21:59 / 30.03.2022
37944

«Burilish pallasi» yoki «nafas rostlash» - ekspertlar Istanbul muzokaralari haqida

Seshanba kuni Istanbulda o‘tkazilgan Ukraina va Rossiya muzokaralari kutilmaganda optimistik notada yakunlandi. Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy rossiyaliklar prezidentiga Ukrainaning takliflarini yetkazishini aytdi va hatto ikki mamlakat rahbarlari uchrashuvini tezlashtirishni taklif qildi, Rossiya mudofaa vazirligi esa Ukraina shimolidagi harbiy amaliyot qisqartirilishini ma’lum qildi. Ekspertlar muzokaralarning istiqbollariga turlicha nazar bilan qarashmoqda, ammo ularning barchasi Rossiyaning maqsadlari kamtarlashib borayotganini ta’kidlashmoqda.

Foto: Anadolu Agency

Ukraina takliflarida qator davlatlardan xavfsizlik kafolatlari evaziga mamlakatning bloklardan xoli maqomini belgilab qo‘yish haqida ham gap ketadi. Shuningdek, Kiyev Moskvaga 15 yil davomida Qrim va Sevastopol maqomi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni o‘tkazishni, masalani hal ertishda qurolli kuchlardan foydalanmaslikni taklif qilmoqda. Donbass masalasini ikki mamlakat prezidentlari alohida punktlar bo‘yicha muhokama qilishi mumkin.

Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy Rossiya Ukrainadan «pozitsiya aniq shakllantirilgan» taklif olganini ma’lum qildi. Bu punktlar yaqin vaqtlar ichida ko‘rib chiqilib, prezidentga hisob beriladi va Kiyevga javob qaytariladi.

Muzokaralar yakunlanishi bilan bir vaqtda Rossiya mudofaa vazirligi Kiyev va Chernigov yo‘nalishlaridagi harbiy harakatlar keskin pasaytirilganini ma’lum qildi.

Muzokaralarda Ukrainaning «denatsifikatsiya» va «demilitarizatsiya» qilinishi haqida gap ketmagani, Rossiya delegatsiyasi bungacha «qabul qilib bo‘lmas» deb hisoblangan takliflarni muhokama etishga tayyorligini namoyish etishi, shuningdek harbiy harakatlarni qisman qisqartirish to‘g‘risidagi va’da, bularning bari Rossiyaning maqsadlari kamida avvalgidek ambitsiyalarga ega emasligini ko‘rsatadi.

Rossiyaning bunday kelishuvni ma’qullashi ehtimolini hozirdan 1996 yilda Birinchi chechen urushiga chek qo‘ygan Xasavyurt shartnomasi bilan solishtirishmoqda. Bu shartnoma rus armiyasi olib ketilishi va Chechen respublikasining «kechiktirilgan maqomi»ni nazarda tutardi.

BBC rus xizmati ekspertlarning muzokaralar natijasi Rossiya pozitsiyalarini qanchalar boy berganini anglatishi yoki Rossiya hukumati so‘nggi o‘zgarishlarni urush tarafdorlariga qanday tushuntirishi borasidagi fikrlarini jamladi.

«Real natijalar yo‘q»
Grigoriy Golosov, politolog

Golosov Istanbuldagi uchrashuvdan keyin muzokaralarning dastlabki natijalari haqida gapirishga ham hali erta deb hisoblaydi.

Real natijalar yo‘q ekan, hozirda ikki tomon ham o‘z g‘alabasi haqida aytishi mumkin. Ikki tomon ham muzokaralar jarayoniga sodiqligini namoyish etishga urinmoqda va Rossiya buni ko‘z-ko‘z qilishni afzal ko‘rmoqda. Katta ehtimol bilan, ular shu tariqa sanksiyalarning yangi paketidan qochishga urinmoqda.

Rossiya mudofaa vazirligi Kiyevga qarshi faol harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi bayonoti - «bu Rossiya mazkur yo‘nalishda harbiy harakatlarni o‘tkaza olmasligi faktining tasdiqlanishidir», deya ishonch bilan aytadi ekspert.

Golosovning nuqtayi nazariga ko‘ra, Rossiyaning dastlabki rejasi ish bermagan, shuning uchun endi Kreml rossiyaliklarni kerakli natijalarga erishilganiga ishontirish uchun qo‘yilgan vazifalarni «orqa sana» bilan o‘zgartirishga harakat qilmoqda.

«Ushbu kampaniya mohiyati avvalboshdan yaqqol aniq edi - u bir necha kun ichida Ukrainani mag‘lub etish, u yerda qo‘g‘irchoq hukumatni o‘rnatish va bu hukumat bilan Rossiya aytadigan shartlarda shartnomalar tuzish edi. Bu reja shunchaki ishlamadi. Va endi Rossiya rahbariyati qanday qilib bo‘lsa ham o‘z aholisiga ma’qul keladigan maqsadlarni shakllantirish yo‘llarini qidirmoqda», deya qayd etadi Golosov.

Ekspertning fikricha, «ijtimoiy tarmoqlarda operatsiyani qo‘llab-quvvatlab yozayotgan» tarafdorlarining asosiy qismini Kreml tashviqot orqali qo‘yilgan maqsadlarga erishilganiga ham ishontira oladi.

«Ular unchalik ma’lumotga ega emaslar, ular propagandaga moyil bo‘lishadi va ko‘pincha bu operatsiya haqida propagandachilar aytadigan gaplarni qabul qilishga tayyor bo‘lishadi. Shuning uchun men Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarining hozirgi tarafdorlari orasida keng ko‘lamda keskin norozilik uyg‘onishini kutmayman, hech bo‘lmaganda yaqin kunlarda», deya qayd etadi politolog.

Ammo tarafdorlar orasida yaxshi ma’lumotga ega va Rossiyaning oldindan e’lon qilgan yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlagan qatlam ham bor.

«Bu odamlar operatsiyaning dastlabki maqsadlari qanday bo‘lganini yaxshi bilishadi va men o‘ylaymanki, agar Rossiya bu maqsadlarga erishib bo‘lmasligini tan olsa, ular juda qattiq ranjishadi. Operatsiyaning bunday faol siyosiylashgan tarafdorlari Rossiya rahbariyatiga xavf tug‘dirishi mumkin va mamlakatda ichki siyosiy vaziyat murakkablashadigan bo‘lsa, ular Rossiya maxsus xizmatlari e’tiborini tortadi, xizmatlar esa bunday ehtimoliy tahdidni zararsizlantirishga harakat qiladi», deya xulosa qiladi ekspert.

«Burilish lahzasi»
Kirill Rogov, politolog

«Biz kampaniyada ma’lum burilish nuqtasi va Rossiya tomonidan vaziyatni yumshatish boshlanishini ko‘rmoqdamiz. Bu harbiylarning bayonotlarida ham yaqqol ko‘rinmoqda, bu bayonotlar kamida hozirgi bosqichda Rossiya Kiyevni olish rejasidan voz kechib, e’tibor Donetsk va janubdagi frontlarga qaratilganini ko‘rsatmoqda.

Muzokaralardagi gaplar sulh shartlariga o‘xshamoqda, bu o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida bitim tuziladigan holat, tomonlar o‘z chegaralarini turlicha talqin qiladi va bunga ko‘z yumib, kelishishadi. Shuning uchun bu uzoq muddatli kelishuv emas, o‘t ochishni to‘xtatish shartlari bo‘lishi mumkin. Masalan, «Minsk-2» shunday tuzilgandi. Shu ma’noda bu, albatta, ancha dalda beruvchi voqea, ammo barcha masala Rossiya tomoni sharq va janubdagi maqsadlarini qanday talqin etishiga borib taqaladi.

Ko‘rinib turibdiki, bu maqsadlar Donbassga to‘liq egalik qilish va Qrimga quruqlikda yo‘l ochishdan iborat. Bu masala hozircha tushunarli emas va sulh tuzilishi tomonlar mavjud status-kvoni qanday talqin qilishlariga bog‘liq, ammo umuman olganda, bu butun kampaniyada sezilarli burilish va bu umidlantiradi. Katta ehtimol bilan ushbu muammoli hududlar istisno qilinganda Ukrainaning katta qismida vaziyat yumshaydi.

Rossiyada rasmiy nuqtayi nazarni qo‘llab-quvvatlaydigan va bu harbiy kampaniyaning aqlga muvofiqligiga dalillar keltirishga urinadiganlar ham, menimcha bu keskin bosqich yakunlanishini kutishmoqda. Shu ma’noda tinchlik bo‘yicha bitimlar va turli bayonotlar yengil qabul qilinadi. Odamlar bu muvaffaqiyat emasligiga ko‘z yumishadi va kampaniya natijasi noaniq qolishi hech kimni xavotirga solmaydi.

Xasavyurt kelishuvi [Birinchi chechen urushiga chek qo‘ygan 1996 yilgi sulh] ham Rossiyada ancha ijobiy qarshi olingandi. O‘shanda ham rossiyalik harbiylar amalda mag‘lubiyatga uchragan, katta yo‘qotishlar berib, Checheniston ustidan nazorat o‘rnata olmagandi - va barcha hammasi tugaganidan yengil tin olgandi.

Bir necha yil o‘tib revansh olish istagi yuzaga kelishi boshqa masala, ammo yana bir bor qayd etamanki, bugungi kunda paydo bo‘layotgan kelishuv, bu shartnoma emas. Bu o‘t ochishni to‘g‘risidagi kelishuv - tomonlar o‘z pozitsiyalarini, nazorat hududlari va chegaralarni turlicha talqin etishadi, ammo o‘t ochishni to‘xtatish uchun bu farqlarga shunchaki ko‘z yumishadi.

«Noaniq bayonotlar va ritorikaning o‘zgarishi»

Semyuel Grin, Londondagi King's College qoshidagi Rossiya instituti direktori

Siyosiy xulosalarni frontda biror o‘zgarish bo‘lganidan keyin berish mumkin.

Chunki istalgan narsani aytishingiz, uzoq vaqt davomida aytishingiz mumkin, ammo bunda haqiqat ulushi juda kam bo‘ladi. Shuning uchun noaniq bayonotlar va ritorikaning o‘zgarishiga asoslanib, qandaydir xulosalar chiqarishga shoshilmaslik kerak.

Bir haftadan buyon talablarni yumshatish tomon tendensiya ketayotgandi. Hozirda Moskva rejimni o‘zgartirishni talab qilishda davom etayotgani, Moskva «denatsifikatsiya» talab qilayotgani haqidagi gaplar tobora kamroq yangramoqda. Endi jangovar topshiriqlarning muhim qismi bajarilgani haqida bayonotlar bo‘lmoqda.

Urush tezroq yakunlanishiga umid qilish mumkinmi? Mumkin, ammo umid qilish kerak emas. Axir bu urush umuman bo‘lmasligi haqida ko‘p gapirilgandi. Ukraina va uning G‘arbdagi hamkorlari bu shunchaki nafas rostlash va qayta hujum boshlash uchun taktika deb qo‘rqishadi.

Yana bir jihati bor - bu muzokaralar jarayoni aynan nima bo‘yicha ketayotgani ma’lum emas. Odamlarni o‘ldirishni to‘xtatish uchun sulh tuzish haqida gaplar bor va bu yaxshi. Ammo bu tinchlik va umuman mojaroni hal qilish uchun muzokaralar emas. Muzokaralar aslida hozirda rossiyalik harbiylar bo‘lib turgan, ular 24 fevraldan keyin egallab olgan shahar va hududlar bo‘yicha bo‘lishi kerak.

G‘arbdagi doiralarda, ehtimol Kiyevda ham shunday xavotir borki, muzokaralar shartli «Minsk-3» bilan yakunlanadi va barchani ko‘p yillar davomida mojaro qayta tiklanishini kutish holatida bo‘lishga majbur qiladi. Bu esa, albatta, Ukraina uchun barqaror tinchlik retsepti emas.

«Kremlda tanlov yo‘q»
Abbas Gallyamov, politolog

«Hozir hukumat tarafdorlari ikki lagerga bo‘lingan. To‘rtdan uch qismi Istanbuldagi xabarlardan xursand, to‘rtdan biri g‘azabga mingan. Kamchilik qismi bo‘layotgan hodisalarni «xoinlik» deb atamoqda.

Xursand bo‘layotgan ko‘pchilik, albatta, rus armiyasi va rus diplomatiyasining yutuqlaridan hayratga tusha olmaydi, ammo hozirgi dahshat tez orada tugashi mumkinligidan quvonch mavhum «vatanparvarlik» mulohazalaridan ustun keladi. Kelgusida bu ko‘pchilikda ham savollar ko‘payadi.

Kreml, albatta, barchasini tushunadi, ammo unda tanlov yo‘q. Ukrainada tezkor g‘alabaga erishishning imkoni bo‘lmadi, hozirgi «maxsus amaliyot»ni o‘ziga xos adoqsiz afg‘on urushiga aylantirish esa rejada bo‘lmagani aniq. Bir vaqtlar Afg‘oniston sovetlar ittifoqining legitimligini tugatganidek, Ukraina bilan harbiy qarama-qarshilik uzoq davom etishi Putin rejimini ham qulatgan bo‘lar edi.

Nima bo‘lganda ham, bugun Rossiya tomoni namoyish etayotgan adekvatlikni olqishlash mumkin. Bu majburiy xarakterda bo‘layotganiga qaramay…»

«Ehtiyotkorona optimizm»
Andrey Kortunov, Rossiya xalqaro ishlar kengashi

Bu kutilganidan ham yaxshiroq. Buni mudofaa vazirligining so‘nggi bayonotlari kontekstida ko‘rib chiqish kerak - Kiyev-Chernigov yo‘nalishlarida harbiy faollikni kamaytirish haqidagi. Shoygu operatsiyaning birinchi bosqichi nihoyasiga yetayotgani va endi e’tiborni Donbassni ozod etish vazifasiga qaratish mumkinligini aytdi.

Ehtimol, bularning bari Rossiya pozitsiyasidagi yangi darajadagi moslashuvchanlikdan darak. Bu esa ehtiyotkorona, takrorlayman, ehtiyotkorona optimizm uyg‘otadi.

 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top