07:43 / 28.03.2022
4286
Toshkent - Nukus - Mo‘ynoq yo‘nalishida ilk aviaqatnov amalga oshirildi
Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Toshkent - Nukus - Mo‘ynoq yo‘nalishida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Bu haqida Turizm va madaniy meros vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

26 mart kuni O‘zbekistonda Toshkent - Nukus - Mo‘ynoq yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovning ilk reysi amalga oshirildi. Yangi reysning tantanali ochilish marosimida Turizm va madaniy meros vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Mo‘ynoq tumani hokimligi vakillari ishtirok etdi.

1990-yillardan beri aviatashuvlar maqsadida foydalanilmayotgan Mo‘ynoq aeroporti prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan qayta rekonstruksiyadan chiqarildi va foydalanishga topshirildi.

Ikki yildan ortiq vaqt ichida ushbu aeroport uchun yangi terminal binosi, aeroport atrofidagi to‘siqlar va uchish-qo‘nish yo‘lagi barpo etildi.

“Endilikda Toshkent - Nukus - Mo‘ynoq hamda Mo‘ynoq - Nukus - Toshkent yo‘nalishida haftasiga ikki marta aviatashuvlar yo‘lga qo‘yilib, yo‘lovchilar o‘z manzillariga qulay tarzda yetkaziladi” deyiladi xabarda.

Top