17:50 / 26.03.2022
5356
BMT O‘zbekistonda zo‘ravonlik qurbonlariga telefon orqali yordam ko‘rsatish bo‘yicha tavsiyalar berdi
Foto: BMT Aholishunoslik jamg‘armasi

2022 yilning 24-25 mart kunlari Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) va boshqa tashkilotlar hamkorligida zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarga ma’lumot va maslahat berish sifatini oshirish maqsadida 1146 ishonch telefonida ishlash bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi.

Tadbir Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, uning hududiy tuzilmalari, 1146 ishonch telefonida faoliyat yuritayotgan psixolog, operatorlar uchun tashkil etildi.

Seminar-treningda gender zo‘ravonlik va oilaviy nizolar o‘rtasidagi farqlarga oid masalalar ko‘rib chiqildi. Zo‘ravonlik qurbonlariga qonunchilikda kafolatlangan zarur xizmatlar, ularni ta’minlash tamoyillari va standartlarini ko‘rib chiqish, telefon orqali yordam ko‘rsatishni samarali tashkil etish atroflicha o‘rganildi. 

Shuningdek, ishonch telefoni xizmatchilari gender zo‘ravonlikni va xavf omillarini aniqlashni o‘rgandi, gender zo‘ravonlik oqibatlari, qonunchilik bazasi, gender zo‘ravonligiga javob berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishning standart operatsion tartiblari haqida ma’lumotlar oldi.

Foto: BMT Aholishunoslik jamg‘armasi

Jinsga asoslangan zo‘ravonlikka idoralararo javob, ishonch telefoni xizmatchilarining javob berish standartlari, telefon aloqasi bo‘yicha kommunikativ kompetensiya bo‘yicha o‘z ko‘nikmalari ustida ishlay olishi, kelajakda ushbu ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun telefon odobi va kasbiy do‘stlik tamoyillari haqida ma’lumot taqdim etildi.

Bundan tashqari, ishonch telefoni ishini sifatli ta’minlash va “kuyish sindromi”ning oldini olish maqsadida xizmatchilarga stressdan xalos bo‘lish va kuchni tiklash usullari taklif etildi.

Bildirilishicha, ishonch telefoni mutaxassislarini tayyorlash gender zo‘ravonligiga barham berishga qaratilgan keng ko‘lamli dasturning bir qismi bo‘lib, zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga ijtimoiy-huquqiy yordamning kompleks yondashuvini amalga oshirish uchun idoralararo munosabat va hamkorlik masalalari bo‘yicha tavsiyalarni berish, manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida salohiyatini yanada oshirishdan iboratdir.

Top