirli bo‘lardi. Biz hozirda bunday bo‘layotganini ko‘rmayapmiz”, – dedi u.

Eslatib o‘tamiz, AQSh Rossiyaga nisbatan hozircha so‘nggi sanksiyalar paketida Rossiya Markaziy banki bilan oltin oldi-sotdisini taqiqladi. Shuningdek, Davlat dumasi deputatlari hamda qator yirik mudofaa va moliya tashkilotlari rahbarlarini qora ro‘yxatga kiritdi.

Avvalroq “katta yettilik” va YeI Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritishga kelishib olgani xabar qilingandi.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top