07:49 / 28.03.2022
11742
Samarqandda 10 gektar yerni 250 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan MChJ rahbari ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi viloyat IIB hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida tezkor tadbirlar o‘tkazdi.

Foto: iStock

O‘zA xabariga ko‘ra, Nurobod, Jomboy va Urgut tumanlarida katta miqdorda noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘yildi. 

Nurobod tumanidagi MChJ rahbari, 1994 yilda tug‘ilgan Q.Z. jamiyat tasarrufidagi 10 gektar lalmi yer maydonini 250 ming AQSh dollari evaziga mahalliy fuqaroga sotishga kelishib, so‘ralgan pulning 100 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlandi.

Samarqand shahrida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan A.I. ijara asosida foydalanib kelayotgan Jomboy tumani “Mirza-Pay” irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli 1 gektar sug‘oriladigan yer maydonini 60 ming AQSh dollari evaziga hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilib, mahalliy fuqarodan 30 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Urgut tumanidagi MChJ rahbari, 1964 yilda tug‘ilgan X.A. jamiyatga tegishli bo‘lgan 5 sotix yer maydonini mashinalarga xizmat ko‘rsatish markazini tashkil qilish uchun 35 million so‘mga mahalliy fuqaroga sotayotgan vaqtida ushlandi.

Hozirda yuqoridagi shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksi tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top