08:55 / 29.03.2022
5551

9 mingdan 20 ming dollargacha: DXX hududlarda yer maydonlarini noqonuniy sotishga uringanlarni qo‘lga oldi

Samarqand, Xorazm va Sirdaryo viloyatlarida yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar DXX va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.

Foto: Shutterstock

Samarqand shahrida yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro 2015 yilda mahalliy MChJga issiqxona qurish uchun shahar hududidan ajratilgan 50 sotix yer maydoniga nisbatan egalik huquqini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga undan 60 ming dollar talab qilib, oldindan 20 ming dollar olgan vaqtda DXX, Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi tomonidan ushlangan.

Shuningdek, tezkor tadbir davomida ushbu noqonuniy oldi-sotdiga aloqador bo‘lgan yana bir shaxs – sotilayotgan yerning egasi bo‘lgan MChJ ta’sischisi ham qo‘lga olingan.

Boshqa bir holatda Ishtixon tumanida yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining ish boshqaruvchisi bilan kelishgan holda mazkur xo‘jalikning 8,5 gektar lalmi yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga undan 84 mln so‘m olgan vaqtda ushlangan.

Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida yashovchi 1980 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zganing ishonchiga kirib unga o‘zini go‘yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida faoliyat yurituvchi baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining rahbari sifatida tanishtirib, ushbu xo‘jalikning 244 gektar yer maydonini yuqori lavozimli tanishlari yordamida auksion savdolari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qiladi. U ushbu xizmati evaziga 250 mln so‘mni “avans” tarzida olgan vaqtida DXX Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari 15 gektar yer maydonini 38 ming dollarga sotishga kelishib, xaridordan bo‘nak sifatida 10 ming dollar olgan vaqtda, yana bir holatda esa 1971 hamda 1989 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan ikki shaxs Yangiyer shahridagi 3 gektar yerni tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 9 ming dollar olgan chog‘ida ushlangan.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqandda 10 gektar yerni 250 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan MChJ rahbari, Qoraqalpog‘istonda 10 sotix yerni 10 ming, Buxoroda esa 1 sotix yerni 2 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lganlar, Sirdaryoda sport maydonchasi qurish uchun ajratilgan 18 sotix yerni 18 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingandi.

Top