15:35 / 27.03.2022
29280
Sirdaryoda soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari olgan porasining bir qismini qaytarayotganda qo‘lga tushdi

Sirdaryo viloyatida korrupsiya, Farg‘ona viloyatida firibgarlik holatiga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslar qo‘lga olindi. 

Foto: Videodan skrinshot

Sirdaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari mahalliy MChJ vakilidan muqaddam pora sifatida olgan 14,5 ming dollardan 5 ming dollarini qaytarib berayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

DXX matbuot xizmati xabar berishicha, 2021 yilda prokuratura organlari tomonidan Sirdaryo viloyatidagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida MChJning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha soliq idoralari hujjatli taftish o‘tkazgan. O‘sha davrda viloyat Davlat soliq boshqarmasida bosh inspektor bo‘lib ishlagan mansabdor shaxs aniqlangan 900 million so‘mga yaqin moliyaviy xato va kamchiliklar bo‘yicha belgilanishi lozim bo‘lgan 300 million so‘mlik jarima miqdorini 72 million so‘mga kamaytirib berish evaziga 14 ming 500 dollar miqdorida pora olgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda Sirdaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari mahalliy MChJ vakilidan muqaddam pora sifatida olgan pullaridan 5 ming dollarini qaytarib berayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Hozirda unga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatidagi tumanlardan birining Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i fuqaroni (1998 yilda tug‘ilgan) viloyatdagi harbiy qismlardan birining orkestriga tanishlari orqali ishga kiritib qo‘yishini aytgan. U evaziga 2 ming dollar olgan vaqtida DXX va Bosh prokuratura departamentining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlangan.

Hozirda mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top