15:25 / 29.03.2022
62256
Bosh prokuratura vafot etgan xodimining oilasiga salkam 1 mlrd so‘m to‘laydigan bo‘ldi

2021 yilning 26 aprel kuni Bosh prokuraturaning 33 yashar xodimi Samir Rahmonov vafot etgan edi. Marhumning otasi Kun.uz'ga bergan intervyusida o‘g‘lining voyaga yetmagan farzandlari boquvchisiz qolgani sababli qonun hujjatlarida belgilangan tovon puli berilishini so‘rab, dastavval bosh prokuror nomiga xat bilan murojaat qilganini, biroq iltimosi bo‘yicha rad javobini olgach, Bosh prokuraturani sudga berganini ma’lum qilgandi.

Marhum Samir Rahmonov / Foto: Kun.uz

Da’voni birinchi instansiyada ko‘rib chiqqan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2021 yil 17 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan, da’vogar – A’zamjon Rahmonovning javobgar – Bosh prokuraturaga nisbatan farzandi vafoti munosabati bilan ish joyidan nafaqa puli hamda ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da’vo va qo‘shimcha da’vo arizalari rad qilingandi.

Shundan so‘ng da’vogar fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga FIB Mirobod tumanlararo sudining hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritgandi. Apellyatsiya shikoyati Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, sudlov hay’atining ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgandi.

A’zamjon Rahmonov Kun.uz'ga bergan intervyusida o‘lim sababini aniqlash bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmagani, Samir Rahmonovning jasadini ekspertizaga olib bormoqchi bo‘lishganda u o‘g‘lining tanasi yorilishiga rozi bo‘lmaganini aytgan, bu harakatini o‘lim sababi ekspertizasiz ham ro‘yi-rost ma’lumligi, farzandining bosh miyasida qon tomirlari yorilgani yaqqol ko‘rinib turgani bilan izohlagandi.

A’zamjon Rahmonov

Shuningdek, marhumning yaqinlari hodisa ro‘y bergan kuni ish beruvchi – Bosh prokuratura mehnat inspeksiyalarini jalb qilib, xodimining o‘limi yuzasidan surishtiruv o‘tkazmagani, qonunchilikda belgilangan tartibda dalolatnomalar tuzmaganini aytishgandi.

Sud mazkur holatlarda qonunchilik talabi buzilgan deb topgan va ishni puxta o‘rganmagani uchun 2021 yil 6 dekabr kuni sudlov hay’atining ajrimi bilan RSTEIAM Toshkent shahar filiali Morfologiya bo‘limi Sergeli punktining davlat sud tibbiy ekspertizasi boshlig‘i hamda Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspeksiyasi boshlig‘iga nisbatan xususiy ajrimlar chiqargan.

Ish birinchi instansiya sudida qayta ko‘rila boshlaganda A’zamjon Rahmonov olamdan o‘tgan edi.

Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berishicha, marhum A’zamjon Rahmonovning javobgar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan boquvchisining vafoti munosabati bilan nafaqa pulini undirish va ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi da’vo arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetib, sud qarori e’lon qilingan.

Sudning 2022 yil 10 martdagi ajrimi bilan da’vogar A’zamjon Rahmonov vafot etganligi sababli uning javobgar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan boquvchisining vafoti munosabati bilan nafaqa pulini undirish va ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi da’vo arizasi ish yurituvidan tugatilgan.

Sud tashabbusi bilan da’vogar tomonidan mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan marhum Samir Rahmonovning bevasi – N.Rahmonova sudga javobgar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan turmush o‘rtog‘ining ish joyida vafoti munosabati bilan voyaga yetmagan farzandlari va o‘zi uchun nafaqa, sug‘urta tovoni va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2022 yil 28 martdagi hal qiluv qaroriga asosan N.Rahmonovaning javobgarga nisbatan boquvchisining vafoti munosabati bilan nafaqa pulini undirish va ma’naviy zararni qoplash haqidagi da’vo talablari qisman qanoatlantirilgan.

Sud qarori bilan Bosh prokuratura N.Rahmonovaning foydasiga 951 275 952 so‘m miqdorida biryo‘la to‘lanadigan nafaqa puli va 20 000 000 so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirilishi hamda davlat foydasiga 76 642 076 so‘m davlat boji to‘lanishi belgilangan.

Toshkent shahar sudlari axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, hal qiluv qaroriga nisbatan u qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya shikoyati (protesti) berilishi mumkin. Apellyatsiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori hamda apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan esa Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya instansiya sudining ajrimi qabul qilingan kundan e’tiboran bir yil ichida kassatsiya shikoyati (protesti) berilish mumkin. Ish apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan bo‘lsa, hal qiluv qarori ustidan kassatsiya tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin emas.

Top