08:06 / 29.03.2022
3887

Jahon banki O‘zbekistonda soliq ma’muriyatchiligini isloh qilishga 60 mln dollar ajratdi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining “Jahon banki ishtirokidagi “Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

“Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish” loyihasini amalga oshirish uchun Jahon banki direktorlar kengashi 2021 yil 16 iyunda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan O‘zbekistonga 30 yil muddatga, shu jumladan 5 yil imtiyozli davr bilan 60 mln AQSh dollari miqdorida qarz ajratilishini ma’qullagan. Loyihani amalga oshirish davri besh yil (2022–2027 yillar) etib belgilangan.

Loyihani amalga oshirishning maqsadli ko‘rsatkichlari:

  • soliqlarni hisoblash va to‘lashni avtomatlashtirish darajasini 90 foizgacha yetkazish;
  • soliq organlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar bilan to‘liq qamrab olish;
  • QQSni undirish jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish orqali ushbu soliqning undiruv darajasini 75 foizgacha yetkazish;
  • soliq to‘lovchilarning soliq hisobotlarini tayyorlash, taqdim etish va soliqlarni to‘lash uchun vaqt sarfini 2 baravargacha kamaytirish.

Qaror bilan quyidagilar belgilandi:

  • Davlat soliq qo‘mitasi loyihaning o‘z vaqtida amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, shuningdek, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi qarzlaridan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas’ul hisoblanadi;
  • Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan ajratiladigan qarzni qaytarish, shuningdek, qarz bo‘yicha foiz, xizmat ko‘rsatish va majburiyatlar uchun vositachilik haqi hamda bojxona to‘lovlari, soliqlar va yig‘imlar (bundan ish haqi bilan bog‘liq bo‘lgan soliqlar mustasno) bo‘yicha xarajatlarni qoplash respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
  • Davlat soliq qo‘mitasi huzurida alohida bank hisob raqamini ochish huquqiga ega bo‘lgan, faoliyati Xalqaro taraqqiyot uyushmasi krediti va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etiladi.

Hujjat bilan quyidagilar ham tasdiqlangan:

  • loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari;
  • Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan ajratiladigan qarzlarni qaytarish bo‘yicha prognoz jadvali;
  • soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish, sohaga axborot texnologiyalarini joriy etish va soliq organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”.

Bundan oldin soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmagan tadbirkorlar ma’muriy javobgarlikka tortilishi xabar berilgandi.

Top