17:50 / 29.03.2022
52636
Bill Geyts havodan toza suv olish bo‘yicha startapga sarmoya kiritdi

Gidropanelning tashqi ko‘rinishi quyosh batareyasini eslatadi, faqat u elektr o‘rniga suv ishlab chiqaradi.

Foto: Source Global

Microsoft asoschisi Bill Geytsning Breakthrough Energy venchur fondi havodan suv oluvchi gidropanellar ishlab chiqaradigan Source Global startapiga sarmoya kiritdi, deb xabar berdi CNBC.

Startapga ayni paytgacha 150 mln dollar sarmoya kiritildi. Investorlar orasida BlackRock va Lightsmith kompaniyalari hamda Duke Energy holdingi bor.

Source Global bosh direktori Kodi Frizen panellarni 2014 yilda, Arizona universitetining muhandislik maktabida ishlab yurgan vaqtida ixtiro qilgan. Bir yildan keyin esa panellarni ishlab chiqarish bo‘yicha startapni yo‘lga qo‘ygan.

Dastlabki 40ta gidropanel 2018 yilda Keniyada o‘rnatilgan, hozirda bu panellardan 52 mamlakatda foydalanilmoqda.

Gidropanelning tashqi ko‘rinishi quyosh batareyasini eslatadi, faqat u elektr o‘rniga suv ishlab chiqaradi. Bita panelning narxi 2 ming dollar turadi.

Top