20:56 / 26.03.2022
47562

Shifokorlar oyligi, gaz-svet yangiliklari va IIVdan “no photo, no video” - hafta dayjesti

Tibbiyot xodimlariga atalgan prezident farmoyishida nimalar yozilgan? YPX xodimlarining videosini tarqatganlar jarimaga tortiladimi? Elektr va gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirishga oid qanaqa yangiliklar bo‘ldi? Ijtimoiy tarmoqlarni blokdan chiqarish va’dasi amalga oshadimi? Kun.uz'ning yakunlangan hafta dayjestida shu va boshqa mavzularda so‘z yuritamiz.

Shifokorlarning oyligi oshiriladi

Prezident sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari bilan uchrashuvda e’lon qilingan yangiliklar bo‘yicha farmoyish imzoladi. Unga ko‘ra, 2022 yil 1 iyundan boshlab tizimdagi xodimlarning oylik maoshi malaka toifasiga qarab 15 foizgacha oshiriladi.

Bundan tashqari, murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga 25 foiz ustama to‘lanadi, olis va chekka hududlarda ishlayotgan shifokorlarning oyligiga qo‘shimcha 2 mln so‘m qo‘shib beriladi.

1 maydan boshlab barcha tibbiyot xodimlari uchun dastlabki va davriy kasbiy tibbiy ko‘rik bepul bo‘ladi. Qon bilan bevosita ishlaydigan tibbiyot xodimlari gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlanadi. 1 iyuldan boshlab esa 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar yod preparati bilan bepul ta’minlanadi.

Hujjatga asosan, yangi o‘quv yilidan boshlab 15 ta tibbiy mutaxassislik bo‘yicha magistraturada davlat grantlari 4 baravarga oshiriladi. Olis va chekka hududlarda uzluksiz 3 yil ishlagan shifokorlar klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilinadi.

Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda ish vaqti soat 20:00gacha uzaytiriladi, ularda ishlaydigan shifokor va hamshiralar ish haqiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Tajribali shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat berilishi kutilmoqda. “Tajribali shifokor” deganda kim tushunilishiga hozircha aniqlik kiritilmadi. Darvoqe, mazkur farmoyishning o‘zi ham hozircha ochiq manbalarda yo‘q.

YPX xodimlarini tasvirga olib tarqatish taqiqlanishi mumkin

blj2BMJRH_uI-4k1bx8Cqw-9cz7RmkQK.jpg (890×600)
Foto: Videodan kadr

Prezident imzolagan, biroq ochiq manbalarda e’lon qilinmagan yana bir hujjat, aniqrog‘i Ichki ishlar vazirligi kiritmoqchi bo‘layotgan yangi taqiq shu hafta jamoatchilik e’tiborini tortdi. Vazirlik yo‘l-patrul xodimlarining foto va videosini ularning ruxsatisiz tarqatishni taqiqlamoqchi.

Agar muhokamaga chiqarilgan hukumat qarori loyihasi qabul qilinsa, O‘zbekistonda YPX xodimining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holatda olingan foto va video tasvirlarini uning ruxsatisiz tarqatish man etiladi. Jamoatchilik qarshiligiga uchragan bu qaror qabul qilinadimi-yo‘qmi, hali noma’lum, lekin shunisi aniqki, Ichki ishlar vazirligi faqat shu bilangina cheklanib qolmoqchi emas: vazirlik bu qoidani buzganlarni, ya’ni YPX xodimining videosini tarqatganlarni javobgarlikka tortishga oid qonun loyihasini ham tayyorlayapti.

Faollarning fikricha, bu – nafaqat ochiqlik siyosatiga, balki qonunlarga ham zid. Ichki ishlar vazirligi esa YPX xodimlari faoliyatini ijtimoiy tarmoqlarda yoritishga “ixtisoslashib olgan” blogerlarni sabab sifatida ko‘rsatyapti. Darhaqiqat, internetda bu soha vakillariga nisbatan tuhmat va haqoratlar, zamonaviy til bilan kiberbulling juda ko‘p, lekin vijdonsiz va qonunni mensimaydigan xodimlar shu yo‘l bilan fosh qilinayotgani ham bor gap.

Yana shuni aytish kerakki, O‘zbekistonda shaxsni obro‘sizlantirish va tuhmat tarqatishga nisbatan javobgarlik allaqachon bor, qaysidir xodim uni internetda kimdir kamsitgan deb hisoblasa, bemalol tegishli joylarga murojaat qilishi mumkin. Vazirlikning bu takliflari esa masalani chigallashtiradi, tizimli muammolarni yashirishga urinishdek ko‘rinaveradi.

Xuddi e’tirozlarga dalil bo‘lgandek, shu yangilik bilan bir kunda YPX xodimi haydovchiga elektroshoker qo‘llagani videosi tarqaldi. Namangan shahridagi voqeada haydovchi jarimasini vaqtida to‘lamagani ma’lum bo‘lgan, shundan keyin inspektor mashinani jarima maydoniga olib ketmoqchi bo‘lib, haydovchini mashinadan tushishga elektroshoker bilan majburlagan. Xodimning bu harakati qonunga zid bo‘lishi mumkin. Balki shuning uchundir, Namangan viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bu voqeaga oid videobayonotini Telegram kanalidan o‘chirib tashladi.

Ochiqlik masalasida yana ikki og‘iz. Ma’lum bo‘lishicha, shu yil 8 fevral kuni ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishga oid 118-sonli prezident qarori imzolangan. Hujjat ochiq manbalarda yo‘q, lekin shunisi ma’lumki, uning 4-bandida: “huquq-tartibot organlari xodimlarining o‘z xizmat vazifasini bajarish chog‘ida olingan video va fototasvirlarni ularning ruxsatisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri internet tarmog‘iga joylashtirishni taqiqlash hamda bunday xatti-harakat uchun javobgarlik belgilash” bo‘yicha 3 oy ichida taklif kiritish topshirig‘i berilgan.

Shu o‘rinda, prezident o‘tgan yili imzolagan ochiqlikka oid farmonni eslatib o‘tamiz. Farmonda cheklab qo‘yilgan axborotlarning ro‘yxatini tasdiqlab, ana shu ro‘yxatga kirmaydigan ma’lumotlarni maxfiylashtirishni taqiqlash belgilangan edi, ana shu talab hozirgacha bajarilgani yo‘q. Agar bajarilganida, ichki ishlar xodimlarini himoya qilishga oid hujjatni yashirishning imkoni bo‘lmasmidi, kim bilsin...

Surxondaryoda birinchi IES qurilishi boshlandi

j_8jdHbShbcjXyLg9S0JhQlkgL0qF6aD.jpg (1280×853)
Foto: Prezident matbuot xizmati

Surxondaryoning Angor tumanida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Bu yangilikning muhim tomoni shundaki, bu oxirgi yillarda O‘zbekistonda qurilgan eng yirik elektrstansiya bo‘ladi.

Germaniya, Fransiya va Niderlandiya kompaniyalari bilan davlat-xususiy sheriklik asosida quriladigan IESning quvvati 1,5 ming megavatt bo‘ladi. Taqqoslash uchun, oxirgi 3 yilda davlat-xususiy sheriklik asosida ishga tushirilgan 5ta stansiyaning umumiy quvvati ming megavatt edi.

Yangi stansiya 2024 yil oxirida bitkaziladi va yiliga 12 mlrd kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqara boshlaydi. 1,2 mlrd dollarlik stansiya qurilishiga Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida start berildi.

Albatta, IES ishlashi uchun gaz kerak. Energetika vaziri o‘rinbosari Azim Ahmadxo‘jayev bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston 2030 yilgacha tabiiy gaz qazib olishni 20 foizga oshirishni reja qilmoqda. Vazir o‘rinbosari gaz eksporti deyarli to‘xtatilgani, bundan keyin ham asosiy e’tibor ichki ehtiyojni qondirishga qaratilishini ma’lum qildi.

Kun.uz'ning aniqlashicha, hafta boshida vodiy viloyatlarida tabiiy gaz bosimi minimum ko‘rsatkichning yarmigacha kamayib ketgan. Biroq “O‘ztransgaz” buni tan olgani yo‘q.

Achinarlisi, gaz bosimi pasaygan kunlarning birida Qo‘qondagi “Hazrati Abbos” masjidining imom-xatibi is gazidan zaharlanib vafot etdi. Marhum Saidkamolxon domla Mahmudovdan tashqari, uning turmush o‘rtog‘i va uch nafar voyaga yetmagan farzandi ham halok bo‘ldi.

Kutilmagan yangilik: Ijtimoiy tarmoqlarni bloklash to‘xtatilishi aytildi

O‘zbekistonda 2015 yildan beri blokda bo‘lib kelgan, odamlarning esidan ham chiqib ketgan Skype VPN'siz ishlay boshladi. Axborot texnologiyalari vazirligi blokdagi boshqa tarmoqlar – Twitter, TikTok, VKontakte va WeChat'ga qo‘yilgan cheklovlar ham olib tashlanishini va’da qilmoqda.

Ko‘pchilik uchun kutilmagan bu xushxabar xorijdan 1,5 ming nafar mehmon chaqirilgan Toshkent investitsiya forumi kunlariga to‘g‘ri keldi. The Economist jurnalisti Joanna Lillis O‘zbekistonda Twitter bloklangani sabab forum haqida tvit yozolmayotgan xalqaro investorlarga buning oddiy yo‘lini o‘rgatgandek bo‘ldi: shunchaki, VPN ishlatishga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlar himoyasi degan yorliq bilan ijtimoiy tarmoqlardan o‘z serverlarini O‘zbekistonga olib kelish talab qilinyapti. Biz bu talabning mantiqsizligi va u tarmoqlar bloklanishidan boshqa natija bermasligi haqida ko‘p bora yozganmiz. Eslatib o‘tamiz, bu qonunni Telegram, Instagram, Facebook va YouTube'ga nisbatan ham joriy qilib ko‘rishgan, lekin buning ortidan IT vaziri, “O‘zkomnazorat” boshlig‘i va bosh vazirning IT bo‘yicha maslahatchisi ishdan olingandi.

Bu hafta O‘zbekistonda yana nimalar ro‘y berdi?

TlEBi80HAgVYtSzukdD7YGyqodBrPN5C.jpg (900×625)
Foto: Kun.uz

Samarqand xalqaro aeroportining qayta qurilgan yangi terminali ochildi. Ochiq turgan kitob shaklidagi terminal va aerodrom qurilishi qariyb 3 yil davom etdi. Yangi aeroport 1 apreldan xalqaro reyslarni qabul qila boshlaydi.

Chorshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy blok yig‘ilishini o‘tkazdi. Murakkab tashqi sharoitlar fonida narxlar barqarorligini saqlash uchun ayrim oziq-ovqat mahsulotlari bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadigan bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekistonda soliq ma’murchiligiga oid barcha o‘zgarishlar to‘xtatib turiladi.

Elektromobillarga oid keng qamrovli prezident qarori loyihasi e’lon qilindi. Unda budjet tashkilotlaridagi xizmat mashinalarini 2030 yilgacha yuz foiz elektromobillarga almashtirish, elektromobilda taksichilik qiluvchilarni 2040 yilgacha barcha litsenziya to‘lovlari va yig‘imlardan ozod etish, benzinda yuradigan mashinalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda yangi to‘lovlar joriy etish va elektromobillarga taalluqli ko‘plab imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilgan.

Hokimlar yer bo‘yicha yana bitta vakolatidan ayrildi. Prezident farmoniga binoan, endi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni auksion orqali ijaraga olishda hokim qarorini chiqartirish shart emas. Ekinzorlarni ijaraga berishda xorijdan qaytgan sobiq mehnat migrantlariga ustunlik berilishi aytilmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida koronavirus sababli to‘xtatilgan qatnovlar tiklanmoqda. 16 martdan boshlab Toshkentdan Qozog‘istonning 5ta shahriga avtobus qatnay boshladi. 2 maydan boshlab esa Toshkent va Almati orasida haftasiga uch marta tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tarqatib yuborildi. Xorazmning Hazorasp tumanida hokim o‘rinbosari 12 ming dollar bilan ushlandi, Samarqandning Ishtixon tumanida davlat xizmatlari markazi xodimi 6 ming dollar bilan qo‘lga olindi.

Top