15:37 / 29.03.2022
39409
Ozod etilgan shahar xarobalari va Xarkovda ovqat uchun navbatlar. Urushning 33-kuni yakunlari

G‘arb kompaniyalari Rossiyani tark etishda davom etmoqda - bu safar Carlsberg va Heineken. Mamlakatda mustaqil ommaviy axborot vositalari deyarli qolmadi: «Novaya gazeta» amalda faoliyatini to‘xtatdi. Mariupolda urush boshlanganidan buyon tinch aholi vakillari bo‘lgan besh mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. Ukraina qo‘shinlari bir necha yo‘nalishlarda qarshi hujumga o‘tdi va qator aholi punktlarini qaytarib oldi.

Xarkov: yong‘in va yer ostidagi hayot

Xarkov - Ukrainaning ikkinchi yirik shahri, bu yerda bir yarim million kishi yashaydi. Shahar har kuni o‘qqa tutilmoqda. Odamlar imkon qadar bombapanagohlardan tashqariga chiqmaslikka intilmoqda, faqat oziq-ovqat va itlarni aylantirish uchun chiqishga to‘g‘ri keladi.

Xarkov metrosi shaharliklarni bombalar va artilleriya zarbalaridan himoya qilib keladi. Odamlar bunday sharoitda yashashga moslashib ulgurishdi - ular taburetkalari, yig‘ma stul va karavotlari bilan kelib joylashishgan.

Shahardagi barcha yerto‘lalar ham band. Talaba dasturchilar Vladislav va Vitaliy Maminlar bu yerda urush boshlanganidan buyon ota-onalari bilan yashab kelmoqda. Ular nima bo‘lsa ham, o‘qishni to‘xtatmaslikka qaror qilishgan. Ular yashaydigan hududda allaqachon gaz va ichimlik suvi yo‘q, ammo leptoplarni quvvatlantirish imkoniyati hozircha saqlanib turibdi.

O‘t o‘chirish guruhlari to‘xtovsiz ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda va ular yetib borish mumkin bo‘lgan joylarga yetib borib, o‘z ishini qilishmoqda. Shahardagi ayrim favqulodda xizmat bo‘linmalari binolari Rossiya artilleriyasi tomonidan yo‘q qilingan. Bu suratda Xarkovdagi tumanlardan birida joylashgan omborxonaga qilingan hujumdan keyin chiqqan yong‘in aks etgan.

Mariupol: vayron etilgan shahar

Rossiya armiyasi Mariupolga olib boruvchi barcha yo‘llarni to‘sib qo‘ygan. Shahar mart oyi boshidan buyon qamalda qolmoqda. 28 mart kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyalik harbiylar shaharga kirmoqchi bo‘lgan gumanitar karvonlarni o‘qqa tutgani va haydovchilarni o‘ldirishgani haqida xabar berdi. 

Mariupol meri Vadim Boychenkoning xabar qilishicha, qamalning 27 kunida shaharda 5 ming kishi halok bo‘lgan, shundan 210 nafari bolalar.

Mariupolda 170 ming atrofidagi kishi qolmoqda. 140 ming kishi shahar qamal qilinishidan oldinroq ketishga ulgurgan, yana 150 ming kishi qamaldan keyin evakuatsiya qilingan. 16 mart kuni odamlar yashiringan dramateatrning bombardimon qilinishi oqibatida 300 nafarga yaqin kishi qurbon bo‘lgan.

Shahardagi binolarning 90 foizi shikastlangan, yetti shifoxonadan uchtasi to‘liq vayron bo‘lgan, qolganlari ham jiddiy jabrlangan. Shahardagi vaziyat gumanitar halokat yoqasida qolmoqda.

Kiyevda yodgorliklarni asrashga urinishmoqda

Kiyev atrofida Rossiya texnikalari tez-tez zarbaga uchrab yonib ketadi.

Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik harbiylar shimoliy-g‘arbiy yo‘nalishda poytaxtdan 15-20 km masofada, sharqiy yo‘nalishda esa 55 km masofada turibdi. Shahar o‘qqa tutilmoqda. Ukraina harbiy qismlari shaharga olib boruvchi asosiy yo‘llarni nazorat qilmoqda, Kiyev oblastining bir qismida nazorat Rossiya armiyasi qo‘lida.

Kiyev mudofaasida Ukraina qurolli kuchlari bilan birga hududiy mudofaa kuchlari ham qatnashmoqda.

Kiyevda ham boshqa shaharlardagi kabi yodgorliklarni ehtimoliy zarbalardan asrash maqsadida qum to‘ldirilgan qoplar bilan o‘rab qo‘yishmoqda.

Irpenning ozod etilishi, Chernigovning qamal qilinishi

Ukraina armiyasi Kiyev oblastidagi Irpen shahrini ham rossiyalik harbiylardan ozod etgan. Shahar meri Aleksandr Markushin hozircha tinch aholi vakillari uchun Irpenga qaytish xavfsiz bo‘lmasligi, hududni tozalash ishlari davom etayotganini bildirgan.

Irpen uchun janglar fevral oyidan buyon davom etayotgandi.

Lutskdan havo zarbalari haqida xabarlar kelgan, Roven oblastida neft bazasiga yana bir raketa zarbasi berilgan, Xarkov, Chernigov va Umanida dushanba kuni havo hujumidan trevogalar yangragan.

Chernigov meri shahar rossiyalik harbiylar tomonidan o‘rab olingani haqida xabar bergan.

Quyida urushning 33-kunida olingan asosiy suratlar.

Sumi oblasti, Trostyanets shahridagi jiddiy jabrlangan turar joy binosi. Ukraina harbiylari qarshi hujum paytida shaharni qaytarib oldi. 
Felipe Dana / AP / Scanpix / LETA
Trostyanets aholisi jangdan keyin qoldirib ketilgan, o‘t ochilmagan artilleriya snaryadlarini ko‘zdan kechirmoqda.
Efrem Lukatsky / AP / Scanpix / LETA
Ikkinchi jahon urushi yodgorligi fonida ishdan chiqarilgan tank, Trostyanets.
Efrem Lukatsky / AP / Scanpix / LETA
Ukrainalik askarlar rus harbiylarining yuk mashinasini o‘zlashtirmoqda. 
Aris Messinis / AFP / Scanpix / LETA
Xarkov viloyatidagi Malaya Rogan qishlog‘ining rus qo‘shinlaridan ozod qilinishi.
Aris Messinis / AFP / Scanpix / LETA
Ukrainalik jangchi Kiyev oblasti Lukyanovka qishlog‘i chekkasida rossiyalik askarni dafn qilmoqda
Serhii Nuzhnenko / Reuters / Scanpix / LETA

 

Mariupoldagi ko‘chalardan biridan o‘tib borayotgan kishilar.
Mixail Tereshchenko / TASS
Xarkovda gumanitar yordam uchun navbat. Foto: Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA

 

Xarkovda o‘t o‘chiruvchilar ombordagi yong‘inni o‘chirmoqda. Omborda Rossiya qo‘shinlarining snaryadlari tegishi oqibatida yong‘in chiqqan. 
Roman Pilipey / EPA / Scanpix / LETA
Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top